Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

«Qo‘rqinchli Buxoro»: avval haydovchi «ichkari»ga olib kirildi, keyin sud raisi, so‘ng...

«Qo‘rqinchli Buxoro»: avval haydovchi «ichkari»ga olib kirildi, keyin sud raisi, so‘ng...

1

Poytaxtga ko‘chishi ehtimoli ortganidan Alisher Samadov shunga yarasha tadorikni boshlab yuborgandi. Kasbi shunaqa: qayerga yuborilsa, ko‘ch-ko‘ronini ortib, yo‘lga tushishdan boshqa chora yo‘q...

Buxoroda qolishga ham qarshi emasdi. Biroq endigina o‘ttiz ikkiga kirdi, istiqboli oldinda. Navqiron yoshida boshkentning katta qozonida qaynash imkoniyati doim ham paydo bo‘lavermaydi.

Qorako‘lda chakki ishlamadi. Yigirma yetti yoshida jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) mazkur tuman sudi raisi lavozimiga tayinlanishi uning o‘zi uchun ham, mutasaddilar uchun ham katta tavakkalchilik edi, aslida. (U paytlar – 2008-yil – bunday lavozimga tayinlanish uchun hozirgidek o‘ttiz beshga to‘lish shart emasdi.) Besh yil (sudyalikning bir muddati) yomon ishlamagani rost, yo‘qsa, uni tumandan viloyat emas, to‘ppa-to‘g‘ri poytaxtga chaqirish masalasi ko‘tarilarmidi?!

Biroq hammasi bir kunda ostin-ustun bo‘lib ketdi!

Alisher Samadov, vakolat muddati tugaganidan ikki kun o‘tib (2013-yil 11-aprel), poytaxtga emas, qamoqqa ravona qilindi!..

2

Alisherni hibsga olish uchun uning vakolat muddati yakuniga yetishi intizorlik bilan kutilganday. Ishlab turgan paytida qo‘liga kishan solish uchun naq jinoyat ustida, ashyoviy dalillar bilan ushlash kerak. Naqd dalilning o‘zi yo‘q (aks holda, bunday imkoniyat qo‘ldan chiqarilarmidi?!) Kim-kim, tuman sudi raisini quruq gap bilan qo‘lga olib bo‘lmaydi. Chunki, sudyaga nisbatan faqat Bosh prokuror jinoyat ishi qo‘zg‘atishi mumkin. Ikkinchidan, qamoqqa olish masalasida Oliy sud Plenumi roziligi talab etiladi. Bunday lavozimga tayinlash-ozod qilish (o‘sha paytda) Prezident farmoyishi bilan amalga oshiriladi, axir?!

Modomiki, naqd dalilning o‘zi yo‘q ekan, eng ma’quli – Alisher Samadovning vakolat muddati tugashini kutish. Shunda ish ancha osonroq ko‘chadi, zero, sud raisining vakolatiga qo‘shib, uning umumiy daxlsizlik huquqi ham tugaydi, «el qatori»ga tushgan odamni esa «istalgan maqom»ga solish mumkin.

Yangi tayinlovga qadar ulgurilsa bas!

3

Darhaqiqat, mo‘ljal to‘g‘ri olingandi.

Alisher Samadov tuman sudi raisi sifatida oxirgi oyini o‘tkazayotgan paytda haydovchisi Shokir Haitov (haydovchi 1966-yilda tug‘ilgan) «yo‘qolib» qolsami?! Yo‘q, «yo‘qolib qoldi» desak, biroz bo‘rtib ketar ekan. Voqelik quyidagicha kechadi: avvaliga tuman MXXdan (endilikda sobiq) Alisherga qo‘ng‘iroq qilishib, haydovchisini yo‘qlashdi: «shu yerlik inson, ko‘plarni taniydi, bir-ikkita odam haqida so‘ramoqchi edik»... Bunga javoban Alisherning shaxsan o‘zi haydovchisini so‘ralgan joyga jo‘natadi. Shundan so‘ng undan darak bo‘lavermagach (oradan ikki-uch kun o‘tadi-da), surishtirsaki, 7 sutkaga «kesilibdi» – bir ayolga tegajog‘liq qilgan emish...

Bundan Alisher Samadov xiyol hushyor tortgan bo‘lsa, ehtimol. Nega desangiz, shunday yaramas amaliyot bor: og‘irroq jinoyat aybdori qidirilayotganda yoki kimlargadir «kerakli ko‘rsatma» olish ehtiyoji paydo bo‘lsa, gumondor avvaliga «qo‘lbola» ayblov bilan 10-15 sutkaga tiqiladi. So‘ng bu vaqt mobaynida gumondor chunonam ezg‘ilanadiki, sho‘rlik qilgan jinoyatiga qo‘shib qilmaganiyam bo‘yniga olvorishi hech gap emas... Bunaqa usul bilan necha aybsizlar qamalib ketganini bugun kim bilmaydi deysiz?!

Alisher Samadov ayni «tajriba» haydovchisiga nisbatan qo‘llanishi mumkinligini e’tibordan soqit qilmagani rost. Axir, bir-ikkita odam haqida «ma’lumot so‘rash» keragidan ko‘proq cho‘zilib ketdi-da. Biroq «sinalgan usul» bilan haydovchisidan o‘ziga qarshi (va ular xohlaganday) «ko‘rsatmalar olinib», hademay panjara ortiga tushishini tush ko‘ribdimi?!

4

Sudda ishlagan shaxsni qaysi jinoyatda oson ayblash mumkin? Albatta poraxo‘rlikda! Chunki bundan ajablanadigan kam. Sudlarda «oldi-berdi»siz ish bitmasligi ongu tafakkurga shu qadar singib ketganki, bunday tasavvurlar hali-beri parchalanishi dargumon. Biroq, insof yuzasidan aytish lozimki, tizimda xolis va fidoyilar oz emas... Unutmaylik, sudlar mustaqilligini amalda ta’minlash bo‘yicha real ishlar boshlanganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q hali. Uzoq o‘tmishni qo‘ying, bor-yo‘g‘i besh-olti yil burun vaziyat tamoman boshqacha – sud qog‘ozda mustaqil, jilov o‘zga qo‘llarda emasmidi?! O‘shanda «hatto stolbalar ham qamalgani» yuksak minbardan turib aytildi. Simyog‘ochlarga jazo kimlarning qo‘li bilan berilgan?..

Ochiqchasiga o‘tsak, aybsiz insonga hukm o‘qishga majbur bo‘lib, so‘ng xonasida ho‘ng-ho‘ng yig‘lagan sudyalarni ko‘rdik, vijdon azobiga aroqdan malham qidirib, har kuni «no‘sh aylamasa» turolmaydigan darajaga yetganlarini ham. O‘zicha sarkashlik qilib, «yo‘riqqa yurmaganlar» orasida ishdan ketgani ham, fitna bilan qo‘li kishanband etilgani ham bor! Yaqinda o‘tgan bir anjumanda Oliy sud raisi gapning po‘stkallasini aytdi-qo‘ydi-ku: ilgari oqlov hukm chiqargan sudyaning o‘zi ham ko‘pga bormasdi, deb!

Biroq, yesin-yemasin, bo‘rining og‘zi mudom qon ekan-da, birodarlar!

Alisher Samadov o‘zi to‘q, ko‘zi to‘q, ammo ko‘plar nazdida baribir og‘zi qon bo‘rilardan (ta’bir joiz bo‘lsa, albatta) bittasi edi. Qolaversa, istiqboldan umidi mo‘l yosh mutaxassis nafsiga qul bo‘lavermasigi, shu boiski o‘sha davr qoliplariga sig‘maganini birov bilar, birov bilmas...

5

Qisqasi, A.Samadovga 210-moddani (pora olish) yopishtirish qiyin bo‘lmadi: emishki, u yetti holatda sudlanuvchilarga yengil jazo tayinlash evaziga jami to‘qqiz yarim ming AQSh dollari miqdorida pora olibdi! Yetti holat – yetti «delo» degani. Ularni birma-bir sanab o‘tish shartmas, bunga ehtiyoj ham yo‘q. Buning o‘rniga o‘sha «delo»lar bo‘yicha chiqarilgan hukmlar yuqori instansiyalarda noqonuniy deb topilib, bekor qilinmagani, ularning birortasi bo‘yicha prokuror protest bermaganini ta’kid etmoq kifoya. Endi oddiy mantiq: qonun doirasida hukm chiqargan sudyani ayni shu «delo»lardan «soqqa qilganlik»da ayblash, ayting, tasavvurga sig‘adimi?! Shuning o‘zi ayblovlar tuflab yopishtirilib, puflab shishirilganini anglatmayaptimi?! Dalil haqida-ku gap bo‘lishi mumkinmas: barcha «asos»lar haydovchidan urib-ezib olingan og‘zaki ko‘rsatmalar, xolos.

Alisher Samadov pora olishdagina ayblanmadi. Unga mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda), mansab soxtakorligi (209-modda) va firibgarlik (168-modda) ayblovi ham tirkaldi. Pora olish – yetarlicha og‘ir jinoyat hisoblanadi. Shunday og‘ir jinoyatki, tuflab-puflab yopishtirilganidan keyin qolganini qo‘yavering...

 6

Jinoyat qonunchiligidan ozroq xabari borlar biladi: «205» va «209»ni xohlagan paytda va istalgan mansabdorga ilish mumkin, shu bois ayni moddalarning «dejurnaya statya» degan norasmiy nomi ham bor. Agar amaldor «168» bilan ayblanadigan bo‘lsa, ayni modda (firibgarlik) xuddi «ohanrabo» yanglig‘ «205» bilan «209»niyam o‘ziga tortib oladi. Zero, amaldor firibgarlik (168-modda) jinoyatini sodir etar ekan, bu bilan mansab vakolatiniyam suiiste’mol (205-modda) qiladi-da. Ayni jarayonda soxtakorlikka, ya’nikim, mansab soxtakorligiga (209-modda) yo‘l qo‘yilishi ham tabiiy. Qarabsizki, Jinoyat kodeksidan «guldasta» tayyor!

Alqissa, «168»ning shunday «tortish kuchi»ga ega bo‘lgani uchunmi Alisher Samadovni ayni shu modda (firibgarlik) bilan astoydil ayblashga harakat qilingan ko‘rinadi.

Qanday qilib deng?

 7

Ma’muriy sudlar tashkil etilgunga qadar (2017-yil, iyun) ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ham JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) sudlarda ko‘rib chiqilardi. Alisher Samadov ko‘rgan jinoyat ishlarini elakdan o‘tkazib, ulardan yettitasini tanlab va shu «delo»lar bo‘yicha undan «poraxo‘r» yasalgach, endi uning qo‘lidan o‘tgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarning ham tit-piti chiqarildi. Tuman sudida (2012-yillar nazarda tutilayotir) bir oyda o‘rta hisobda (jinoyat ishlaridan tashqari) 100-120 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqiladi. Bu yiliga mingdan ortiq «delo» deganidir. Shu-uncha ishlar birma-bir o‘rganib, chertib-chertib o‘ntasi tanlab olindi deng. Qaraldiki, ular ham «ketmonga sop bo‘lmas» ekan. Ya’nikim, o‘nta qaror ham kuchda bo‘lib, ularning qonuniyliga prokuratura ham «shak» keltirmagandi-da.

Xullas, sud qarorlari qonuniy ekani bahsga o‘rin qoldirmagach, masalaga «o‘zgacha yondashish»ga majbur bo‘lindi. Ayni yondashuvning «tergov tili»dagi (sal-pal tahrirlangan) bayoniga qarang: «...A. Samadov sud raisi vazifasidan ishlab kelib, mas’ul mansabdor hisoblanib, (o‘zi rais bo‘lgan) tuman sudi devonxona mudirasi hamda shu sud binosida joylashgan «Xalq banki»ning tuman filiali mini-banki kassa nazoratchisi bilan jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib, ma’muriy jarimaga tortilgan o‘n nafar fuqaro to‘lagan (jarima) pullarning bir qismini soxta kvitansiyalar orqali firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan...».

Qanday, zo‘-o‘rmi? Ayblov ohangi qancha vahimali bo‘lmasin, asosi mo‘rtligini bir deganda ilg‘ash qiyinmas. Ya’nikim, «firibgarlik bilan qo‘lga kiritilgan» pullarning umumiy miqdor olti million so‘mdan oshadi. Bu ham yillar davomida «yig‘ilib kelgan» miqdor. Agar bunga ishoniladigan bo‘lsa, kim-kim – tuman sudi raisi mini-bank kassiri va devonxona mudiri bilan aymoqi bo‘lib, jarimalardan «choy-chaqa» ishlab (shundayam ko‘pi bilan ikki oyda bir marta!) yurgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Kulgili. Rost-da, «soqqaga ishqivoz» sudya o‘zini qiynab, aybdorni qonuniy jarimaga jazosiga tortib, so‘ng (tayinlangan jarima puliga) chang solguncha huquqbuzardan «lo‘ndasini olib», bu yog‘ini «to‘g‘rilab» qo‘ymasdimi?! Ikkinchidan, sud raisi ma’muriydek «mayda» ishlargina emas, oyiga o‘nlab jinoyat ishlarini ham ko‘radi. Har oy desak, lof bo‘lar, ikki oyda kamida bir marta ko‘rayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha turli iltimosu takliflarga xayrixohlik bilmaydigan sudyaning kuni jarimadan «yulish»ga qolganiga ishonish mumkinmi?!

8

Mubolag‘a-yov, desangiz ham bir gapni aytish kerak: 2013 yili JIB Qorako‘l tumani sudi xodimlari (kotib va farroshni aytmasa) rostmana qatag‘onga uchradi. Avval haydovchi «olib kirildi», uni noinsoniy usullar bilan «sayratib», raisning qo‘liga kishan urildi, so‘ng navbat devonxona mudiriga keldi... (Qorako‘lga o‘xshash tumanlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarida bitta rais (ayni vaqtda sudya), bitta kotib, bitta devonxona mudiri, bitta haydovchi va bitta qorovul ishlaydi, xolos). Kassa nazoratchisi sud xodimlari tarkibiga kirmaydi, u bank xodimasi. U ham jinoyat ishiga tortilganki, toki odam soni ko‘payib, «jinoiy guruh» binoyidek bo‘lsin! Ularga qo‘yilgan ayblovni ko‘rib turibsiz... Bu bir idora qatag‘oni bo‘lmay nima?

Haydovchi Sh.Haitovga qo‘llangan usullar-chi?! Rahbariga nisbatan «ko‘rsatma olish» uchun shunaqa azoblarga solindiki, sho‘rlikka «Malika Dianani sen o‘ldirgansan-a?» deyilsa, «Ha, men!» deyishiga shubha qilmang. Tag‘inam joni temirdan ekan. Uni ichkariga opkirvolib, armonsiz qiynab, murodiga yetgan sobiq MXX xodimi Umid Bobomurodov mahalliy bir tadbirkorning «aybini isbotlash»ga qattiq bel bog‘laydi. Biroq tadbirkor uning qiynoqlariga dosh berolmaydi – hibsxonadan o‘ligi chiqadi! Shundan keyingina u qotillikda ayblanib, uzoq muddatga qamalib ketadi...

Bu voqea ancha keyinroq sodir bo‘ladi, ungacha Alisher Samadov boshliq «jinoiy guruh»ning ishi suddan silliqqina o‘tib (2013-yil, avgust), kassir hamda devonxona mudirasi (ikkisi ham ayol) jarima jazosiga, haydovchi Sh.Haitov 8 yil, qahramonimiz esa 11 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga mustahiq etilib, hatto «zonaga etap» qilib bo‘lingandi...

9

Oradan o‘tgan yetti yil ichida «Samadovning ishi» sudlarning turli bosqichlarida to‘qqiz marta (!) ko‘rilganiga nima deysiz?! O‘tgan to‘qqizta sudning har birida hukmda yo o‘zgarish bo‘ladi yoki bekor qilinib, yangi tarkibda ko‘rish uchun yuboriladi. Jinoyat ishi Oliy sud Rayosatining o‘zida bir emas, uch marta ko‘rildi! Bu hazilakam gap emas. Rayosat – sudning eng yuqori bosqichi. Bosh prokuror (yoki o‘rinbosari) yoki Oliy sud raisidan (yoki o‘rinbosaridan) protest bo‘lmasa, birorta «delo»ga Rayosatning muborak stolidagi zarralarni «yalash» nasib etmaydi. Oliymaqom qonun peshvolari esa har qanday «delo»ga ham protest kiritavermaydi...

Adoqsiz sud jarayonlarida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmu ajrimlarda ayrim ayblovlarning boshqasiga malakalanishi yoki bitta-yarimta epizod chiqarib tashlanishining bitta foydasi bo‘ldi: A. Samadov 11 yil tugal «o‘tirgani» yo‘q, uch yil deganda ozodlikka chiqdi.

Shundan keyin ham yozaverdi, yozaverdi. Yozganlaridan hadeganda kutilgan natija bo‘lgani yo‘q. Kelgan javoblar arablarning qadim maqolini yodga soladi: «Sahroda bitta bozor – xohlagan bozoringga bor!» Shunga qaramay Alisherning yozishdan to‘xtamagani esa yana bir arab maqolini eslatadiganday: «Sog‘ onamni so‘kkaningda g‘ar onangni tinch qo‘yarmidim?!»

10

...Nihoyat, 2019-yilning may oyiga kelib, turli bosqichlarda qayta-qayta ko‘rilaverganidan abjag‘i chiqib ketganiga qaramay yorug‘lik ko‘rinmagan «ish» Oliy sud Rayosatida uchinchi marta muhokama qilinib, quyi sudlarning kuchida bo‘lgan ajrimu qarorlari navbatdagi bor bekor qilindi. Va jinoyat ishi kassatsiya instansiyada yana bir marta qayta ko‘rish uchun JIB Navoiy viloyat sudiga yuborildi.

Navoiy viloyatida o‘tgan oxirgi sud olti oyga cho‘zilganining endi ko‘pam ahamiyati yo‘q. Muhimi, unda Alisher Samadovga qo‘yilgan barcha ayblovlar asossiz va qonunsiz bo‘lgani uchun olib tashlandi va u batamom oqlandi!

I-ya, qahramoningiz allaqachon oqlanibdi-ku, gapni cho‘zavermay shuni vaqtliroq aytib, yozuvlarga nuqta qo‘ysangiz bo‘lmasmidi, deyishingiz mumkin. Haqsiz, muhtaram o‘quvchi. Sabr bilan ushbuni o‘qiyotganingizga rahmat. Yana ozroq sabr qilasizki, qahramonimiz oqlanib, murodu maqsadga yetdi, deya gapni ertakka o‘xshatib yakunlash niyatimiz yo‘q.

Andak parokanda tuyulgan bitiklarimizda Alisher Samadov qismatini so‘ylash orqali kechagi kunimizga bir ko‘z qirini tashladik, xolos. Holbuki, hassos va yuzsiz shoir «qora tush»ga o‘xshatgan kechagi kunlarga ko‘z qiri bilan emas, yovuqroq qarash kerak. Zero, yaqin o‘tmish azoblarining zahri hali jamiyat tanasidan ketganicha yo‘q. Shundanmi ma’lum qatlamning kelajakka nisbatan ishonchdan ko‘ra umid ko‘proqday. Umidlar tugal ishonchga aylanishi sud-huquq sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarni haqida eshitavermay, tanada his qilish ham kerak.

Nima demoqchimiz?

O‘zimizga qiyosan aytsak, inqilobiy o‘zgarishlar yaxshigina imkoniyat taqdim etayotganiga qarmay hali «ichki senzura»dan tamoman xalos bo‘lganimizcha yo‘q. Sudlarda har yili yuz-yuzlab oqlov hukmlari chiqayotgani – to‘g‘ri, buni mamlakat rahbari jasoratga mengzadi – bor gap. Biroq sudlar ham xuddi o‘zimiz kabi ichki bosimdan to‘la forig‘ bo‘lmaganga o‘xshaydi baribir. Bu muammo Alisher Samadov qismati misolida yana bir bor ko‘zga tashlandi. Vaholanki, yaqin o‘tmishning qurboni bo‘lib, yangi o‘zgarishlardan umidi mo‘l alisherlar oz emas. Sirasini aytsak, sudyalar yanada jasorat ko‘rsatadigan pallalar endi kelmoqda...

«O‘zing-chi, o‘zing?» deyavermang-ye, Xudo ko‘rsatmasin, faoliyatimiz bilan bog‘liq biror kor-hol bo‘lsa, bizning borar joyimiz ham sud idorasi. Demakki, qonun peshvolari bizdanam ildamroq yurishlari shart!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring