Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

«Jimlik» epidemiyasidan ogoh bo‘ling!

«Jimlik» epidemiyasidan ogoh bo‘ling!

Bugun smartfon va boshqa gadjetlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bo‘lgan. Tom ma’noda, biz ularsiz yashay olmaydigan bo‘lib qoldik, tunu-kun ajralmas hamrohimizga aylantirdik.

Afsuski uning inson salomatligiga qanchalik zarari bor-yo‘qligi haqida kam bosh qotiramiz. Uzoq olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, avvalambor mobil telefonlari qaysidir miqdorda elektromagnit nurlanish manbaidir. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, u butun organizmga — bosh miya qobig‘i, yurak va jinsiy tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Telefonda soatlab gaplashish surunkali bosh og‘rig‘iga sabab bo‘lishi va undagi kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar turli kasalliklarni chaqirishi mumkin ekan. Hatto ba’zi manbalarga ko‘ra, mobil telefon yuzasidagi bakteriyalar, unitaz gardishidagidan kam bo‘lmas ekan.

Shuningdek, yana bir fakt: telefonlarning ayniqsa, bolalar uchun xatari kuchli. Ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning bosh miyasi elektromagnit energiyalarini kattalarga qaraganda ko‘proq yutadi. Shu bois, ularning aqliy rivojlanishi uchun mas’ul hisoblangan bosh miya bo‘lmachalari ham elektromagnit to‘lqinlari ta’siridan zarar ko‘rishi mumkin. Biz esa bilib-bilmay shu «o‘yinchoq»ni  bolalarimizga ularni vaqtinchalik ovutinishi uchun berib qo‘yamiz. Ammo bu ovunchoqning  zarari, bugun bo‘lmasa-da qachondir «isitmasi» oshkor etishini, afsuski, o‘ylamaymiz.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mobil telefonlar aholi, ayniqsa, yosh bolalar o‘rtasida xavfli ko‘z kasalligi – miopiyaning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Qolaversa, shifokorlar telefondan uzoq vaqt foydalanish bolaning ruhiy holati va ijtimoiy moslashishida ham jiddiy muammolarga olib kelishini ta’kidlayapti.

Yuqoridagi qaydlar, masalaning bir tomoni bo‘lsa, yana bir muhim jihat — telefon va u bilan o‘tayotgan har lahzamiz, yaqinlarimiz diydoridan chalg‘ituvchi, ulardan uzoqlashtiruvchi omilga aylanib  borayotgandek. Shuningdek, vaqtimizni va ongimizni o‘g‘irlayotgan telefondagi ko‘ngilochar tarmoqlar, manbalar — oila davrasidagi fayzli shukuhga soya solayotgandek.

Bugun shu «ovunchoq» sabab sport maydonlari, istirohat bog‘lari gavjum emas, kafe va restoranlarda, hattoki choyxonalarda hangomalar, kulgu jaranglari kamayib, noodatiy «jimlik» epidemiyasi hukmrondek. Chunki odamlarning e’tibori qo‘lidagi telefonga tobelashib bormoqda. Afsuski, bu «jimlik» ba’zan oilalarimizga  ham ko‘chmoqda va bu sukunat damlar — umr deb atalgan g‘animat onlar badalidan sarflanmoqda.

Shunday ekan, ogoh bo‘laylik: bugun kech bo‘lmasidan oilamizdagi, do‘stlar va yaqinlar davrasidagi o‘sha «jimlik» lahzalarini buzaylik va telefon  mahkum etayotgan «epidemiya»dan vaqtida xalos bo‘laylik!

Shuhrat Normurodov 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring