Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Dunyoni ikki qutbga ajratgan mojaro. Tan olingan va olinmagan Kosovo

Dunyoni ikki qutbga ajratgan mojaro. Tan olingan va olinmagan Kosovo

SSSRning parchalanishi xalqaro hamjamiyat uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Zo‘ravonlik va zulm yo‘li bilan birlashtirilgan ittifoq o‘rnida mustaqil davlatlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Ikki qutbli dunyo poyoniga yetib, yangi davr boshlandi. Yangi davr o‘zi bilan yangi muammolarni, yangi qarama-qarshiliklarni, yangi nizolarni yetaklab keldi. XXI asrning boshida dunyo millionlab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan 120 dan ortiq diniy va etnik mojarolarga guvoh bo‘ldi.

Quyidagi maqolada dunyoni ikki qutbga bo‘linishiga sabab bo‘lgan, minglab musulmonlarni yostig‘ini quritgan Kosovo mojarosi va uning oqibatlari haqda so‘z yuritamiz.

Kosovoning etnik tarkibi

Kosovo janubi-sharqiy Yevropada, Bolqon yarim orolida, Albaniya va Serbiya o‘rtasida joylashgan. Umumiy maydoni 10 887 kvadrat metrni tashkil qiladi. Hududi asosan tog‘li bo‘lib, Albaniya, Chernogoriya, Makedoniya va Serbiya bilan chegaradosh. Aholisining 80 foizini musulmonlar tashkil qiladi.

Kosovo mojarosining tub mohiyati anglash uchun, uzoq tarixga ko‘z tashlash maqsadga muvofiq. Sababi, Kosovo nizosi o‘tmishda olib borilgan siyosat mahsuli hisoblanadi.

XIV asrda Kosova hududida asosan slavyanlar hayot kechirgan bo‘lsa, XV asrlarga kelib vaziyat o‘zgargan. Usmonli imperiyasi tomonidan Bolqon yarim orolining fath etilishi natijasida bu yerlarga Islom dini kirib keldi. Turklar Bolqonni o‘z ta’sir doiralariga olgach, Kosovo yerlariga albanlar ham faol ravishda ko‘chib kela boshladi. Ayni shu davrdan boshlab mintaqaga kelajakdagi yirik xalqaro nizolarni keltirib chiqarish uchun mina(ma’lum sharoitlarda portlovchi qurilma) ekildi.

Kelajakdagi urush uchun ekilgan urug‘

Dunyoga hukmronlik qilish istagidagi davlatlar aynan shu qurilmaga teginish orqali jahon urushini keltirib chiqarishdi. Hech kimga sir emaski, Birinchi jahon urushi(1914-1918) aynan Bolqondan boshlangan edi.

Birinchi Jahon urushi davrida, aniqrog‘i, 1915 yilda Avstriya-Vengriya imperiyasi Kosovoni bosib oldi. Lekin urush yakunida Uchlar Ittifoqi (Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya) oq bayroq ko‘tarishga majbur bo‘ldi. 1918 yilda Avstriya-Vengriya imperiyasi parchalanganidan so‘ng Xorvatiya, Sloveniya, Bosniya va Gersegovina, Dalmatsiya, Serbiya, Chernogoriya va Yugoslaviya yerlari Slovenlar Qirolligi (KShS) deb nomlangan davlatga birlashdi. Biroq, bu qirollik uzoq umr ko‘rmadi. 1929 yilda davlat to‘ntarishidan so‘ng, bu davlat Yugoslaviya Qirolligi (KJ)ga o‘zgartirildi.

Yugoslaviya Qirolligi to Ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar serblarni Kosovoga ko‘chirish siyosatini olib bordi. Bu siyosat musulmonlar va slavyanlar o‘rtasida qarama-qarshilikni kuchaytirdi.

Diktator Tito davrida Kosovo

Ikkinchi jahon urushi vaqtida Kosovoning katta qismi fashistik Italiya ta’sir doirasidagi Albaniya Qirolligi tomonidan egallab olindi. Albaniya hukumati serblarni Kosovo yerlaridan haydab chiqarishni boshlab yubordi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 70-100 ming serb Kosovodan quvilgan.

1944 yilda Kosovo partizanlar sa’y-harakati tufayli ozod bo‘ldi va yana Yugoslaviya tarkibiga qo‘shildi. 1946 yilgi Yugoslaviya Federativ Xalq Respublikasi konstitutsiyasiga binoan Kosovo va Metoxiya avtonom viloyat maqomi berildi.

Iosip Broz Tito

Mintaqaning etnik tarkibi Ikkinchi jahon urushidan keyin, Iosip Broz Tito urush paytida Yugoslaviyaga kelgan albanlarga Kosovoda qolishga ruxsat berganidan keyin katta darajada o‘zgara boshladi. Tito Albaniyaning Yugoslaviya tarkibiga kirishiga umid qilib, albanlarni Kosovoga ko‘chirishni rag‘batlantirdi va aksincha, serb aholisining qaytish imkoniyatlarini chekladi.

Millatchilik ortidan uyg‘ongan nizo

Titoning vafotidan keyin yagona federativ respublika o‘n yilga yaqin muddat yashadi, xolos. Sotsialistik lagerining 90-yillardagi inqirozi davrida Yugoslaviya tarkibidagi Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gertsegovina hamda Makedoniya mustaqil davlat sifatida ajralib chiqdi.

1987 yilda Kosovodagi vaziyat yomonlashdi. Buning boisi, o‘sha vaqtda Serbiyada hokimiyat tepasiga millatchi Slobodan Miloshevich kelganida edi. Miloshevich millatchi siyosatchi bo‘lib, u Kosovoning serblar istiqomat qiladigan hududiga tashrif buyurib shunday deydi:

«Bundan keyin Bolqondagi hech qaysi bir hududda serb millatini hech kim xafa qilolmaydi».

Slobodan Miloshevich

Shundan keyin, Kosovo hududida serblarning harbiylashgan guruhlari paydo bo‘lib, alban musulmonlariga qarshi siyosat boshlandi. Bu ham yetmaganidek, Miloshevich Kosovo muxtoriyatini bekor qilish bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Bu harakatlar bir davlatning parchalanishiga olib keldi.

1990 yilning sentyabr oyida Serbiyada yangi konstitutsiya qabul qilindi. Unda Kosovodan avtonom respublika maqomi olib tashlandi. Bundan tashqari, alban tilida ta’lim olish, alban tilida tele va radio eshittirishlar bekor qilindi. Bu esa Kosovo albanlarini g‘azab otiga mindirdi. Kosovo albanlari yangi konstitutsiyani tan olmadi va viloyatda «kulrang davlat» qurishga kirishdi. Bu harakatlar ikki millat o‘rtasida milliy to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi.

Mahalliy nizoning global mojaroga aylanishi

1991 yilning sentyabr oyida Kosovodagi albanlar mustaqillik masalasida referendum o‘tkazishdi. Biroq, mintaqadagi serblar bu referendumni tan olmadi. 22 sentyabr kuni Kosovoda prezidentlik saylovi o‘tkazilib, Ibrohim Rugov mustaqil Kosovo davlati prezidenti etib saylandi.

Serbiya armiyasi Kosovo chegarasida

90-yillarning o‘rtalariga qadar Ibrohim Rugov Kosovo muammosini hal qilishda yumshoq qarshilik harakatini olib bordi. Biroq, bu harakatlar xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlanmadi. 1996 yilda Kosovoda qurolli kuchlar guruhi birlashtirilib, ozodlik armiyasi tashkil etildi.

1997 yilda Kosovoda keskinlik kuchaydi. 1998 yilda Serbiya armiyasi Kosovoga bostirib kirdi. Natijada nizo mahalliy muammodan, global muammoga aylanib ketdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi mojarolarni tugatish uchun turli xil qarorlarni qabul qildi. Biroq, qabul qilingan rezolyusiyalar quruq qog‘ozda qolib ketdi.

Serbiyalik ayirmachilar

NATO Kosovoga nima uchun aralashgan?

O‘sha vaqtda NATO dunyoda tinchlikni ta’minlashga da’vo qilayotgan edi. Kosovoda serblar etnik musulmonlarni genotsid qilishni boshlaganidan keyin, Turkiyaning tashabbusi bilan NATO Kosovo muammosiga jalb qilindi. Lekin NATOga a’zo davlatlar Kosovo mojarosiga aralashishga shoshilmadi. Agar bu mojaroga NATO aralashadigan bo‘lsa, boshqa yirik o‘yinchilar ham bu konfliktga burun suqishi aniq edi. Biroq, Turkiya Kosovodagi musulmonlarning qirilishini bir chetda, jimgina kuzata olmadi.

Dastlab, NATO Serbiyadan Kosovoga nisbatan bir qator talablarni bajarishni, xususan, viloyat hududida Alyans kontingentini joylashtirishga ruxsat berishni so‘raydi. Biroq, Serbiya buni rad etadi. Shundan so‘ng NATO mojaroga aralashishga qaror qiladi.

NATOning 1999 yil 24 martdagi qarori bilan Alyansning ittifoqchi kuchlari havo hujumini boshladi. Bungacha pravoslav ekstremistlar Kosovodagi bir necha ming musulmonlarni qirg‘in qilgan edi. Shunda, AQShga rasmiy tashrif bilan ketayotgan Rossiya bosh vaziri Yevgeniy Primakov norozilik sifatida tashrifni bekor qilib, yarim yo‘ldan ortga qaytadi.

Kosovodagi alban musulmonlar

Mojaroga Shimoliy Alyansning aralashuvi tabiiyki, Rossiyaga yoqmadi. Chunki azal-azaldan Rossiya Serbiya va Chernogoriyani o‘z birodari sifatida ko‘rib kelgan. Bundan tashqari, NATOning Bolqon yarim oroliga kirishi mintaqada Rossiyaning geosiyosiy ta’sir doirasini qisqartishi aniq edi. Shimoliy Alyansning mojaroga aralashishi bilan Rossiya Serbiyani ham ma’nan, ham harbiy jihatdan qo‘llashni boshlab yubordi. Natijada dunyo yana ikki qutbga bo‘lindi.

Tan olingan va tan olinmagan Kosovo

NATOning operatsiyasi 78 kun davom etdi. Alyans Serbiya poytaxti Belgradni bombardimon qildi. Natijada Yugoslaviya armiyasi Kosovoni tark etdi.

1999 yil 12 iyunda BMT Xavfsizlik Kengashining 1244-rezolyusiyasiga muvofiq britaniyalik general Maykl Jekson boshchiligidagi xalqaro kuchlar Kosovoga kirdi. KFOR kontingenti 30 ta davlatdan 42 000 askardan iborat edi. Bu hududlar 2008 yilgacha BMT boshqaruvi ostida bo‘ldi. 2004 yil 23 oktyabrda Kosovoda BMT nazorati ostida saylov o‘tkazildi. Muvaqqat saylovlar natijasida Ibrohim Rugov prezident etib saylandi.

2008 yilda Kosova qayta mustaqilligi e’lon qilindi. Lekin Serbiya buni tan olmadi hamda Kosovani Kosova va Metoxiya avtonom hududi deb hisobladi. 2010 yilda Gaagadagi xalqaro sud Kosovoning mustaqil davlat ekani haqida qaror qabul qildi.  Shunday bo‘lsada, Kosovo masalasida bir to‘xtamga kelingani yo‘q. Hozirga qadar BMTga a’zo bo‘lgan mamlakatlarning 100 dan ortig‘i Kosovoni mustaqil davlat sifatida tan olgan. Lekin Rossiya, Xitoy, Eron, Hindiston kabi yirik mamlakatlar esa Kosovo mustaqilligini tan olmagan.

Xulosa qilib aytganda, 80-yillarning oxirida millatchilik orqali Kosovoda uyg‘onmay yotgan xalq uyg‘otildi. Natijada dunyo yana mojarolar o‘pqoniga tortildi. Bu nizolar asoratlari esa hali ham mavjud.


Sardor Ali 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring