El boshiga kelgan «to‘y», so‘nggi qurbon, qotgan non voqeasi — bugunning yoshlariga eslatma
14-mart. Roppa-rosa 7 yil avval mamlakatni larzaga keltirgan hodisa ro‘y bergandi. Bu fojia millionlab insonlarni qiynab kelgan, mamlakat rahbari har qancha kurashayotgan bo‘lmasin, tomiri uzilmayotgan muammoni yana kun tartibiga chiqargandi.
Ziyoli qatlam borki, farzandlarining ta’limiga eng asosiy masala sifatida qaraydi. Oilaning ham, mamlakatning ham kelajagi shular qo‘lida. Ularning bugun olgan bilimi ertangi farovon hayot uchun xizmat qiladi.
Afsuski, bolalarining ta’limiga befarq ota-onalar ham, mas’uliyatni his qilmaydigan soha vakillari ham oramizda yo‘q emas. Befarqlik – yomon illat. Uning kasridan layoqatsiz avlod shakllanadi, bu esa jamiyatda johillik avj olishiga sabab bo‘ladi.
Yo‘llarda o‘zaro hurmatni yo‘qotgan haydovchilar, asabi doim tarang kishilar, ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratbozliklar — odamlar bir-biriga bilib yoki bilmay salbiy energiya tarqatadilar.
Hech bo‘lmasa, bir kuningizni atrofingizdagilarga, notanish insonlarga yaxshilik tilab, g‘iybatsiz, tarmoqlardagi haqoratlarsiz, shirin so‘z aytib, o‘tkazib ko‘ring-da! Shunda sizga qanday energiya qaytishini his qilasiz.
Hozirgi turmushimiz asablarimizni «yeb» tamom qilgudek darajada yomonmi? Yoki unutuvchanmizmi? Bugun farzandlaringiz bolaligingizdagi kabi qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazishyaptimi? Maktabda dars qoldirmay, faqat bilim olish shunchaki baxt ekanini hammadan ham ko‘ra, siz — o‘rta va katta avlod yaxshi eslasangiz, anglasangiz kerak.
Qotgan non voqeasi
1994-yilning kuzi. Paxtaga ixtisoslashmagan tuman maktablarining katta sinf o‘quvchilari viloyatning boshqa hududiga hasharga olib chiqilgan.
Hammayoq paxta, yaqin to‘rt chaqirim masofada qishloq yo‘q. O‘quvchilar dala o‘rtasidagi eski shiyponga joylashtirildi. Shiyponning katta-katta xonalariga kanopli qanor to‘shalgan, hasharchilar uyidan olib kelgan ko‘rpa-yostiqlarini to‘shab, joy qilib olishgan. Derazalarda oyna yo‘q, plyonka tortilgan. Na issiqda xonani shamollatib bo‘ladi, na sovuqda isitib bo‘ladi.
Ertalab, kechki vaqt yuvinish uchun shiypon yonidagi ariq suvidan yoki hovuzdan foydalaniladi. Ichish uchun uch kunda bir «vodovoz»da suv olib kelinadi. Himmat qilishsa, ikki haftada bir hammomga olib borishadi. Sharoitdan qizlar ko‘proq qiynalishadi. Yig‘lagani qancha, qochib ketib, yarim yo‘ldan tutib kelinganlari qancha. Sog‘lig‘ini yo‘qotganlari qancha.
Tong yorishmasidan qosh qorayguncha paxta teriladi. Silla quriydi. Yosh tana quvvat talab qiladi. Beriladigani — ertalabga buxanka non (uning ham bittasi to‘rt kishiga bo‘lib beriladi) va shirin choy, tushlikka suyuq, kechga suyuq ovqat. Asosan makaron sho‘rva, perlovka va guruchli suyuq.
Shungami, ota-onalar bolalarini yo‘qlab keladigan kunlar — shiyponda bayram. Hech bo‘lmaganda, yopgan non yeyish mumkin!
O‘sha yili paxta mavsumi juda cho‘zilib ketdi. Hasharchilar 70 kunni paxta dalasida o‘tkazishdi. Noyabr oyi o‘rtalarida kun, soat sanala boshlandi. Dalalarda paxta tugab, ko‘sakkacha terildi. Ammo «qaytish» haqidagi buyruqdan darak yo‘q...
Ne baxtki, xushxabar keldi, ertaga «qaytish» haqida topshiriq bo‘lishi mumkin. Mahsulotlarning qolgan-qutgani katta qozonga solindi, buxanka noni ikki ora bir qilib bo‘lindi... Kun o‘tdi, ammo kutilgan topshiriq yana kechikdi...
Bolalar ikki kun och qolib ketishdi. «Paxta shtabi»dan «sizga mahsulot ajratib bo‘lingan» degan sovuq xabar keldi, xolos. O‘smirning tanasi og‘ir mehnatga dosh berishi mumkin ekan, lekin ochlikka chidashi qiyin. Kechki mahal shiyponning tushkun xonasidan hayqiriq eshitildi: «Non!»
Hamma qichqirgan bola tomon qaradi, uning qo‘lida qotgan non bo‘lagi. Shoshila og‘ziga soldi. Tishlari orasidagi non bo‘lagining qarsillagan tovushi katta xonaning narigi tomonigacha bordi...
Majburiy mehnatning so‘nggi qurboni
Majburiy mehnatga qarshi qattiq kurash boshlangan, ayniqsa, bolalarning paxta terimiga chiqarilishi «siyosatga qarshi xiyonat» sifatida ko‘rilayotgan payt. Biroq bu illat juda chuqur ildiz otganidanmi yoki o‘sha vaqtda hududlardagi rahbarlarning qon-qoniga singib ketganidanmi, majburiy mehnatga chorlov hali butkul barham topmagan edi.
2018 yil, 14 mart. Mamlakatni larzaga keltirgan hodisa ro‘y berdi. 23 yashar, yoshgina o‘qituvchi ayol o‘ldi! Murg‘ak farzandi yetim qoldi. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘chani obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan Diana Yenekeyeva «KamAZ» ostida qolib ketdi.
Diananing o‘limi millionlab insonlarni yillar davomida qiynab kelgan, mamlakat rahbari har qancha kurashayotgan bo‘lmasin, tomiri uzilmayotgan muammoni yana kun tartibiga chiqardi.
Fojiani prezident Shavkat Mirziyoyev ham og‘ir qayg‘u bilan tilga olgandi o‘shanda.
«Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qanaqadir direktor, rahbar yoki hokim qachondir «mehmon» keladi deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin mening yuragimda bu xuddi men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar qilmishi uchun qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda», — degandi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident bunaqa ko‘zbo‘yamachiliklar xiyonat ekanini e’tirof etadi: «Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, «tayyorgarlik»ka jalb etish — siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat».
Bolalarning majburiy mehnati to‘liq barham topdi
Bu illatlarga qarshi kurashish oson kechmadi.
Konstitutsiyamizga ilk bora bolalar mehnatiga oid muhim norma ya’ni, 44-moddasiga «Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi» degan qat’iy norma kiritildi.
Tizimli va qat’iy islohotlar natijasida O‘zbekistonda bolalarning majburiy mehnati to‘liq barham topib, 2 millionga yaqin bolalar majburiy mehnatdan ozod qilindi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 5-moddasida majburiy mehnatning taqiqlanishi aniq ko‘rsatildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravari (37 500 000 so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Majburiy mehnat tashkilotchisi bo‘lgan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilganidan keyin yana shunday qilmishni takrorlasa, Jinoyat kodeksining 148²-moddasiga asosan, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
So‘nggi yillarda bir necha bor ushbu modda qo‘llanildi va qonunga amal qilmagan turli darajadagi rahbarlar javobgarlikka tortildi.
Bekorchi ishlarga vaqt sarflamang, bilim oling, bilim bering!
Bugun yoshlar majburiy mehnat mashaqqatlarini, el boshiga kelgan «to‘y»ning yillar davomida millionlab insonlar sog‘lig‘i, kayfiyati, hayotini o‘g‘irlaganini bilishmaydi. Bilishmasin ham!
Bugun «Yangi O‘zbekiston» menga nima berdi, «Eski O‘zbekiston» yaxshiroq edi, deya tarmoqlarda luqma tashlayotganlar uncha uzoq bo‘lmagan o‘tmishdagi kunlarini bir eslashsin, o‘zlari ko‘rmagan bo‘lsa, ota-onalaridan so‘rashsin.
Yoshlarimiz yengil-yelpi, noadekvat kontent, hayp ortidan ergashishga vaqt sarflashmasin, o‘qishsin, bilim olishsin, yaxshi hayot uchun intilishsin. Umrining gulday davrini bilim dargohlarida emas, paxta dalalarida o‘tkazgan ota-onalari, aka-opalari uchun ham o‘qishsin!
Ustozlar esa dars o‘rniga ko‘cha tozalab o‘tkazgan, yo‘llarda jon bergan hamkasblarining xotirasi uchun ham yanada yaxshiroq bilim berishsin. Ulug‘lar duoga qo‘l ochishsin: «elning boshiga bunday sinovlar qaytmasin»!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter