Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Bosh prokuraturada bir kun: tizimda ishlash uchun «tanka» kerakmi? (uchinchi qism)

Bosh prokuraturada bir kun: tizimda ishlash uchun «tanka» kerakmi? (uchinchi qism)

Foto: «Xabar.uz»

...Bugun kadrlar bilan bog‘liq muammo qaysi tizimda yo‘q? «Buning sababi nimada?» degan savol ortiqcha. Ayni muammodan prokuratura ham xoli emas. Aksincha, ayni paytda tizimning eng og‘riqli nuqtasi shu. Ozmuncha elakdan o‘tyaptimi bu soha? G‘alvir har ko‘tarilganda bo‘shatishlar «ulgurji»  tus olmoqdaki, ular o‘rnini to‘ldirishning o‘zi bo‘ladimi?!

Kasblarning yomoni yo‘q, prokurorlikni-ku aytmang. Katta bo‘lsa prokuror bo‘lishni, jilla qursa, ko‘nglidan o‘tkazmagan bola kam bo‘lsa kerak. Orzuga ayb yo‘q-da. Zamonlar o‘zgarib, muhit taranglasha boshlagach, ayni orzu zamiridagi jinoyatchilarga «joyini ko‘rsatib» qo‘yishdek beg‘ubor ishtiyoq o‘rnini «yeganim oldimda, yemaganim ortimda bo‘ladi» qabilidagi niyat ishg‘ol etishga tushdi. Ehtimol, bu gap biroz mubolag‘ali tuyular, biroq mantiqqa ko‘pam zid kelmas? Rost, prokurorlik sharafli kasb, ayni martabada hurmat topganlar qancha.

Ammo keyingi o‘n-yigirma yillar nari-berisida bolalardan ko‘ra ko‘proq ota-onalar farzandini «prokuror qilish» ishtiyoqida yona boshlagani bor gap-ku?! Chunki, ko‘ryapti-bilyapti sohaning aksariyat xodimlari qanday yashayotganini: damiga osh pishadi-ya?! Niyat ham shunga yarasha: «forma kiyib olsin, kerak bo‘lsa, ekkan daraxti qishda ham gullaydi!». «Prokurorning otaginasi», «tergovchining onaginasi» bo‘lmoqni xohlaganlar farzandining salohiyatidan ko‘ra yo zari yoki zo‘riga tayangani-chi?! Shu va shu kabi dunyoqarash shakllanishi sabab yuridik institutga «o‘z kuchi» bilan kirishga birov ishonib, birov ishonmaydigan darajaga yetilmadimi?! Bu dargohning kirishning aqlga sig‘mas  «stavkasi»  xususidagi gap-so‘zlarda haqiqat va mantiq uchqunlari yo‘q edi deysizmi?


Mavzu doirasida: Bosh prokuraturada bir kun: Mahkamaning «darchasi»dan emas, «ichkarisi»dan bir nazar (birinchi qism)


Besh barmoq barobar emas, o‘z bilimi quvvati bilan huquqshunos shahodatini olganlar ham  topiladi. Ammo ularning hatto munosiblariga-da prokuratura xodimi bo‘lish saodati nasib etdimi? O‘zingizni qiynamang, «ha!» degan javobga til bormaydi baribir. Negaki, zari va zo‘ri quvvati bilan farzandini diplomli qilgan  vallomatlarga bolasini xuddi shu yo‘l orqali tizimga joylash katta muammo tug‘dirmagani ayon (o‘z kuchi bilan o‘qiganlarni turli tashkilot-u birlashma, advokatura, boring ana — adliya tizimidan topardingiz, bir oz omadi chopganlarini esa ichki ishlar, davlat notarial idoralaridan... mayli, ko‘pam chuqur ketavermaylik).

Shunday bo‘ldi-ku, bo‘p keldi-ku?! Yo‘qsa, davlat rahbari kuyunib aytganidek, «...hatto familiyasini yozolmaydigan»lar qanday prokuror bo‘lib qoldi? «Yurishini qarang ularning! Qurgan uyi, mingan mashinasini qarang?!» deyilganda bu boyliklar biror kashfiyot ixtirosi ortidan kelmagani nazarda tutilmadimi?!

Tuman yo viloyat prokurori lavozimida bir muddat (besh yil) ishlash kamyob hodisaga aylanini ayting.  Yo «yeb qo‘ygani» uchun ishdan ketadi (ha, ishdan ketadi, illo tizimdan haydalmaydi, demakki, javobgarlikka ham tortilmaydi) yoki uning kamchiligini kutib turgan boshqa azamat darhol ot solishni boshlaydi. Sadoqatini mudom namoyon etib kelgan bir hovuch prokurorlarga-ku baloyam urmaydi: ular orasida o‘zi mas’ul bo‘lgan hududida qonli voqealar sodir bo‘lganiga qaramay (holbuki, buning uchun boshqa tuzilma boshliqlari jinoiy javobgarlikka tortilgan) lavozimini saqlab qolishdan tashqari yanayam kattaroq muzofotga o‘tkazilgani ham, xohlaganini «tiqib», istaganini ochiqqa chiqarib yurgani ham bor...


Mavzu doirasida: Bosh prokuraturada bir kun: «ichkari»da nima gaplar? (ikkinchi qism)


Keyingi ikkita o‘n yillikda ahvol shu darajaga yetadi, bu og‘riqlar hali ancha vaqt o‘zini eslatib tursa kerak.

Bugun-chi?

Bugun prokuratura organlarida kadrlar tanlash, tizimga ishga kirishning tartibi, talab va shartlari qanday? Bu jarayonning turli shubhayu gumonlarga o‘rin qoldirishi mumkin bo‘lgan qirrralari haliyam bormi?

...Mahkama rahbaridan burunroq kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Mirsafoyev bilan suhbatlashib, bu borada bafurja gaplashmaganimizda, uning: «Shunday tizim ishlayaptiki, ishoning, hatto men o‘zim ham qandaydir iltimos bilan birovni ishga ololmayman!» degan gapiga ishonmasligimiz aniq edi.

Bosh prokuratura kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Mirsafoyev. Foto: Shuhrat Latipov.

Xo‘p, Bosh prokurorniki salkam «o‘yindan tashqari holat»da qoldiradigan tizim qanday ekan?

Tushuntirildiki, endilikda prokuratura organlariga ishga kirishning umuman boshqacha tartibi joriy etilgan. Oliy o‘quv yurtini bitirib kelgan yosh mutaxassis avval Bosh prokuratura Akademiyasiga yuboriladi. U yerda muayyan muddat tizimda ishlash tartibi bilan tanishadi, kerakli ko‘nikmalarni shakllantiradi.  Shu jarayonda u tizimda ishlashga  munosib ekanining dastlabki belgilarini ko‘rsata bilishi kerak. O‘sha belgilarni ilg‘agan mutasaddilar unga o‘zini sinab ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi.  Aks holda, shu bosqichning o‘zida xayrlashish ham hech gapmas.

Navbatdagi bosqich — tom ma’nodagi sinov! Sinov test shaklida bo‘lib, ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tabiiyki, yurisprudensiya. Test savollari ellikta. Har bir savolga ikki daqiqada javob berish kerak. Javoblar ruchka-qalam bilan emas, balki maxsus dastur o‘rnatilgan kompyuterda belgilanadi. Test natijasini jarayon yakuniga yetishi hamono kompyuterining o‘zi «aytadi». Bu uskuna aqlli, biroq jonsiz: uzr, iltimos, tavallolardan ko‘ngli buzilmaydi. Test jarayonini maxsus ishchi guruhi a’zolari onlayn kuzatib o‘tirishi inobatga olinsa, birovni «qulog‘idan sudrab» o‘tkazishning imkoniyati yo‘q darajada.

Mas’ul xodim Shahzod Rustamov. Foto: Shuhrat Latipov.

Bu hali hammasi emas. Oldinda yanayam murakkablari turibdi: psixologik sinov. Bunda ham yuqoridagiga o‘xshash jarayon kechadi. Farqi shundaki, bu bosqichda ishchi guruhining tarkibi butunlay yangilangan bo‘ladi.

Shu bosqichdan ham eson-omon o‘tganlarni  jonli «maxsus suhbat» kutib turadi. Suhbat o‘tkazadigan tarkib a’zolari umuman boshqa: ular test sinovlarining birortasida ishtirok etmagan mas’ullar. Yosh kadr, baxti kulib, maxsus suhbatdan o‘tdi, deylik. Shoshmang, shundayam u  tizimning to‘laqonli xodimiga aylangani yo‘q. Shuncha chig‘iriqlardan keyin ham-a? Ha-da.

Endi yosh kadr taqsimot bo‘yicha tegishli hududga jo‘natiladi: ish o‘rganuvchi sifatida. Ish o‘rganuvchilik sinov muddatiga o‘xshash jarayon. Muddati bir yil. Muddat o‘talgandan keyin attestatsiyadan o‘tadi. Omadi kelsa — xo‘p-xo‘p, mana e-endi u to‘laqonli xodim, aks holda, yana olti oylik muddat beriladi. Shundayam eplolmasa, chuqur hurmatga o‘rab uzr aytiladiki, ma’nosi quyidagicha:  boshqa tizimda omad tilaymiz, salomat bo‘lgaysiz...

Bosh prokuror nomenklaturasidagi kadrlar-chi? Deylik, tuman prokurori. Ilgari bu masala o‘ta tor doirada hal etilib, asosan, birinchi rahbarning xohish-irodasiga bog‘liq edi. Buning huquqiy tartibiga e’tiroz yo‘q, biroq xohlang-xohlamang, inson omili «o‘z so‘zi»ni aytaverardi-da. Endi mahkama rahbari boshqacharoq tartib joriy qilayotir: tayinlov tanlov asosida amalga oshiriladi. Tumanga prokuror tayinlash misolida davom etsak, ayni lavozimga bir emas, uchta nomzod tanlanadi. Nomzodlar respublika rahbarlik idoralari vakillari va parlament yuqori palatasi a’zosidan iborat maxsus komissiyaga o‘zining «yo‘l xaritasi»ni taqdim etishi kerak. Ya’niki, nomzodda tumandagi ahvol, hududning o‘ziga xos xususiyati, bundan kelib chiqadigan masalalar, ularning samarali yechimlaridan tortib, jinoyatchilik, ularning oldini olish, umuman, qonun ijrosi bilan bog‘liq asosiy vazifani amalga oshirishgacha, hamma-hamma haqida o‘zining aniq reja-taklifi bo‘lishi shart. Xullas, xulosani komissiya qiladi va u tegishli buyruqqa asos vazifasini o‘taydi. Bunday tartibning huquqiy xususiyatlarini muhokama qilish bizgamas, gap uning amaliy natijasida. Natijani avvaldan chamalash qiyin emas: kadr bir qadar ochiqlik bilan tanlanmoqda, yana deng qo‘lida tayyor rejasi bilan. Aniq reja «yuqori»ning «undoq qil-bundoq qil» qabilidagi talablarini kamaytirib, nazoratini oshiradi. Yuqori idoraning bosimi kamayib, nazorati kuchaytirilgan joyda samara tezroq bo‘y ko‘rsatadi...

Navbatchilik qismi prokurori Temur G‘afurov.

Bugun prokuratura organlarida ishlayotgan ellik foiz tezkor xodim faoliyatiga hali uch yil to‘lgani yo‘q. Ayni raqam tizim kadrlari teng yarmiga yangilanganini anglatadi. Jarayon jiddiy davom etmoqda. Yosh, istiqbolli kadrlar bilan to‘ldirilmoqda: ishqilib, zavol ko‘rmasin. Ehtimol, ism-shariflar yozish shart emasdir. Ammo  mahkamaning katta qozonida, yana deng o‘sha qozonning qoq o‘rtasida qaynayotgan Shahzod Rustamov, Temur G‘afurov  (Bosh prokuratrua navbatchilik kismi prokurori), Laylo Fayzimurodovaning (voyaga yetmaganlarga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori)  nomlarini qayd etgim  keldi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring