Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-maydan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

1-maydan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Joriy yilning 1-may kunidan e’tiboran qonunchilikda qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan boshlab amaliyotga tatbiq etilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot beriladi.

Qonunchilikka ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi. 

«Hamkor tadbirkor» dasturi

Quyidagilarni nazarda tutuvchi «Hamkor tadbirkor» dasturi yo‘lga qo‘yiladi: 

o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;

kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga ko‘maklashish.

Ayrim shaxslarga garovsiz kredit beriladi

O‘z faoliyatini YTT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga quyidagi miqdorlarda garovsiz kreditlar beriladi: 

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida – 50 million so‘mgacha,

Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida – 150 million so‘mgacha .

Mahalla raislari mediatorlikka o‘qitiladi

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida fuqarolar yig‘ini raislari oilaviy mediatsiya ishlari bo‘yicha professional mediatorlikka bepul o‘qitiladi. Bunda:

  • 2025-yil davomida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan holda har bir tumanda (shaharda) 5 nafardan fuqarolar yig‘ini raislari o‘qitiladi;
  • kelgusida barcha fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bosqichma-bosqich o‘qitib boriladi;
  • professional mediatorlikka o‘qitilgan fuqarolar yig‘ini raislari otaning (onaning) voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mediatorlik faoliyatini bepul amalga oshiradi. 

Fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi

Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» va «O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi» davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi. 

O‘rta yoki yirik biznes toifasidagilarga yengillik

O‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1 yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. 

«Ustoz» tadbirkorlarga grant beriladi

«HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarga «yashil loyihalar» va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar «ustoz» tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Qamoqdan chiqqanlarga bir martalik to‘lov «Inson» markazidan beriladi

Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi 1 martalik nafaqa puli uni tayinlashning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.

Kreativ park rezidentlariga soliq imtiyozlari beriladi

2031-yil 1-yanvargacha kreativ park rezidentlariga quyidagi soliq imtiyozlari joriy etiladi:

  • ijtimoiy soliqni hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 50 foiz kamaytirilgan stavkada to‘laydi;
  • tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizasiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qat’i nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bunda ular o‘z istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tishlari mumkin. 

«Toza qo‘llar» dasturi amalga oshiriladi

Barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida quyidagilarni nazarda tutuvchi «Toza qo‘llar» dasturi amalga oshiriladi va aholi orasida keng targ‘ib qilinadi: 

  • qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash;
  • sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilash, yangi qurilayotgan muassasalarda ularni binoning ichki qismida joylashtirish;
  • yil davomida birinchi navbatda qo‘l yuvish va antiseptik vositalarni xarid qilishni nazarda tutish.

Ayrimlarga elektr va  gaz to‘lovlari bir qismi kompensatsiya qilib beriladi

2027-yil 1-aprelgacha «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:

  • elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
  • tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi. 
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring