«Tarix bir tiyinga qimmat ertak, ertagingni aytib yuraver...»
«Tarix bir tiyinga qimmat ertak fan, ertagingni aytib yuraver...»
Bu achchiq gapni menga to‘qqizinchi sinfda jahldor matematika o‘qituvchimiz aytgandi.
Maktabda tarixdan viloyat olimpiadasiga yo‘llanma olgach, bor kuchimni bitta fanga tashladim. Natijada, hisob fanidan zaiflashganimni sezgan o‘qituvchi alam ustida shunday degandi.
Aniq fan vakillari tarixni mensimasligi, uning ertakka mengzashi boshqa masala. Bugun men sizga o‘zgarayotgan, kerak bo‘lsa xo‘rlanayotgan tarix haqida gapirmoqchiman.
Bugun 9-may. Xotira bayrami. Ha bu men uchun shunday.
Litseyda o‘qigan davrimizda Qamariddin Usmonov degan olimning kitobi bo‘lardi. Xolis va adekvat yozilishi kerak kitobda muallif sovetlarni avra-astarigacha ag‘dargan o‘rinlari bor edi. O‘sha kitobda, Ikkinchi jahon urushi insoniyatga qimmatga tushgani, 9 may qayg‘uli Xotira kuni ekani ta’kidlangandi. «Ulug‘ vatan urushi» tushunchasi sovet propagandasi ekani aytilardi (hozirgi darslikda bu o‘rinni uchramadim).
Xo‘sh, biz qaysi prinsipni ushlashimiz kerak? Nega bu narsalar imi-jimida o‘zgarib qolyapti? Nega manbalar bilan, mutaxassislar bilan ishlanmayapti?
Xullas, ikki-uch yilda tarix o‘zgacha yozilishi mumkinligiga o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘ldim. Maktabda bo‘rni jahl bilan doskaga urib, meni koyigan muallimni tushunganday bo‘ldim...
Qiziqishdan yoshlikda turli kitoblarni varaqlaganman. «SSSR tarixi» (aslida 95 foiz Rossiya tarixi kiritilgan predmet)da Ikkinchi jahon urushi jahon imperialistlari va natsistlar sabab vujudga kelgani, urush g‘alabasida deyarli sovet tomoni hal qiluvchi rol o‘ynagani yozilgan. Shuningdek, ikkinchi frontni ochishda imillagan «kapitalistik G‘arb» (AQSh va Buyuk Britaniya)ga ham tosh otilgan.
Hozir esa urush boshlanishiga SSSRning o‘zi sababchi bo‘lgani haqidagi farazlar ham keng o‘rtaga tashlanyapti.
Tarix jozibador fan, lekin hech bir ilm unday xo‘rlanmagan bo‘lsa kerak. Qarang, bugun har kim 50-60, 100 yil avvalgi voqealarga fol ochib yotibdi. Kimdir sovetlarning g‘alabasini haq desa, kimdir Gitlerning g‘alabasi Turkistonga ozodlik berardi deb qo‘yadi.
Menimcha, tarixni ideologiyaga burish, sahnalashtirish, taraflashtirishdan tiyilmoq kerak. Uni sovuqqonlik bilan xolis yoritish kerak.
«Bunker» degan film bor. Gitlerning so‘nggi kunlari haqida. Shu kinoda yakson bo‘layotgan Berlinni kommunistlardan saqlab qolmoqchi bo‘lgan gitleryugendchilar harakati, sobiq askarning ularga tanbehi va fyurerning qo‘llari qaltirab, yosh jangchilarga medal taqishi sahnasi menga kuchli ta’sir etgan. Kimsan, Gitler: harob va g‘arib, bir qo‘li majolsiz, kunpayakun bo‘layozgan saltanatini himoya qilmoqchi bo‘lgan bolakaylarni taqdirlamoqda... (suratga qarang)
Rahmingiz keladi a?
Afsuski, bugun «Stalin rahnamoligida g‘alaba qilganmiz» yohud «Gitler urushda yutsa yaxshi bo‘lardi» degan gaplar oshkora yangramoqda. Urush har bir tomon uchun baxtsizlik bo‘lgani, insoniyat bunyod bo‘lib bunday qatliomni ko‘rmaganini yoddan chiqaryapmiz.
Turli tortishuvlarda tomonlar holatini ko‘rib yana o‘sha voqea yodimga tushadi: oradan yillar o‘tsa ham matematika muallimning fikri o‘zgarmagandir. Qaytanga qat’iylashgan bo‘lsa kerak. Bunga esa tarixni qayta yozishga uringan, uni xolis rivoji uchun ter to‘kmagan biz aybdormiz.
P.S: Yuqoridagi so‘zlar kaminaning o‘ta shaxsiy fikri ojizi edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter