Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Sharof Rashidov yashagan vagon, Zulfiyaxonimning atlas ko‘ylagi, o‘zbeklar yig‘ayotgan «Kia» — Xalqaro media-tur taassurotlari (birinchi maqola)

Sharof Rashidov yashagan vagon, Zulfiyaxonimning atlas ko‘ylagi, o‘zbeklar yig‘ayotgan «Kia» — Xalqaro media-tur taassurotlari (birinchi maqola)

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorlikda o‘tkazgan media-turda xorijiy hamda o‘zbek jurnalistlari o‘nga yaqin ob’yektda bo‘lishdi. Tadbirlar ketma-ketligi, axborotning ko‘pligidan ikki kun juda tez o‘tdi. Dasturda belgilanmagan voqealardan biri — viloyat hokimi Ergash Saliyev bilan kutilmagan uchrashuv bo‘ldi. Buni, ayniqsa, xorijiy jurnalistlar e’tirof etishdi.

Bugun taassurotlarning bir qismini havola qilamiz.

Manzil borasida ikki og‘iz so‘z

Jizzax nisbatan yosh viloyat, ma’muriy jihatdan 1973 yilda tashkil etilgan. Lekin, Jizzax shahar sifatida X asrdayoq ma’lum va mashhur bo‘lgan. Ushbu makonda miloddan avvalgi asrlarga tegishli qal’a va boshqa me’moriy inshootlar bo‘lgan. «Jizzax» degan nom Kichik qal’a ma’nosini beruvchi sug‘diycha «Dizak» so‘zidan kelib chiqqanligi aytiladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» asarida ham shahar nomini aynan shu shaklda tilga oladi:

«Semiz etlar va mayda etmaklar arzon, chuchuk qovunlar va yaxshi uzumlar farovon. Andoqusrattin mundoqarzonliq va andoqbaliyattin mundoqamonliqqa kelduk

       Vahmu usrattin amone toptuq,

       Yangi jon toza jahone toptuq.

O‘lum dag‘dag‘asi xotirdin raf bo‘lib, ochlig‘ shiddati eldin daf bo‘ldi. Umrumizda muncha farog‘at qilmaydur eduk. Muddatul-umr amonlig‘ va arzonlig‘ qadrini muncha bilmaydur eduk... Uch-to‘rt kun Dizakda istirohat qilduk. Andin so‘ng O‘ratepa sari azimat qilduk».

Viloyatning bugungi «yangilanayotgan» deb aytilayotgan manzarasi qanaqa? Media-turga taklif etilgan o‘ttizdan ortiq jurnalistga qanday ma’lumotlar taqdim etiladi? Garchi dastur oldindan ma’lum bo‘lsa-da, tadbir kayfiyatini avvaldan bashorat qilish doimo qiyin bo‘lgan.

Xotira: Sharof Rashidov vagoni, Zulfiyaxonim atlas ko‘ylagi va Hamid Olimjon qo‘lyozmalari

Media-turning ilk qadami Jizzax markazidagi Sharof Rashidov nomidagi xotira xiyobonida davlat arbobi va ijodkor haykali poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi. Sharof Rashidovning 100 yilligi munosabati bilan (2017 yilda) ushbu xotira xiyoboni barpo etilganda, chog‘roq byust o‘rnida haykal qad ko‘ratgan ekan. 

Shu joyda Sharof Rashidovni yaqindan bilganlar, uning faoliyati bilan tanish bo‘lganlar xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Olimjon O‘sarov Sharof Rashidovning jurnalistdan chiqqan rahbar bo‘lganini ta’kidladi: «Respublikani boshqargan davrda ham muxbirlarni yaxshi tushungan, ularni hamma vaqt qo‘llab quvvatlagan. Tahririyatlardagi muammolar, ijodkorlarning quvonch-tashvishlaridan mudom xabardor bo‘lgan».

Davlat arbobi va ijodkorga atalgan majmua tarkibidagi muzey tomon yurib borar ekanmiz, yo‘l-yo‘lakay «Ishonch» gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov Sharof Rashidov Toshkentda yashagan uyda ikki yilcha yashaganini gapirib berdi: «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida ishlagan vaqtimda, yashashga boshqa joyim bo‘lmaganidan, o‘sha uyning kichik bir xonasida yashaganman. Oddiy, judayam oddiy kottejda yashagan ekanlar. Pastqamgina uy. Bugungi kunda oddiy bir o‘qituvchi ham o‘sha uydan yaxshiroq sharoitda yashaydi. Hashamatga umuman qiziqmagan odam bo‘lganlar. Hatto kanalizatsiyasi ham bo‘lmagan...»

Sharof Rashidovning uy muzeyidagi qator eksponatlar uning kamtarligini tasdiqlar edi. «Sharof Rashidov ijodkorlar davrasida» degan ulkan polotno oldida esa uzoqroq qolishdi. Muzey yaqinida O‘zbekiston Respublikasi rahbari respublika bo‘ylab qatnagan va safar davomida yashagan vagon, undagi kitoblardan tortib, kiyim-kechakkacha, odmi idishlaru va pardalargacha nimalarnidir hikoya qilayotgandek edi...

Sharov Rashidov safar davomida yashagan vagon.

Media-tur ishtirokchilari shu yurt farzandlariga ehtiromi sifatida Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xotirasiga bag‘ishlangan majmuada ham bo‘lishdi. Maydonda, eng avvalo, e’tiborni tortadigan bu ijodkor juftlikning haykali – yagona kompozitsiya, qiyofalarning ikki rangda gavdalantirilishi. Zulfiyaxonim umrining so‘nggi yillaridagi ko‘rinishda, xayolchan o‘tiribdi va navqiron Hamid Olimjon boshdan oyoq oppoq rangda yurib kelayapti. «Oq rang hayotdan erta ko‘z yumgan shoirning ruhi timsoli» deydi yo‘lboshlovchi.

Zulfiyaxonim va Hamid Olimjon ijod maktabi o‘quvchilari mushoirasi esa o‘ziga xos bo‘ldi. Ularning nomi bilan bog‘liq muzeyda esa qo‘lyozmalar, Zulfiyaxonim kiygan atlas ko‘ylak va bir zamonlar Hamid Olimjonning egnida bo‘lgan kostyumni ko‘rish mumkin.

Zulfiyaxonim kiygan atlas ko‘ylak
Hamid Olimjonning kostyumi

Paxta boykoti bekor qilindi, Yevropa bozoriga yo‘l osonmi?

Yer yuzining hamma burchagida pandemiya ta’sir qilmagan jabha qolmadi hisob. Jumladan, ishlab chiqarish sohasi bundan katta zarba ko‘rdi. Loyihasi tayyor va ish boshlashi kerak bo‘lgan korxonalar ahvolini esa tasavvur qilish qiyin. Jizzaxdagi «NEWLAND» MChJ tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi asosidagi «Farali» fabrikasining ilk ish kuni 2020 yil 1 martiga to‘g‘ri kelgan. Ozroq ishlab faoliyatni to‘xtatdi. Sentyabrdan qaytadan faoliyati tiklangan.

Avvaliga korxonaning ko‘rgazma zalidagi mahsulotlarni ko‘rish imkoni berilganda, ilgakdagi sport kiyimlari tayyorlanishida turk ish uslubi, sifatini darrov ilg‘adim.

Direktor o‘rinbosari Ixtiyor Po‘latov korxonaning ilk qadamlari haqida gapiradi. Avvaliga korxona rahbari Farrux Aliqulovning kichkina sexi bo‘lgan ekan. Kengaygach, Xitoydan uskunalar olib kelingan. Turk hamkorlar jalb qilingan. «Bugunda 250 ta ishchi ishlayapti», deydi Ixtiyor. Maoshlari, shogirdlar uchun 900 ming so‘mdan boshlanar ekan. Buyog‘iga ishi miqdori va sifatiga qaraladi. Korxonada «temir daftar»ga kiritilgan ayollar kam emas. Bu yerda o‘rtacha 2 mln. dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish mo‘ljallangan. 2021 yilning 6 oyida 817 ming dollarlik tovar Rossiyaga eskport qilingan. Moldovaga ham mahsulot jo‘natila boshlangan. 

Korxona bosh texnologi Nazim Kuchuk (tarjimasi – Kichik) eksportda faqat Rossiya bilan cheklanmasdan Yevropaga ham chiqish uchun hozirlik ko‘rilayotganini aytadi. Uning o‘zi Turkiyadan qariyb 40 yil davomida Yevropa bozoriga mahsulot yetkazgan.

«Ishimiz ravnaqi uchun Yevropaga chiqishimizni davr taqozo qilmoqda. Lekin hozircha Yevropaga chiqolmayapmiz. Rossiyadan farqli ravishda Yevropaning o‘z standartlari bor», deydi mutaxassis.

«O‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinishi bilan Yevropaga yo‘limiz ochilayapti», davom etadi Ixtiyor.

Unga ko‘ra, ham bolalar mehnati, ham majburiy mehnat bekor qilingani endi o‘z hosilini beradi.

«Boykot bekor qilingani bilan shundoq Yevropaga chiqib bo‘lmaydi. Ularning o‘z sertifikatlari bor. Bu ekologik toza mahsulot. Inson kiyganda, ayniqsa bolalar kiyganda uning terisiga ta’sir qilmasligi kerak bo‘lgan ximikatlar, toza ximikatlar deyiladi. Buyoq jarayonida ishlatish uchun ana shu ximikatlarni sotib olishimiz kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, korxonada ishchi-xodimlar mehnat sharoiti, manfaatlari normasi talablariga javob berishi kerak. Bunda, korxona deylik, yorug‘lik yetarlimi, issiqlik ta’minlanayaptimi, vaqtida ovqatlanayaptimi, ish soatlari oshmaganmi, favqulotda holatlar uchun chiqish yo‘laklari tayyormi kabi o‘nlab talablarga javob berishi kerak», deydi u.

Ma’lum qilishlaricha, ekosertifikat va ishchilar ijtimoiy himoyasi borasidagi sertifikat uchun ariza topshirilgan. Shuningdek, Italiya, Germaniya va Fransiya bozori uchun mahsulot namunalari ham jo‘natilgan. 

Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, boshlanishida loyiha qiymati 11 091 mln so‘m, shundan bank krediti 7 000 ming dollar va o‘z mablag‘i 2 075 mln so‘m bo‘lgan.

Rossiyaga qo‘llangan sanksiya O‘zbekistonni qayirolmaydi

Jizzax viloyati iqtisodiyotida avtomobil sanoatining paydo bo‘lishi anchayin yirik qadam. Press-relizda yozilishicha, 2021 yilda aynan shu yo‘nalishda umumiy qiymati 3,4 trln. so‘m bo‘lgan uchta yirik investitsiya amalga oshirilgan. Buning ortidan 1960 ta ish o‘rni yaratilibdi. 

Jurnalistlarning navbatdagi manzili «ADM Jizzakh» MChJ  bo‘ldi. Ish vaqti tugagani bois bevosita ishlab chiqarish jarayonini ko‘rmadik. Ammo sex boshlig‘i Hoshimjon G‘afforov  korxona bilan yaqindan tanishtirdi, jarayonni batafsil tushuntirdi. Uning aytishicha, «Kia», «Renault», «Lada» rusumli avtomobillar ishlab chiqarish loyihasining 2-bosqichi amalga oshirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 2020 yilning besh oyi davomida zavod qurib bitkazilgan va ishga tushirilgan. Bugungi kunda zavodda yangi yaratilgan ish o‘rinlarida 250 nafar jizzaxlik mehnat qilmoqda.

Rossiyaning «harbiy amaliyoti» ortidan topgan sanksiyalari Jizzax avtombilsozligiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? 

— «Renault»ni Rossiya orqali olardik. Lekin ta’minotchi Rossiya bozoridan chiqib ketdi. Bu bilan ishimiz to‘xtab qolgani yo‘q. Uning o‘rnini  Janubiy Koreya yetkazib berayotgan «Kia» avtomobili bilan to‘ldirayapmiz, — deydi sex boshlig‘i.

Ish soatlarida ikkita liniya to‘liq ishlarkan va soatiga beshta mashina yig‘ib berilayapti. Darvoqe, korxonaning hozircha vazifasi — kapot va unga komplekt qilib jo‘natilgan oddiy boltlaridan tortib, g‘ildiragigacha o‘rnatib tayyor holga keltirish ekan. Suhbatdoshimiz oyiga mingta avtomobil yig‘ilayotganini faxr bilan aytdi. 

«Zavod yonboshidan qurilayotgan navbatdagi sex bitganda, avtomobillar shu yerda bo‘yaladi», deydi mamnuniyat bilan Hoshimjon.

Jurnalist yigitlar  qator tizib qo‘yilgan chiroyli avtomobillarga yaxshi niyat bilan o‘tirib ko‘radilar. Bu avtomobillar ko‘payaversa, yo‘llarimizdagi zerikarli bir xillikdan voz kechsak kerak. 

(davomi bor)

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring