Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?

1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?

2024 yil 1 dekabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

Turistik yarmarka o‘tkaziladi

Har yili dekabr oyida tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida B2B ("biznes biznes uchun") mexanizmlari asosida milliy turistik yarmarka tashkil etiladi.

Mehnat migrantlari uchun kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi

Migratsiya agentligi ta’lim tashkilotlariga xorijda ishlashni istagan fuqarolarni kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtiradi.

Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi

«Mahalla yettiligi» tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi.

Ko‘chalar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtiriladi

Ko‘chalar (ro‘yxat bo‘yicha) shaharsozlik normalari va qoidalari talablaridan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishiga moslashtiriladi.

Avtoraqamlar uchun to‘lov qilish osonlashtiriladi

Endilikda avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga raqamlar berish bo‘yicha murojaat qilish va to‘lovni amalga oshirish YHXX mobil ilovasi, rasmiy veb-sayti, Call-markazi yoki YaIDXP orqali amalga oshirilishi mumkin.

Himoya orderini berish holatlari kengaytirilmoqda

Bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

Majburiy ijro byurosi «Majburiyatlar reyestrini» yuritadi

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi «Majburiyatlar reyestri» instituti joriy etiladi. Bunda:

  • qarzdor mol-mulki yo‘qligi sababli undiruv amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganda, u haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda Reyestrga kiritiladi;
  • qarzdor haqida ma’lumot Reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi;
  • Reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.

Poytaxtda daraxtlar pasportizatsiyasining uchinchi bosqichi tugaydi

2024 yil 31 dekabrga qadar  ma’lumotlar bazasi asosida «Yashil makon» elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID-raqam beriladi.

To‘qimachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ayrim choralar bekor qilinmoqda

2024 yil 31 dekabrga qadar ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yig‘imning amaldagi miqdori 5 baravarga kamaytirilgan (1 kg uchun $0,01).

Bo‘yalgan mato va bo‘yalgan gazlamani realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarni ichki bozorda sotish ulushi kamida 50%ni tashkil qilgan korxonalarga ijtimoiy soliqni 1% miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash hamda 3 yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi berilgan.

Ayrim reklama joyi pasportlarining amal qilish muddati tugamoqda

Norma amal qilish muddati ko‘rsatilmagan reklama joyi pasportlariga tegishli.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan bepul shug‘ullanishlari mumkin

2024 yil 15 dekabrdan boshlab sport bilan shug‘ullanishni istagan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatiga ko‘ra, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanma berilishi belgilandi.

Ijtimoiy to‘lovlar – «Ijtimoiy karta» orqali

Yangi tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar, shu jumladan protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalarini xarid qilish «Ijtimoiy karta» axborot tizimidan foydalangan holda ijtimoiy karta orqali amalga oshiriladi.

«Fuqarolik jamiyati haftaligi»

Har yili dekabr oyining birinchi haftasida «Fuqarolik jamiyati haftaligi» o‘tkazib boriladi, uning doirasida «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amalga oshiriladi.

Ayrim bino va inshootlarni foydalanishga topshirish to‘xtatiladi

Hududiy inspeksiyalar ro‘yxatidan o‘tkazmasdan qurilish-montaj ishlari bajarilgan  bino va inshootlar bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va foydalanishga ruxsat berish ishlari 2024 yil 31 dekabrdan to‘xtatiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring