Saddamning qulashi. U diktatormi yoki xalq otasi? (2-qism)
Yaqinda e’lon qilingan «Qashshoq va yersiz Saddam. U hokimiyatga qanday kelgan?» nomli maqolamizda Saddam Husaynning bolalik davri, qay tarzda Iroqda ikkinchi raqamli shaxsga aylanishi haqida ma’lumot bergan edik.
Galdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda Saddam Husaynning davlat rahbari sifatida Iroqda yuritgan 24 yillik siyosati va u qurgan tuzumning qulashi haqida hikoya qilamiz.
Hokimiyatni Saddamga o‘tishi
XX asrning 70-yillari oxirida Iroqda Saddam Husayndan mashhur inson yo‘q edi. De-fakto hokimiyat tizgini al-Bakrdan Saddamga o‘tib bo‘lgandi. Faqatgina buni rasmiy tilga ko‘chirish qolgandi, xolos. Iroq Kommunistik partiyasining faoliyatiga nuqta qo‘yilishi bilan mamlakatda yakka partiyaviy tizim o‘rnatildi.
1979 yilning 16 iyul kuni Iroq prezidenti al-Bakr «sog‘lig‘idagi muammo»lar sababli iste’foga chiqdi va tez orada uy qamog‘iga tashlandi. Boshqaruv esa mamlakatdagi ikkinchi raqamli shaxsga o‘tdi. Shu tariqa Iroqda Saddam davri boshlandi.
Husayn iqtidorga kelgach, o‘z yo‘liga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lganlarni chetga surib tashladi. Kutilmaganda Inqilobiy qo‘mondonlik kengashining bosh kotibi Masxadiy sirli tarzda yo‘qolib qoldi. Bir necha oydan keyin, u Bassning qurultoyida minbarga olib chiqildi. Masxadiy Saddamga qarshi Suriyada fitna hozirlanayotganini, bunda partiyadagi 60 nafar shaxsning qo‘li borligi haqida nutq so‘zladi. «Fitnachilar» shu zahoti qo‘lga olindi.
Saddam amalga oshirgan islohotlar
Iroqning asosiy boyligi – bu neft edi. Hisob kitoblarga ko‘ra, Iroq neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turgan. Bundan tashqari, Iroq nefti juda sifatli edi. 80-yillar boshida Iroq neft eksportidan ulkan daromad oldi. Ana shu daromadlar mamlakatda ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga imkon berdi. Iroqda «kuchli iqtisod, kuchli armiya, kuchli boshqaruv» shiori ostida islohotlar tatbiq etildi.
Saddam Husayn mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirishni rag‘batlantirdi. Xorijiy kompaniyalar davlatni rivojlantirish dasturiga ko‘proq jalb etildi. Qisqa vaqt ichida mamlakatda maktab, oliy o‘quv yurtlari, avtomobil yo‘llari, elektr stansiyalar, kichik va katta uy-joy qurila boshlandi. Qishloqlarda ko‘p tarmoqli va ixtisoslashgan kasalxonalar ochildi. Jahon standarti bo‘yicha ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi yaratildi. Saddam Husayn mamlakatda savodsizlikni tugatish uchun ta’limni isloh qilish bilan birga unga katta mablag‘ ajratdi. Bu savodxonlik darajasini 30 foizdan 70 foizga o‘sishiga olib keldi.
XX asrning 80-yillar o‘rtalariga kelib Iroq aholisining turmush darajasi Yaqin Sharqdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga aylandi. Iqtisodiy mo‘’jiza ortidan arab va boshqa Osiyo davlatlaridan ko‘plab insonlar Iroqqa ish izlab kela boshladi. Saddamning mashhurligi ham yil sayin oshib bordi.
Xalqaro banklar va boshqa moliya institutlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 80-yillar oxirida Iroq 30-35 milliard dollarlik juda katta valyuta zaxirasiga ega bo‘lgan. 10 yil ichida Iroq ulkan milliy boylik yaratib, Misr bilan bir qatorda arab dunyosidagi eng rivojlangan davlatga aylandi.
Iroq-Eron urushi. Saddam va Humayni o‘rtasidagi adovat
1978 yil 8 yanvar kuni Eronda Islom inqilobi boshlandi. Qariyb bir yil davom etgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng, AQShning Sharqdagi ishonchli hamkori shoh Muhammad Rizo Pahlaviy taxtdan ag‘darildi. Muhammad Rizo Misrga qochib ketdi. 1979 yilning 1 fevralida Oyatulloh Humayni 15 yillik qochqinlikdan so‘ng Eronga qaytadi.
Hokimiyatga kelgan Humayni bilan Iroq rahbari Saddam o‘rtasidagi munosabatlar unchalik iliq emasdi. Buning asosiy sababi, 1964 yilda shoh tomonidan Erondan badarg‘a qilingan Oyatulloh Humayni aholisi asosan shia mazhabiga e’tiqod qiluvchi Iroqning Najaf shahriga ko‘chib o‘tgandi. Humayni Saddamni «xiyonatkor» va «G‘arbning qo‘g‘irchog‘i» deb bilib, xalq orasida hukumatga qarshi harakatlar uyushtirdi. Bag‘rida ilon saqlab kelayotganidan xabar topgan Husayn, darhol Humaynini Iroqdan chiqarib yuborgandi.
Eron-Iroq o‘rtasidagi munosabatlar urush boshlanishidan oldin ham murakkab va ziddiyatli edi. Bunga bir nechta sabablar mavjud bo‘lib, ulardan biri Erondagi Islom inqilobining arab mamlakatlariga ham yoyilish xavfi edi.
1980 yil 22 sentyabr kuni, peshin vaqtida. Iroq havo kuchlarining 192 ta bombardimonchi samolyoti Eronga kutilmaganda hujumga o‘tdi. Saddamning Tehronga qarshi harbiy kompaniyasini G‘arb davlatlari bilan birgalikda Fors ko‘rfazidagi sunniy monarxlar Quvayt va Saudiya Arabistoni ham qo‘lladi.
Iroq-Eron o‘rtasidagi urush 8 yil davom etdi. Nima bo‘lganda ham urush yakunida hech bir taraf g‘alaba nashidasini totmadi. Har ikki tomon ham harbiy, ham iqtisodiy yo‘qotishlarga uchradi. Iroq bu urushda jami 342 milliard dollar yo‘qotdi va mamlakat tashqi qarzi 110 milliard dollarga yetdi.
Husayn rejimining evrilishi
8 yil davom etgan Eron urushi Iroq iqtisodiyotiga milliardlab zarar olib keldi. Buning ustiga 1990 yilda dunyo bozorida neft narxi yaxshigina pasaydi. Bu omillar Iroq iqtisodini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Saddam bu yo‘qotishlarni qo‘shni Quvaytdagi «qora oltin» hisobiga qoplamoqchi edi. Quvaytdagi neft konlarining deyarli 90 foiziga Buyuk Britaniya va AQSh kompaniyalari egalik qilardi. Iroqning Quvaytga bostirib kirimoqchi bo‘lgani tabiiyki Saddamni G‘arbga dushman qildi.
1990 yilning 1 avgustida Iroq armiyasi Quvaytga bostirib kirdi va uni bosib oldi. Saddamning bu harakatini hattoki eng yaqin ittifoqchilari Fransiya va Hindiston ham qoraladi. SSSR va Xitoy esa Iroqqa qurol sotishga embargo qo‘ydi. BMT Xavfsizlik kengashi Iroq qo‘shinlarini 1991 yilning 15 yanvarigacha Quvaytdan chiqib ketishini talab etdi. Harbiy tajovuzi ortida G‘arb mamlakatlari Iroqqa qarshi turli sanksiyalar joriy qildi. Bu shundoq ham jar yoqasiga kelib qolgan iqtisodiyotini batamom sindirdi.
17 yanvar kuni AQSh boshchiligidagi koalitsiya «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasini boshladi. Qisqa vaqt ichida koalitsiya kuchlari Iroq armiyasini falajlantirdi. Fevral oyida AQSh Iroqdan zudlik bilan Quvaytdan chiqib ketishni talab qildi va qo‘shinlarni Quvayt hududidan olib chiqishga bir hafta muhlat berdi. 28 fevral kuni Saddam Husayn sulh e’lon qildi. Quvaytni ozod qilish qatorida xalqaro koalitsiya kuchlari Iroq hududining 15 foizini egallab oldi.
Quvayt urushidan so‘ng Iroq va Saddam rejimi G‘arb tafakkurida Yaqin Sharqdagi xavf sifatida gavdalandi. G‘arb ommaviy axborot vositalari Saddam va uning siyosiy tuzumini keskin tanqid ostiga oldi. U beshafqat diktatorlar ro‘yxatiga kiritildi.
Saddam shaxsiyatiga sig‘inish va siyosiy repressiyalar
1990 yillar o‘rtalariga kelib, Iroqda Saddam shaxsiyatiga sig‘inish o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Mamlakatdagi aeroport, masjid, maktab va shaharlarga diktator nomi berildi. Maktab o‘quvchilariga «Saddam, ey Saddam, sening ko‘zlaringda millat quyoshi» so‘zlari yozilgan she’rlar yodlatildi. Butun Iroqda Saddamning haykallari va portretlari paydo bo‘ldi. Uni ko‘rgan olomon «Biz seni ham ruhimiz, ham qonimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz» deb hayqirardi.
1991 yilning mart oyida Iroq bo‘ylab keng ko‘lamda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Kurdlar buni «Milliy isyon» deb atadi. Shialar, kurd millatchilari va radikal so‘l guruhlar Saddam Husaynni inson huquqlarini keng miqyosda buzganlikda va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvida aybladi. Norozilik aksiyalarida minglab namoyishchilar halok bo‘ldi. Namoyish bostirilgandan so‘ng Saddam shialar va kurdlarni majburiy ko‘chirish boshladi. Human Rights Watch ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli ikki million inson o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, ulardan deyarli yarim millionni mamlakatdan chiqib ketgan.
1995 yilda Iroq konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, prezidentlik muddati 7 yilga uzaytirildi. O‘sha yilning 15 oktyabrida Iroqda Husaynni yana yetti yillik muddatga qayta saylash bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Mamlakat tarixida ilk bor o‘tkazilgan referendumda iroqliklarning 99,96 foizi Saddam Husayn nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishni yoqladi. 2002 yil 15 oktyabrda Iroqda prezident Saddam Husaynning vakolatlarini yana yetti yilga uzaytirish bo‘yicha ikkinchi referendum o‘tkazildi. Saylov varaqasida faqat bitta insonning nomi bo‘lib, unda «Siz Saddam Husayn Iroq rahbari bo‘lishini istaysizmi?», degan savol bor edi. Ovoz berish natijasida Saddam Husayn 100 foiz ovoz bilan prezidentlikni saqlab qoldi.
Saddam erasining intihosi
Yildan yilga neftga bo‘lgan talabning ortib borishi, neft magnatlarini Yaqin Sharqqa yetakladi. Amerika strateglari dunyoda neft zaxiralari bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi Iroqni egallashga qaratilgan reja yaratdi. 1998 yilda Bill Klinton Iroqni ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Husayn tuzumini ag‘darishi va Iroqni demokratlashtirishga hissa qo‘shishi kerak edi. 2000 yilda Jorj Bush hokimiyatga kelgach, AQShning Iroqqa nisbatan siyosati keskin tus oldi.
2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Iroqqa bostirib kirishni tezlashtirdi. 2002 yilda Jorj Bush ma’muriyati Iroqni ommaviy qirg‘in qurolini yaratish va ishlab chiqarishda aybladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQShning Iroqqa bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlamadi. Qo‘shma Shtatlarning eng yaqin hamkorlari hisoblangan Fransiya va Germaniya ham bu bosqinga qarshi chiqdi.
2003 yilning mart oyida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqqa bostirib kirishga, Saddam Husayn tuzumini ag‘darishga va ommaviy qirg‘in qurolini yo‘q qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Bush Husaynga ultimatum qo‘ydi va undan o‘z lavozimini tark etishni talab qildi. Bu vaqtda Rossiya tashqi ishlar vaziri Yevgeniy Primakov Vladimir Putinning buyrug‘i bilan Bag‘dodga uchib keldi. U Saddamga bosqindan qochish uchun Rossiyaga ketishni maslahat berdi. Biroq Saddam Husayn o‘zini nima kutib turganligini bilsa-da, Iroq xalqi bilan qolishni afzal ko‘rdi. O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l!
2003 yil 18 mart kuni Jorj Bush Husaynga ixtiyoriy ravishda hokimiyatdan voz kechib, 48 soat ichida o‘g‘illari bilan mamlakatni tark etishni taklif qildi. Saddamni javobi aniq edi! 20 mart kuni AQSh va Britaniya qo‘shinlari Iroqqa qarshi harbiy amaliyotlar boshlab, o‘sha kuni Bag‘dodni bombardimon qildi. Bosqin uzoq davom etmadi – Saddamning ishongan generallari uni tashlab qochdi. Koalitsiya kuchlar qisqa vaqt ichida o‘sha mashhur Bag‘dod ostonalariga yetib keldi. 14 aprel kuni AQSh qo‘shinlari Iroq armiyasining markazlashgan qarshilik ko‘rsatuvchi so‘nggi tayanchi – Tikrit shahrini egallab oldi.
Bir vaqtlar Saddamni olqishlagan xalq, endi uning haykallarini qo‘porib, suratlarini yoqa boshladi. Husayn qulaganidan quvongan Iroq xalqi AQSh qo‘shinlariga quchoq ochib peshvoz chiqdi. Ular Iroqda endi demokratiya hukmronlik qiladi, deb o‘ylashgandi. Lekin o‘zlarini kelajakda nimalar kutib turganini bilganlarida, ancha kech bo‘ldi.
Saddam Husayn 2003 yil 13 dekabr kuni hibsga olindi. 2005 yil 19 oktyabrda Iroqning sobiq prezidenti ustidan sud jarayoni boshlandi. Saddamga qo‘yilgan barcha ayblovlardan faqat bittasini sud ko‘rib chiqdi. Shuning o‘zi Iroqning sobiq rahbarini o‘lim jazosiga hukm etilishiga yetarli bo‘ldi.
Saddam Husayn 24 yil davomida Iroqni boshqardi. Ha, u qattiq qo‘l, o‘z raqiblarini ayab o‘tirmasdi. Husayn hokimiyatga kelgan ilk yillarida Iroq xalqi uchun misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirdi, tan olish kerak! Bu ishlar taqsinga sazovor, lekin uning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan jinoyatlar tarozining ikkinchi pallasini bosib turadi. Bu esa Saddam Husaynning qanchalar ziddiyatli shaxs ekanligidan dalolat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter