O‘zbek tilini behurmat qilayotganlar
O‘tgan oy rus tiliga rasmiy maqom berish haqidagi taklifni ko‘rib, ko‘pchilik jazavaga tushdi, aksariyat o‘zbeklarning dili og‘ridi, rost. Ammo bu taklif bugungi ahvolimizga tutilgan ko‘zgu edi, aslida.
Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bejizga yalpi majlisda «Tilimiz abgor holatga tushib qolganiga o‘zimiz aybdormiz» demagandi.
«O‘zimiz», deganda eng avvalo davlat tashkilotlarini tushunishimiz kerak. Chunki aynan ular davlat tilini ko‘p o‘rinlarda pisand qilmasdan, behurmatlik qilishadi.
Birgina misol, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilayotgan qonun hujjatlari loyihalarining aksariyati rus tilida bo‘ladi. To‘g‘ri, vaziyat so‘nggi paytlarda biroz yaxshilandi, o‘zbek tilidagi matnlar ko‘paydi.
Ayrim hollarda esa ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilib chiqqandan keyingina, o‘zbekcha variantini joylashtirishmoqda. Masalan, Soliq kodeksi bunga misol. Yoki kuni-kecha «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri rus tilida muhokamaga qo‘yilgani tanqid qilingandi, tezgina uning o‘zbekcha varianti ham paydo bo‘ldi. Ammo haligacha holat qoniqarli ahvolda emas. Keling, aniq misollarga o‘tamiz.
Oxirgi 1 oy ichida 6 ta Qonun loyihasi faqat rus tilida muhokamaga qo‘yilgan. Ushbu tashkilotlar qonun loyihasining o‘zbek tilidagi variantini taqdim etmaganini davlat tiliga nisbatan hurmatsizlik deb baholash mumkinmi? O‘zbekistonda davlat tili rus tili emasku, har holda.
Faqat rus tilida e’lon qilingan qonun loyihalari ro‘yxati bilan tanishing:
Muhokamasi davom etayotgan hujjatlar:
Loyiha nomi: O mitingax, sobraniyax i demonstratsiyax grajdan
Muallif: Ichki ishlar vazirligi
Havola
Loyiha nomi: O vnesenii izmeneniy i dopolneniy v nekotorie zakonodatelnie akti Respubliki Uzbekistan
Muallif: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Havola
Loyiha nomi: O vnesenii izmeneniy i dopolneniy v nekotorie zakonodatelnie akti Respubliki Uzbekistan
Muallif: Savdo-sanoat palatasi
Havola
Muhokamasi yakunlangan loyihalar:
Loyiha nomi: O zanyatosti naseleniya (novaya redaksiya)
Muallif: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Havola
Loyiha nomi: O grajdanstve Respubliki Uzbekistan (novaya redaksiya)
Muallif: Ichki ishlar vazirligi
Havola
Loyiha nomi: O garantiyax zakonnosti predprinimatelskoy deyatelnosti
Muallif: Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
Havola
Bu faqat qonun loyihalari xolos. Prezident hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari haqida-ku gapirmay qo‘ya qolay. Ularda ahvol bundan ham yomonroq. Masalan, bugungi kunda muhokamasi davom etayotgan 15 ta Prezident qarori loyihasining 8 tasi rus tilida joylashtirilgan.
Yuqorida nomlari zikr etilgan tashkilotlariga savol: Siz uchun o‘zbek tilining hurmati bormi, yo‘qmi? «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunni tan olasizlarmi?
O‘zbek tilining rivoji haqida soatlab nutq so‘zlash, ijtimoiy tarmoqlarda betinim muhokama qilish bilan bir qatorda amaliy ishlarga o‘tish payti keldi, menimcha.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter