Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Aybdor kim, harf tanimagan ota-onami, an’analarmi, maktabmi yoki ishsizlik?

Aybdor kim, harf tanimagan ota-onami, an’analarmi, maktabmi yoki ishsizlik?

Foto: «Xabar.uz»

Lo‘lidan chiqqan olim, tarix fanlari nomzodi Xol Nazarov lo‘lilarning Markaziy Osiyoga kelib o‘rnashishi tarixi, turli etnonimlari, madaniyati, an’analari, muammolarni ichkaridan o‘rganib yozgan dissertatsiyasida millat bolalarining maktabga to‘liq jalb etilmaganini alohida ta’kidlagandi. (Dissertatsiya 1971-yil 8- yanvarda Moskvada himoya qilingan).

Oradan yarim asr o‘tibdiki, garchi yetmishinchi yillar darajasida bo‘lmasa ham, lo‘li bolalar orasida maktabdan tashqarida qolayotganlar ko‘pligi hamon jamiyatning eng og‘riqli nuqtalaridan biri.

Avvalo shuni aytish kerak, Samarqanddagi lo‘lilar orasidan bir necha olim, shifokor va o‘qituvchi chiqqan. Yaqin yillarda ham oliy ta’lim dargohlarini bitirgan va ayni vaqtda universitet, institutlarda o‘qiyotganlar bor. Lekin barmoq bilan sanarli peshqadamlar, chalasavod, hatto umuman savodsiz qolayotgan yuzlab o‘g‘il-qizlarning kelajagidan xavotirni aritmaydi.

Samarqand shahridagi 25-umumta’lim maktabi.

Samarqand shahrida bir necha mahallalarda lo‘lilar kompakt tarzda yashaydi. Lo‘li bolalari borishi kerak bo‘lgan maktablar ham hududga ko‘ra bir nechta. Ularning ko‘pchiligida lo‘li, o‘zbeku tojik bolalari aralash tarzda o‘qishadi. Lekin, mavzuni o‘rganish uchun biz tasodifiy tarzda tanlagan 25-umumta’lim maktabi o‘quvchilari 100 foiz lo‘li o‘g‘il-qizlaridan iborat bo‘lib chiqdi. Qizig‘i, maktab joylashgan «Sharq» mahallasida o‘zbek, tojik millat vakillari ham yashashadi. Ularning bolalari shundoqqina «25»ning yonidan o‘tib, boshqa maktabga yo‘l olishadi.

Birinchi taassurot

Ilk marta bu maktabga borganim: noyabr oyidagi ta’til kunlaridan biri edi. Ichkarida o‘qituvchilar yig‘ilishi o‘tkazilyapti. Mas’ullar bo‘shashini hovlida kutdim. Maktab qorovuli kelib yonimga o‘tirdi. Lo‘li yigit. Ismi Ja’far ekan. To‘ng‘ich farzandi sakkiz yarim yoshda ekan, u hali maktabga kelmagan. «Nega?» deyman hayratimni yashirolmay. Bir undan dedi, bir bunday dedi, «Hamma yerda kasal (koronavirus)», deb qutulgan bo‘ldi. Onlayn o‘qish mumkin dedim men. Ja’far 400 ming atrofida maosh olishini aytdi...

Direktor Farhod G‘afforov ushbu maktabda ish boshlaganiga uch yildan oshyapti. U dargoh bilan yaqindan tanishtiradi. Maktab 1936-yili qurilgan. Ko‘rinishidan xarobalikni ilg‘amaysiz, aksincha, qadimiy va ayni vaqtda mustahkam bino. 420 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo 2020 yilgacha ta’lim muassasasida sport zal, faollar zali, bufet bo‘lmagan. «Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov kelib, ahvolni o‘rgangandan so‘ng byujet hisobidan qurilish ishlari boshlandi. Qo‘shimcha ob’yekt bitkazib topshirildi» — deydi G‘afforov.

Farhod bu maktabga kelgan yili 3 ta 1-sinf tashkil qilganini gapirib berdi: «7 yoshlilarni 1-«A» ga qabul qilganmiz. 1-«B» ga 8 dan 9, 10 yoshlilarni olayapmiz. 1-«V» sinfiga 10 dan yuqori 14 yoshgacha o‘quvchi qabul qilganmiz».

Samarqand shahridagi 25-umumta’lim maktabi direktori Farhod G‘afforov.

Xo‘sh, 9, 10, 11... va undan katta yoshdagi bolalar nega shu mahalgacha maktabga jalb etilmagan? Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomasi bo‘lmagan. Nega guvohnomasi bo‘lmagan? Chunki, ota-onasi ZAGSdan o‘tmagan. Nega o‘tmagan? Nikoh yoshiga yetmay oila qurgan. Qanday qilib? An’analarga ko‘ra, olib qochgan.

Farhodning aytishicha, «metrika»si bo‘lmasa ham mahalla, ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan birgalikda mahallaning o‘zida xatlov tayyorlangan va shu asosda maktabga olina boshlangan.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gulsanam Muhiddinova ro‘yxatda bolalar soni oshgani bilan davomat muammoligicha qolayotganini ta’kidladi: «Ota-onalarning ko‘pchiligi harfni tanimaydi, bola maktabga kelsa-da, ayniqsa, boshlang‘ich sinfda uy vazifasini bajarmasa, kamiga kattalar bilan ishga chiqish uchun kunda, kunora maktabga ko‘rinish bermasa, harflarni vaqtida o‘rganib bormasa, keyin orqada qolaveradi...»

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gulsanam Muhiddinova.

«Turli bahona bilan kelmaydigan o‘quvchilarimiz kam emas, — deydi Gulsanam, — yomg‘ir yog‘sa, uyimni suv bosdi deydi, poyafzalimdan suv o‘tdi, deydi. Lekin tadbir qilsak 100 foiz keladi, tadbir ularning joni dili. Musiqali kechalar uyushtirishga harakat qilamiz. Lekin ertasiga yana shu ahvol». «Deylik, bitta xonadonda 4 ta o‘quvchi bo‘lsa-yu, bittasi maktabga kelmaydigan bo‘lsa, to‘rtovi ham kelmaydi», — kuyinib gapiradi muallima.

Yelim idish terish, ukasiga qarash, ustaga yordam uchun maktabga kelmagan

Samarqand shahridagi 25-umumta’lim maktabida ikkinchi marta aprelning o‘rtalarida bo‘ldim. Qo‘ng‘iroq jarangi, bolalar qiy-chuvi bilan bu gal maktab fayzliroq ko‘rindi. Avvalo Ja’farni izlab topdim. Qizi to‘qqizga kiribdi, lekin hanuz maktabga olib kelinmagan. «Kasal deyarli tugadi-ku» deyman. «Yo‘q, maktabga bermayman, keyingilarini berarman» dedi xotirjam...

O‘qituvchilar xonasiga qadam qo‘yishim bilan, ortimdan bir o‘qituvchi 3 o‘quvchini ergashtirib kirdi. Kecha maktabga sababsiz kelmagan 2-sinf o‘quvchilari, deyishdi. Oppoq ko‘ylaklarda, oq yuvib, oq taralgan. Odob bilan boshlarini egab turishibdi. Bo‘yi uzunroq bola kecha dadasi bilan ishga chiqqanini aytdi. Ish degani axlat qutilaridan yelim idishlarni terib olish ekan. Anavi o‘g‘il va qizaloq aka-singil. Akasi onam kasal edilar deydi, singlisi esa ukasi betobligini aytadi...

«Har kuni shu ahvol».

O‘quvchilar chiqib ketgach, Gulsanam «Opa, har kuni ahvolimiz shu» deydi. Keyin o‘tgan besh oyda o‘tkazgan qator tadbirlardan video va suratlarni ko‘rsatadi. Qo‘shiqda, raqsda iqtidorlilar ko‘pligiga amin bo‘laman.

Shu topda bir daftarni berishdi. Oddiy ruchkada chizilgan naqshlar juda go‘zal va o‘ziga xos edi. Muallifni so‘radim. «7-«A» sinf o‘quvchisi Sunnat Amonov ham bugun maktabga kelmagan». Uyi maktabning ro‘parasida ekan, chaqirib kelishdi. Ustalarga qarayotganini aytdi. «Juma kuni keldim-ku. Javob so‘raganman» dedi. O‘z ustida ishlasa, maktabda yaxshi o‘qisa undan ajoyib rassom chiqishini aytaman. Uyda yana daftarlarim bor deydi.

Iqtidorli o‘quvchi Sunnat Amonov ijodidan namunalar.

Sunnatning oilasi besh kishi — otasi, onasi, o‘zi va ikki ukasidan iborat, ammo hozirda ota-onasi ikki ukasini olib Qozog‘istonga ketishgan. O‘sha yerda ishlashyapti. To‘rt oydan buyon maktabda partasi bo‘sh qolayotgan 5-sinf o‘quvchisi Bo‘ri uchun akasi Sunnatning boshi egiladi.

Sunnatning aytishicha, sinfda 7-8 nafar bola o‘qirkan. O‘qituvchilar holatga oydinlik kiritishadi. «Bugun kelmagani ertaga keladi, bugun kelgani 2-3 kun qayergadir ketib qoladi, uyiga borib ham topolmaymiz». Anglashilicha, ko‘pgina o‘quvchilarda ora-orada maktabga kelmay turishi normal holat degan tushuncha shakllangan. Sunnatdan uydagi daftarlarini olib kelishini so‘rayman. «Hozir olib kelaman» deydi. Lekin kelmaydi. (Hafta so‘ngida ham u hamon maktabga kelmagan edi. Uyiga bordim, uyda ham yo‘q edi...)

Birinchi smenada darslar tugab, o‘qituvchilar atrofimda to‘planib qolishdi. Suhbatimiz shunchalik samimiylashdiki, ertalab komissiya kelayapti, degandagi holatni o‘zimga gapirib berishadi. (Kelishimdan yarim soatcha avval qo‘ng‘iroq qilgandim).

Bolalar qiy-chuvi bilan maktab jonlangandek...

— Komissiya kelyapti, qizingiz maktabga kelmadi desam, otasi qizi chaqaloqqa qarayotgani, onasini esa kechadan buyon ichki ishlar bo‘limida ushlab turishganini aytdi. Hech bo‘lmasa bir soatga yetib kelsin dedim, ikkinchi darsga kirib keldi, deydi o‘qituvchi. Ma’lum bo‘lishicha, emizikli singlisiga qaraydigan qizcha 13 yoshda ekan.

Yana bir o‘qituvchining aytishicha, uning 5-sinfdagi Fotima-Zuhra o‘quvchilari yoshiga to‘layotgan ukalariga qarash uchun navbatlashib maktabga kunora kelisharkan. Bu oilada ona Qozog‘istonga ishlashga ketgan...

Amir Temur portretini chizgan Shohjahon.

Kichik tahlil

Davomli ravishda «progul»lar bora-bora maktabdan tamoman uzilishga olib keladi. Ota-onasining qayergadir ishga borayotganda bolasini birga olishi yoki o‘qituvchi talabi (davomat borasida bo‘lsin, darsni tayyorlamagani yoki maktab kiyimi, tartibi haqida bo‘lsin) yaxshigina bahona bo‘lib, o‘g‘il-qizlar maktabga umuman kelmay qolgan hollar kam emas. Shu tarzda sinfda o‘quvchilar soni yildan-yilga kamayib boraveradi.

«O‘qituvchilar xona»sida shkafda qolgan sinf jurnallarini (bu sinflarda dars 2-smenada) bir-bir varaqlayman.

  • 3-«A» da 24 ta o‘quvchi qolgan (27 nafardan 3 tasi umuman kelmaydi).
  • 4-«A» da 29 ta (31 o‘quvchidan 2 tasi ta’limdan butkul uzoqlashgan).
  • 5-«A» da 22 nafar o‘quvchi qolgan.
  • 5-«V» da 16 ta o‘quvchi qolgan (5 ta bola ta’limdan tamoman uzoqlashgan).
  • 6-«V» da 12 ta o‘quvchi (jurnaldagi qayd).

Maktabga kelmay qo‘yganlar sifatida 11-sinfdagi 17 o‘quvchidan 6 nafarining ism-sharifi (2022 yil 26 fevralda) tegishli idoralarga jo‘natilgan. Shu o‘rinda aytish joiz: bu 6 nafar o‘quvchining bittasi 18 yoshda, ikkitasi 19 yoshda va uchtasi 20 yoshda. Ularning uch nafari qizlar.

O‘qituvchilar ham, millat vakillari, qator holatlarda qizlar kim bilandir qochib ketishidan xavotirlanib 6, 7-sinfdanoq maktabga yuborilmasligini ta’kidlashdi.

Bir qism lo‘li oilalarida hatto o‘g‘il bolalar ham maktabda 3, 4 yil o‘qishga borishi yetarli, deb hisoblanadi. Har holda bu 6 nafar yigit-qizlarning ko‘pchiligi, balki hammasi maktabga qaytmagani ehtimoli katta.

Bu ayolning maktab yoshidagi farzandlari o‘qishga bormaydi.

Lo‘lilar orasida borib uy-joyni tozalash, gilam yuvish, ma’rakalarda idish-tovoq sarishtalash bilan shug‘ullanadigan xotin-qizlar ham bor. 32 yoshida (!) nabira kutayotgan shunday ayollardan biri «uchinchi va beshinchi sinfda o‘qiyotgan o‘g‘illarim uchun ma’lumotnoma olib bera olasizmi?» deya so‘radi. Ayol eri bilan Toshkentga qidirib borishida (ishni ular shunday atashadi) shu bolalarini ham birga olib ketmoqchi. Shunga ruxsatnoma istayapti! «Uy olishim kerak, opajon, musirkada ish yaxshi ekan, Samarqanddan ko‘plar borib ishlayapti, uycha berib qo‘yarkan, baklajka, kartonni odamlar tashlab ketgan musirdan ajratib olarkansiz. Po‘choq, non ham chiqarkan...»

– Keyin bolalaringiz o‘qishi nima bo‘ladi?

– Xay, nima qilay? Lekin ikkisi ham o‘qiy oladi, sharros bo‘lmasa ham gaz, svetdan kelgan qog‘ozlarni asta-asta o‘qib beradi, – o‘zining haqiqatini isbotlamoqchi bo‘ladi u...

Maktab ostonasidan o‘tmaganlar

Maktabga «progul»lar bilan qatnash holatlari hali «holva» ekan. Mavzuni o‘rganish jarayonida umuman maktab ostonasini bosmagan o‘nlab yigit-qizlar bilan suhbatlashishga to‘g‘ri keldi.

«Fidoyilar» mahalla markazida hind kinoaktrisalarini eslatuvchi, ko‘z-qoshlari yonib turgan ikki qizni uchratdim. 17 yoshli Diyora va uning 19 yoshli tog‘avachchasi Mehrangiz. Ikkalasi ham maktabga qadam qo‘ymagan. Ular mahalla markaziga ish topib berishni so‘rab kelishgan. Farroshlik ishini. Diyoraning aytishicha, uni tikuvchilikni o‘rgatamiz, deb ishga olishgan. «Uddalay olmadim» deydi qizgina.

Siyob dehqon bozorida lo‘li bolalar ertadan kechgacha aylanib yurishadi.

Diyoraning onasi Gulzoda Saidovaning ham savodi yo‘q. U o‘zining tug‘ilgan sanasi haqida «sakson nechi edi-da, bilmayman» deydi. Uning 6 nafar farzandi bor, katta qizini uzatgan, u o‘qimagan bo‘lsa ham oilasini eplab turganiga ishora qiladi. Undan keyin 2005 yilda tug‘ilgan Diyorani ham maktabga berishmagan. Ayni vaqtda o‘qishi kerak bo‘lgan yana bir qizi ham maktabdan tashqarida qolmoqda. Endi to‘rtinchi farzandi O‘g‘iloy maktab yoshiga yetyapti. «Sharoitimiz og‘ir bo‘lgani uchun maktabga berolmaganman. Yordam bersangizlar, O‘g‘iloyni maktabga o‘qitardim. Nega o‘qitmayin?», deydi u. Anglashilishicha, yordam deganda maktab formasi, maktabning o‘ziga xos xarajatlari nazarda tutilgan. Ayol yonidagi 5 yoshli ozg‘in, jussasi yoshidan ancha kichkina bolasi yuragida parogi borligini aytadi, unga beriladigan nafaqa dorilariga yetmasligini ta’kidlaydi.

25-maktab ichkarisidagi daraxtlar panjara osha tashqariga ham soya soladi. Ana shu yerda o‘rtog‘i bilan gaplashib turgan yigit o‘zini Parviz, deb tanishtirdi. U 20 yoshda. «Bolaligimdan Moskvadaman. U yerda turli ishlarni bajarganman. So‘nggi ishim metall yuklovchilik – gruzchik bo‘lganman. Telefonda chaqiradi, boramiz, yuklaymiz, pulimizni olib kvartiraga qaytamiz...». Parvizning ukasi ham Moskvada ulg‘aygan. Akasi ham. Ularning birortasida maktabda o‘qigani haqida na shahodatnomasi va na attestati bor. Yigitlar maktabga faqat soyada o‘rtoqlari bilan suhbatlashish uchungina yaqinlashadilar. Ehtimol, suhbatlarda Rossiyaga yana qachon jo‘nashi haqida ham to‘xtalar...

Maktabga bormagan 20 yoshli Parviz kameraga qarashni istamaydi.

Keyin Siyob bozoridagi birda lo‘li folbinlar atrofida o‘ralashib, birda bozorning istagan burchagida o‘ynab yurgan 9, 12 yoshlar orasidagi o‘g‘il va qizlarning o‘qishi bilan qiziqdim. «Ularning maktabi shu yer» — yaqinlaridan olgan javobim shu bo‘ldi.

So‘ng bozor tashqarisida yelim idishli xaltani yelkasida ko‘tarib borayotgan 4-5-sinf o‘quvchisi yoshidagi ikki qizaloqni to‘xtatdim. Sochlari patak bo‘lib ketgan qizchalar. Aytishlaricha, maktabga hayotda bir marta ham borishmagan. Biroq pul sanashni o‘rganishgan. Kuniga bir xalta baklashka to‘plash mumkin, deyishdi ular. Qizlar topgan pullarini uyga olib borib berishadi: «Non va boshqa yeguliklar uchun ishlatamiz».

Qizchalar xaltada chiqindi yelim idishlarni olib ketishayapti.

Oqshomlari mahalla hududida joylashgan qabul qilish nuqtasida uzun navbatda eshak aravalaru, «Jiguli» kapotlarida yelim idishlaru karton qog‘ozlar va metall parchalarini ortgan kattalar qatorida xaltalardagi chiqindilari bilan kelgan maktab yoshidagi bolalarni ham uchratish mumkin. Eslatib o‘tamiz, bir kilogramm yelim idish uchun ikki yarim ming so‘m to‘lanadi. Yelim idish qurg‘ur yengil, bir xaltasi 4 kilocha chiqarkan.

Otasi Shvetsiyada o‘qisin deydi, qizi Londonni orzu qiladi

...Umrini ta’lim sohasiga bag‘ishlagan, Sharif Nabiyevning nabirasi Sadri Nabiyev xonadonida ilmga e’tibor katta.

Sadrining to‘ng‘ich farzandi, 17 yoshli qizi SamDU talabasi. O‘g‘li esa kompyuter texnologiyalari sohasiga ixtisoslashayapti, akademik litseyning a’lochi o‘quvchilardan biri. Yana bir o‘g‘il va bir qizi maktab o‘quvchilari, ular ham a’lo baholarda o‘qimoqda.

Sadri Nabiyev ayoli bilan farzandlarini oliy ta’limga rag‘batlantiradilar.

Sadri Nabiyev 45 yoshda. Fikrlari sog‘lom, har bir gapini aniq-taniq misollar bilan lo‘nda qilib tushuntiradi. Juda optimist. «Men o‘zimni rivojlantirish uchun lo‘li ekanim hech qachon halaqit bermaydi», degan tushunchani ilgani suradi. U o‘rta maxsus ta’lim dargohida ta’lim olgan. Oliy ta’lim olmaganini bilim dargohini bitirgan yillari xorijga yo‘l ochilgani ortidan dunyoni kezgani bilan izohlaydi. Aytishicha, u shunchaki sayohat qilmagan, qator kasbni o‘rgangan, ishlagan.

Nabiyevlar xonadoniga 5-umumta’lim maktabi yaqinroq. Bolalar hammasi shu maktabga berilgan. Bu maktab Samarqand shahridagi namunali maktablardan biri hisoblanadi. Dargohda turli millat bolalari o‘qishadi. «Mening bolalarim kasal bo‘lib bir kun maktabdan qoladigan bo‘lsa yig‘laydi. O‘qituvchisiga qo‘ng‘iroq qilamiz» obdon tushuntiradi suhbatdoshim.

Sadri 25-maktabdagi holatni esa ilm dargohi uzoq yillar davomida eng quyi pog‘onaga tushib ketganidan, deb biladi: «O‘n yillarki, bu maktab bolalarining ko‘pchiligi dars vaqtlarida ko‘chalarda yuradi, ota-onalar, ichki ishlar xodimlari bilan ishlash kerak»

Suhbatdoshimdan farzandlarini qanday rag‘batlantirishini so‘rayman. Ma’lum bo‘lishicha, bu oilada ota-ona farzandlariga yaxshi do‘st ekan. «Ramazon oyi. Har sahar bolalarim bilan birgalikda niyat qilamiz. Bomdodni bolalar bilan birgalikda o‘qiymiz. Ko‘p suhbatlashamiz. Gohida bahslashamiz ham». Bolalari o‘tgan yili o‘z kuchlari bilan o‘qishga kirganda ularga nima sovg‘a qilish haqida savol tashlagan. Qizi telefon, o‘g‘li kompyuteri bo‘lsa ham yangi rusumdagini so‘ragan. Sadri esa ularning aytganini olib bergan.

Sadri yetuk mutaxassis bo‘lishni xohlayotgan qizining Yevropada o‘qish istagini quvvatlaydi. Lekin bu masalada fikrlar qarama-qarshiligi ham bor. Dadasi Shvetsiyada tanishlari borligi uchun qizini shu mamlakatda o‘qishini istaydi. Qizi esa London oliy dargohlarini orzu qiladi...

Samarqanddagi lo‘li mahallalarini oralar ekanman, eshiklari oldida to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirgan xotin-qizlarni suhbatga tortaman. Ular orasidan «10 sinf o‘qiganda ham baribir tachkachi yoki tilanchi bo‘ladi» deydiganlar topildi.

Fotima Kazakova «O‘qishni bilmay, ko‘zimiz ko‘r bo‘lib o‘tayapmiz» deydi.

57 yoshli Fotima opa Kazakova esa boshqacha fikrlaydi. «Vaqtida ota-onam o‘qitmagan, bu dunyodan o‘qishni bilmay misli ko‘r bo‘lib o‘tib ketayapman» deydi. U mehnat staji orqali pensiyaga chiqqan kamyob lo‘li ayollaridan. O‘n yil bolalar bog‘chasida enaga bo‘lgan, so‘ng yana shuncha vaqt 25-maktabda farrosh bo‘lib ishlagan. «To‘ng‘ich qizim maktabni bitirar paytda katta o‘qishga kirish uchun pul berish kerakligini bilib hafsalasi pir bo‘ldi. Endi o‘zining bolalari maktabga borayapti. Hozir instutga pulsiz ham kirishayapti ekan-ku». Fotima opa bolalar maktabda risoladagidek o‘qishi uchun biribir ta’minotning o‘rni muhim, deb hisoblaydi.

«Charchadim, ishdan ketaman...»

Samarqand shahridagi 25-maktab o‘qituvchilarini qahramon deb atagim keldi. Aksar hollarda bayramlarda, loaqal hovlidan uzilgan gulga ham loyiq ko‘rilmaydigan ustozlar ular («400 ta boladan 4 tasi uyidan gul olib kelishi mumkin»  dedi muallima). Istalgan kun, istalgan soatda to‘g‘ri sinfxonaga kirib qaysidir ona nimanidir vaji bilan janjal qilishidan yuragi zirillab qolgan muallimalar. Tadbirlar kunida o‘quvchilariga ona bo‘lib sahna kiyimlarini o‘zlari topib keladigan fidoyilar. Qizaloqlar sochlarini o‘zlari o‘rib, o‘zlari oppoq lentalar taqib qo‘yadigan enaga-o‘qituvchilar.

Navro‘z bayrami tadbirida.

Onlayn o‘qish davrida ustozlar eng og‘ir ahvolda qolgan maktab edi — 25-maktab. O‘quvchilarning aksarida onlayn ta’limga yaragulik telefonning o‘zi yo‘q edi...

Turmush o‘rtog‘i maktab ko‘rmagan, o‘zi ham harf tanimaydigan, farzandlaridan birortasini o‘qitmagan ko‘p bolali Gulzoda Saidova 25-maktab haqida «o‘qituvchilari bilimsiz» dedi. Fikri isboti so‘ralganda qaysidir qo‘shnisi Behro‘zning shu maktabga qatnab (muntazam qatnadimikan?) o‘qiy olmasligini ro‘kach qildi.

Sadri Nabiyev esa «Nega 5-maktabdagi lo‘li bolalarining aksariyati yaxshi o‘qiydiyu, 25-maktabdagilar yomon o‘qiydi?» deb dargohlarni taqqosladi. Kuchli mutaxassislarni ko‘proq jalb qilish kerakligini takrorladi.

Bolasini maktabga jo‘natmayotgan yana bir lo‘li ayol «o‘qituvchilar bolalarni millatga qarab ajratadi» dedi. «Bu maktabda boshqa millat bolasi yo‘q-ku», deyman. U bir pas kalovlanib qoladi, yengilgisi kelmaydi: «E-e, baribir bizni jo‘gi deyishadi-da».

25-maktabda ham a’lochi, iqtidorli o‘quvchilar topiladi, lekin juda kam. Maktabga kelgani uchungina va yoki ertaga kelmay qolmasligi uchun yaxshi baho qo‘yilgan joylar bor. O‘qituvchilarning eng chidamlisi, eng fidoyisi uzoq yillar ishlayapti. Biroq kadrlar qo‘nimsizligi doimo og‘riqli «dard».

Biz maktabda bo‘lgan kunda ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri ishdan bo‘shash uchun ariza qoldirib ketgan ekan. «Charchadim, dedi. O‘qituvchilarimizga oson emas», Gulsanam Muhiddinova bo‘lmaganda, yana bir oy chidab berishga bardoshi yetmagan hamkasbi holatini tushuntirgan bo‘ladi.

Noyabr oyida 24 nafar o‘qituvchi orasida birorta ham lo‘li millatiga mansubi yo‘q edi. Keyingi safarimda jamoaga lo‘li yigit kelib qo‘shilganini aytishdi. «O‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lsa ham tirishqoq yigit», deyishdi hamkasblari.

O‘tgan yilgacha bu maktabda oliy toifali tugul, 1-toifali o‘qituvchi ham bo‘lmagan. Hozirda asta-sekinlik bilan toifalar ko‘tarilayapti.

Dilrabo Cho‘liyeva «o‘quvchilarimning har birini o‘z bolamdek yaxshi ko‘raman» deydi.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilrabo Cho‘liyeva 25-maktabda 4-bosqich talabaligidan (2009 yil) buyon ishlaydi. «Qaysi millatda bo‘lmasin bola – bu bola. Ularning maktabdan tashqarida qolayotgan qismi uchun bolalarning o‘zlarini ayblab bo‘lmaydi. Men o‘quvchilarimga mehr qo‘yganman, har birini o‘z bolamdek yaxshi ko‘raman» deydi u.

Lo‘li bolalarni maktabga qanday qaytarish mumkin?

Gulsanam Muhiddinovaning ma’lum qilishicha, muntazam dars qoldirayotgan va endi butkul maktabga kelmasligi xavfi bo‘lgan bolalar ro‘yxati chora ko‘rish uchun tegishli idoralarga jo‘natilgan. 2021 yildagi xuddi shunday ro‘yxatda 50 dan ortiq o‘quvchi qayd etilgan bo‘lsa, 2022 yil 26 fevral sanasi bilan yuborilgan xat ilovasidan 80 dan ortiq familiya o‘rin olgan.

«Fidoyilar» mahallasi yoshlar yetakchisi Dilafro‘z Burhonovaga ko‘ra, bola maktabga bormayotgani haqida xat kelganda, mahalla oqsoqoli, uchastka noziri bilan uyiga borishadi. «47-modda bilan bir yarim million shtarf qilamiz deyishga majbur bo‘lamiz. Bitta-ikkkitasi qo‘rqib yuboradi. Lekin ko‘plari yubormaydi, sharoitim og‘ir yoki bolam menga qarashadi, birga bakalajka yig‘amiz, deya biror bahona topadi. Ko‘plari ota-onasi bilan Qozog‘istonga oilaviy chiqib ketgan», deydi Dilafro‘z.

«Fidoyilar» mahallasi Yoshlar yetakchisi Dilafro‘z Burhonova.

Samarqand shahar ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar masalasi bo‘yicha inspektor-psixologi Ulug‘bek Tangirovning aytishicha, lo‘li bolalari orasida ruhiy tushkunlikka tushgan holat aniqlanmagan: «Ular hatto tushkunlikka tushganda ham o‘zlarini olib qochadilar, bildirmaydilar».

Ulug‘bek bolalarni maktabga qaytarishning yagona yo‘li sifatida hozirda ularni jarimaga tortish bilan qo‘rqitish nisbatan samara berayotgan usuldek ko‘rinadi, deydi. «Gohida esa aynan shunday targ‘ibot aks ta’sir ko‘rsatadi – ta’kidlaydi psixolog. – Ota-onalarning ongini yoritishga yordam berish muhim» .

Faol lo‘lilardan Sadri Nabiyev hamma yomon illatlarning otasi ilmsizlik, deydi. Sadri Samarqanddagi millatdoshlarining kamida 50-60 foizi tilanchilik qilishini yashirmaydi: «Yolg‘iz chiqib bir so‘m topsa, bolasini olib chiqsa, ikki so‘m bo‘ladi. Bola pul topayaptimi, u o‘qishga qiziqmaydi. Bolalar asosan svetoforlar oldida tilanchilik qiladi. Qayerga borsang, svetofor oldida bolalar, nechtasini moshin urib ketdi. Yo‘llardami, axlatxonalardami, qayerda bo‘lmasin, ichki ishlar tizimi, boshqa mas’ul idoralar xodimlari reydlarda bolalarni topib, maktabga qaytarishning yo‘lini qilishi kerak».

Maktab bolalari orasida arava sudrayotganlari bor.

Maktab jamoasi dargohda boshqa millat bolalari ham kelib qo‘shilganda, ularning ta’siri bo‘ladi degan fikrda. Lekin yaqin-atrofdagi oilalar bolalarini aynan shu maktabga bermaydilar. O‘qituvchilar kelgusi o‘quv yilidan o‘z bolalarini 25-maktabga o‘qish uchun olib kelish tajribasini qo‘llashmoqchi.

Maktab direktori Farhod G‘afforov esa «ota-onalar farzandlari o‘qishiga yordam berolmas ekan, zarar ham bermasin, faqat dam olish kunida uyiga borishga imkon beradigan maktab-internat ochish masalaning yechimi bo‘ladi» deydi.

Sadri esa lo‘li bolalari uchun imtiyozli bog‘cha ochilsa, samarali bo‘lishi haqida Toshkentdan kelgan vakillarga fikrini aytgan. «Bola ilk qadamlarini ko‘chada tashlasa, tili ko‘chada chiqsa, keyin ham ko‘cha tortaveradi-da».

Bir qator kuzatuvchilar 25-maktabda lo‘li millatining o‘ta ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi bolalari o‘qishini ta’kidlashdi.

Mustahkam TANGRIYoROVA
Samarqand-Toshkent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring