Stipendiyani bekor qilib kontrakt narxlarini arzonlashtirish kerakmi?
Voqealar rivoji
Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt narxlari oshirilgani ma’lum bo‘lgach, kontrakt summasini ozaytirish evaziga stipendiyadan voz kechish mavzusi atrofida juda ko‘p va xo‘b muhokamalar bo‘ldi, hozir ham davom etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun kontrakt to‘lovi miqdorini pasaytirish bo‘yicha takliflar bilan chiqish qildi. Bunda deputatlar O‘zbekistonda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt joriy etishni taklif qilishdi, ya’ni baland ball bilan kirganlar kamroq, past ball bilan kirganlar ko‘proq kontrakt to‘laydi.
Shundan so‘ng, Oliy ta’lim vazirligi kontrakt narxlari oshganiga izoh berdi. Vazirlikning aytishicha, hozirda O‘zbekistonda bir talabani o‘qitishning o‘rtacha xarajati 10,5 million so‘m, shundan 45—80 foiz (5,6 million — 7,5 million so‘m)i talabaning o‘ziga stipendiya sifatida qaytarib beriladi.
Mazkur bayonot berilgandan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘pchilik stipendiyani bekor qilib, kontrakt narxini pasaytirishni so‘rab fikrlar qoldira boshladi. Xususan, «Troll.uz» loyihasi muallifi Umid Gafurov ham xuddi shu taklif bilan chiqdi va o‘z fikrini yetarlicha asoslashga ham harakat qildi.
Keyin voqealar rivoji yanada qiziqarli tus oldi. Vazirlik yana bir bor ushbu chaqiriqlarga javob qaytardi. Bu safar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov «Gazeta.uz» nashriga bergan intervyusida stipendiya aslida talabaning ijtimoiy muhofazasi ekanligi, talabalarning 70 foizi stipendiyalarning bekor qilinishiga qarshi chiqishi, ushbu masala bo‘yicha yakdil bir qaror qabul qilish qiyinligi haqida fikr bildirdi.
Biroq vazir ushbu raqamlarni aynan qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan. Ya’ni 70% raqami qayerdan keldi, biror tadqiqot yoki so‘rovnoma o‘tkazilganmi? O‘tkazilgan bo‘lsa, qachon va unda qancha talaba qatnashgan? Ular faqat kontraktda o‘qiydigan talabalarmidi yoxud davlat grantida o‘qiydiganlar ham ovoz berganmi, ular 100% qarshi chiqishi aniq. Hozircha bu savollarga javob yo‘q.
So‘rovnoma o‘tkazildi
Voqealar rivojini kuzata turib, menda shu mavzu bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazish fikri paydo bo‘ldi hamda Telegram kanalim orqali quyidagi so‘rovnomani o‘tkazdim.
So‘rovnomada jami 13 ming 288 nafar kishi ovoz berdi. Shundan 9401 nafari, ya’ni 70,7% ishtirokchi stipendiyalarni bekor qilib, kontrakt narxini arzonlashtirishga rozi ekanligini bayon qilgan.
2524 nafar, ya’ni 19% ovoz beruvchilar bu fikrga qarshi ekanligini ma’lum qildi. Xulosa qilishga shoshmaslik kerak, deganlar 1363 nafar, ya’ni 10,3% ni tashkil etdi.
Natijalar nima uchundir vazir aytgan raqamning g‘irt teskarisini tasdiqlamoqda.
Demak, ko‘pchilik stipendiyani bekor qilish evaziga kontrakt narxlarini keskin tushirish tarafdori. Bu fakt!
Mening fikrim
Shaxsan o‘zim bu mavzu doirasida xulosa qilishga shoshmaslik tarafdoriman. Ya’ni stipendiyalarni butunlay bekor qilish masalasini shoshmashosharlik bilan amalga oshirilishiga qarshiman. Barchasi jiddiy ilmiy va ijtimoiy izlanishlarni talab etadi. Shunchaki tavakkaliga «70% qarshi» yoki «70% ma’qullayapti» deyish bilan ish bitmaydi. Ta’limdagi kordinal o‘zgarishlar tor doiraning xohish-irodasi yoxud ijtimoiy tarmoqda faol bo‘lgan ozchilikning shov-shuvi bilan amalga oshmasligi kerak, degan fikrdaman.
Eng yaxshisi buni ixtiyoriy tanlov sifatida qoldirish kerak, majburiy emas. Bu haqda quyida batafsil.
Ammo, lekin, biroq...
Hozirgi holatni ham shundayligicha qoldirib bo‘lmaydi. Hali sentyabr oyi boshlansin, kontrakt to‘lay olmayotgan talabalar oilasida shunaqangi ko‘plab muammolar paydo bo‘ladiki, asti qo‘yaverasiz. Kim o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urgan, kim banklar eshigida mo‘ltiragan, kim oyog‘i kuygan tovuqday qarz so‘rab u eshikdan, bu eshikka yugurgan, kim uyidagi eng oxirgi bisotini, tilla taqinchoqlarini yoki yagona sog‘in sigirini chiqarib sotgan, kim farzandim o‘ksimasin deb Rossiyaga yo‘l olgan, kim chiqmagan jondan umid, deya Prezident portaliga o‘nlab arizalar yuborgan... Ehhe, gapirsa gap ko‘p. Xo‘sh, bularning oldini olish uchun bizda qanday yechimlar bor? Hech qanday!
Olish deyarli imkonsiz bo‘lgan ta’lim kreditlari va sanoqli talabalarga nasib etadigan Yoshlar ittifoqining ko‘magini aytmay qo‘ya qoling. Bu urvoq ham bo‘lmaydi.
Takliflar
Shularni hisobga olib, ayrim takliflarni ilgari surmoqchiman:
1-taklif: majburiy emas, ixtiyoriy tanlov.
Stipendiya olmaslik hisobiga kontrakt narxini kamaytirishni ixtiyoriy tanlov sifatida joriy qilish kerak. Ya’ni ko‘pchilik taklif qilganday stipendiyani hamma uchun butunlay bekor qilmasdan, talabalar va ularning ota-onalariga tanlov imkoniyatini qoldirish lozim. Masalan, men kontraktni bemalol to‘lay olaman, shu sababli stipendiyani bekor qilishga ehtiyojim yo‘q. Lekin qo‘shnim kontrakt to‘lovi uchun birdaniga bir necha million topa olmayapti, ular uchun stipendiyadan voz kechish ancha foydali.
Agar vazir aytganiday, 70% talabalar stipendiyani bekor qilishga qarshi bo‘lsa, demak ularning katta qismi bu taklifni qabul qilishmaydi. Faqat ozchilik talabalargina ushbu imkoniyatdan foydalanishga harakat qiladi, buning nimasi yomon? Ularga nima uchun imkoniyat bermasligimiz kerak? Va o‘zi shu imkoniyatni joriy qilishimiz hamono, asl vaziyatni bilib olamiz, amalda qancha inson qarshi, qanchasi rozi ekanligini.
Keling, bunday tizimda talabalar qancha miqdorda kontrakt to‘lashini hisoblab ko‘ramiz.
Hozir eng arzon kontrakt bakalavr uchun 8 mln. 293 ming 500 so‘m, eng qimmat kontrakt esa 11 mln 58 ming so‘m.
Stipendiyalar esa quyidagicha: «5»lik – 621 ming 746 so‘m, «4»lik – 466 ming 309 so‘m, «3»lik – 310 ming 872 so‘m.
Agar talaba stipendiya olishdan voz kechib, faqat qoldiqni to‘lash variantini tanlasa, unda 1 yillik kontrakt summasi stipendiya miqdoriga qarab, 832 ming so‘mdan 7 mln 327 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Ota-onalar uchun qay darajada moliyaviy yengillik bo‘layotganini ko‘ryapsizmi? Kimga ushbu variant ma’qul kelsa, ularga bundan foydalanish imkoniyatini berish bugungi davr talabi ekanligini tan olishimiz kerak. Ayniqsa, bundan davlat budjeti yoki OTMlar moliyaviy zarar ko‘rmasligini hisobga olsak, o‘ylab ko‘rishga arziydi.
2-taklif: bo‘lib to‘lashni joriy qilish
Juda ko‘p hollarda talabalarning kontrakt pullarini ota-onalar o‘z oylik ish haqlaridan o‘tkazishlarini yaxshi bilamiz. Bunda davlat tomonidan soliq imtiyozi ham berilgan. Ya’ni 26 yoshga to‘lmagan farzandining kontrakti uchun ish haqidan pul to‘langanda o‘sha o‘tkazilgan qismi uchun daromad solig‘i olinmaydi.
Ammo bizdagi kontrakt to‘lash tartibi shundayki, semestrning boshida jami summaning kamida yarmini birdaniga to‘lashingiz shart. Bu ish haqidan to‘laydigan ota-onalar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Sababi hamma korxona va tashkilotlar ham xodimlariga avans tariqasida oyligini oldindan berishga rozi bo‘lmaydi. Oyiga o‘rtacha 1 mln so‘m ish haqi oladigan xodim farzandining 9 mln so‘mlik kontraktini birdaniga to‘lay olmasligi, lekin har oyda bo‘lib-bo‘lib ish haqidan bemalol o‘tkazishi mumkin.
Shu sababli farzandining yoki o‘zining kontraktiga aynan ish haqidan o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish kerak. Bunda OTM, tashkilot va xodim o‘rtasida 3 tomonlama shartnoma tuzish kifoya.
Bunda hamma talabalar uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni berilsin demoqchi emasman, bu keyinchalik ko‘p muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, OTMlarning moliyaviy ahvoliga putur yetkazishi ham hech gap emas. Lekin oldindan kafolatlangan to‘lov sifatida ish haqlari uchun imtiyoz berilsa, yomon bo‘lmasdi.
3-taklif: ta’lim krediti uchun resurslarni kengaytirish
Ta’lim krediti amalda barcha uchun ochiq va shaffof bo‘lganda edi, «Prezident portaliga murojaatdan so‘ng, banklardan ta’lim krediti olishda amaliy yordam berildi» degan mazmundagi xabarlar OAVda bot-bot chiqmagan bo‘lar edi. Bu qanchalar qiyin jarayon ekanligini, bankga ta’lim krediti so‘rab borgan odam yaxshi biladi.
Ammo muammo faqat banklardami? Telegramdagi «Bank va mijoz» kanalida ayni shu mavzu yuzasidan quyidagi mulohazalar bildirib o‘tilgan:
«Tijorat banklari tomonidan beriladigan ta’lim kreditlari bo‘yicha:
- chin yetimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);
- talabalarning qolgan toifalariga — Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkalari belgilanadi.
Ta’lim kreditlari, OTMlarda o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Biroq, bugungi kunda ushbu kreditlar banklarning o‘z resurslari hisobidan berilayotganligi hamda banklarda arzon va uzoq muddatli resurslarning mavjud emasligi oqibatida, talabalar ushbu kreditlarni yuqori foizlarda, qisqa muddatlarga olishga majbur bo‘lishmoqda.
Agar talabalarning ta’lim olishlari uchun ham tijorat banklariga arzon resurslar ajratilsa, boshqa davlat dasturlariga ajratilganidek, bir qancha muammolarga yechim ham topilar edi».
Men ham ushbu fikrlarni qo‘llab-quvvatlayman. Ta’lim kreditlari uchun imkoniyat doirasida davlat tomonidan yaxshigina resurslar ajratilishi kerak, axir gap aholining ta’lim olishiga sharoit yaratish haqida ketmoqdaku.
Bundan tashqari joriy yilda sirtqi va kechki ta’lim ham yo‘lga qo‘yildi va abituriyentlarning katta qismi aynan ushbu ta’lim shakllariga hujjat topshirdi. Vaholanki, sirtqi va kechki ta’lim faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, demak ular uchun ham ta’lim krediti joriy qilish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak. Chunki hozirgi qonunchilik bo‘yicha ta’lim krediti faqat OTMlarning kunduzgi bo‘limlariga qabul qilingan talabalarga beriladi xolos.
Aslida kontrakt yanada qimmat bo‘lishi kerak
Maqolam so‘nggida ko‘pchilikka yoqmasa ham, xolislik nuqtai nazaridan bir gapni aytib ketmasam bo‘lmaydi. Aslida sifatli oliy ta’lim uchun hozirgi kontrakt narxlari bir muncha arzon. Yanada qimmatroq bo‘lishi kerak aslida. Tushuntirishga harakat qilaman.
Bizda o‘rtacha kontrakt puli 9 mln 436 ming so‘m. Shu summani 12 oyga emas, ana boring 9 oylik sof ta’lim davriga bo‘lgan taqdirimizda ham har oyga 1 mln 48 ming so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. Agar biz bundan o‘rtacha stipendiya miqdorini (436 ming) ayirib tashlasak, oyiga 612 ming so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. Bu sifatli oliy ta’lim olish uchun bugungi kunda normal to‘lov emas. Agar konkret stipendiyalar miqdori bo‘yicha olsak, bir oyda 92 ming so‘mdan 814 ming so‘mgacha kontrakt to‘lashayotganining guvohi bo‘lamiz.
Solishtirib ko‘rish uchun yana bitta raqam aytaman. Masalan, yurtimizdagi yetakchi o‘quv markazlari 3 ta fandan tayyorlash uchun taxminan 10 mln so‘m atrofida haq olishadi. O‘qish muddati – 10 oy. Demak, har oyga 3 ta fandan o‘qish uchun 1 mln so‘mdan to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Nima uchun abituriyentlarni o‘qitadigan o‘quv markazlarida oylik to‘lov 1 mln so‘m bo‘ladiyu, lekin oliy ta’lim va diplom beradigan universitetlarda eng maksimum qimmat kontrakt summasi ham buncha bo‘lmasligi kerak? Bu qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?
Bu to‘lovlar hattoki bitta talaba uchun sarflanadigan xarajatlarni ham qoplamaydi. Bunday sharoitda OTM moddiy texnik bazasining mustahkamlanishi, o‘qituvchilarning oyligini yetarli darajada oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish haqida qanday qilib o‘ylash mumkin? Yana o‘sha budjetga qaramlik orqasidanmi? Qachongacha OTMlar budjetga qaram bo‘lib yashaydi? Ular o‘zini-o‘zi qoplashi, ta’lim berish orqali o‘zi foyda qilishi, o‘z mablag‘larini o‘zi erkin ishlata olishi kerak. Shunda talabga yarasha taklif vujudga keladi, ta’lim sifati ham o‘z-o‘zidan oshib boraveradi.
Shunga ko‘ra, xulosa qilish mumkinki, kontrakt summasi aslida yanada balandroq bo‘lishi kerak. Lekin buning uchun o‘z navbatida xalqning o‘rtacha daromadi ham yuqori bo‘lishi talab etiladi. Xullas, buyog‘i dilemma, oxiri yo‘q bahs...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter