Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firuz Allayev

Pessimist shamoldan noliydi, optimist uning to‘xtashidan umid qiladi, realist esa shamolga qaramasdan qanot yozib uchadi.

Avtomobil badavlatlik belgisimi? Yoxud mashina sotib olmaslik uchun yetti sabab

Avtomobil badavlatlik belgisimi? Yoxud mashina sotib olmaslik uchun yetti sabab

Foto:«Xabar.uz»

Kecha Repost.uz saytida bir maqola chiqib qoldi. Unga ko‘ra, yigitning mashinasi bo‘lmagani uchun, qiz unga turmushga chiqishni istamagani bayon qilingan. 

Voqealar biroz qulog‘idan tortilgandek, faqat mashina asosiy sababchi emasdek. Lekin, bir narsani tushunish kerak, bizda mashina shunchaki buyum yoki transport vositasi emas. Uning ijtimoiy ahamiyati bor, hatto juda oshirib yuborilgan. Mashina to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyatimizning ayrim qatlamlarida odamning statusini belgilaydigan darajaga kelib qolgan.

Mana 5 yildirki mashina xarid qilishni qat’iy rad etib kelyapman. Odatda qanaqadir muhim uchrashuvlarga taksida kirib borsam, mani mashinam yo‘qligidan hayron bo‘lishadi. Tez-tez o‘zimdan qanaqa mashinada yurishimni so‘rab qolishadi. Taksida yoki metroda degan javobdan ham hayron bo‘lishadi.

5 yil oldin ham, hozir ham bir xil fikrlayman. Menga o‘xshagan, asosan ishga va uchrashuvlarga qatnaydigan odamga mashinaning foydasidan zarari ko‘proq. Toshkent kabi transport tizimi va taksi xizmatlari ancha yaxshi shaharlarda mashinalik bo‘lish unchalik ham shart emas. Viloyatlarda, tumanlarda, chekka qishloqlarda mashinasiz qiyin bo‘lishi tabiiy.

Men mashina sotib olmaslik uchun quyidagi sabablarni keltiraman:

1. Toshkent shahrida boshqa yirik megapolislar bilan solishtirganda taksi narxlari ancha arzon. Yandeks Taksida oddiy «Start» emas, odatda Kobalt yoki Lasetti rusumli avtomobillar keladigan «Ekonom» va «Komfort» tariflarida bir oyda o‘rtacha 1 500 000 so‘m atrofida xarajat qilar ekanman. Bir martalik taksi chaqirish o‘rtacha narxi 7-8 ming so‘m. Bu bugungi kurs bilan 1 dollar ham emas. Oddiy ish haqiga nisbatan ko‘p ko‘rinishi mumkin, lekin megapolislar bilan solishtirganda bu arzon narx.

2. Mashinalar narxining qimmatligi. Bizda hozirgi kunda mashinalarga o‘rtacha narx 100 million so‘m, biznes klass mashinalar 300 million so‘mdan boshlanadi deb oladigan bo‘lsak, 100 million sum mani holatimda besh yarim yillik taksi xarajatlari degani. Shuningdek, G‘arbda bugungi kunda yangi avlod o‘z mablag‘larini buyumdan ko‘ra hissiyotga yoki o‘sishga sarflashga o‘rgangan. Buyum eskirib qolib ketadi. Lekin, chet elga sayohat, biror yangilikni o‘rganish odamda bir umrlik hissiyot qoldiradi. Kamida, pulingizni biror biznesga yoki omonatga qo‘ysangiz, yillik 25-30 foiz daromad olish bugungi kunda muammo emas.

3. Mashinaning kundalik xarajatlari. Mashinaga benzin yoki gaz quyish, moy alishtirish, yuvish, buzilgan holatda ehtiyot qismlarini alishtirish, bularning hammasi pul turadi. Siz o‘zingiz bilmagan holatda ancha summani ishlatib qo‘yasiz.

4. Psixologik muammolar. Mashina haydash ham bir mas’uliyat. Doimiy diqqatni jalb qilish, bizdagi kabi harakat tartibsiz mamlakatlarda mashina haydash odamning asabini ancha charchatadi. So‘nggi yillarda Toshkent shahrida probkalar kunning xohlagan qismida kuzatilib turadi. Har kuni yarim soat vaqtingiz probkada o‘tsa ham ancha asabdan ayrilasiz.

5. GAI va shtraflar. Rulda turib telefonda gaplashdingiz, tezlikni oshirdingiz yoki boshqa sabablar bilan shtraf to‘laysiz. Mana shu shtraflarning o‘zi ham ortiqcha asabbuzarlik va bunga ham vaqtingiz, ham naqdingiz ketadi.

6. Parking muammosi. Shaharda kundan-kunga mashinani to‘xtatishga yoki qoldirishga joy muammosi jiddiylashib bormoqda. Ko‘p joylarda to‘xtash mumkin emas belgisi qo‘yilgan bo‘lsa, yana boshqa joylarda shunchaki parking qimmat yoki joy yo‘q.

7. Ekologik muammo. Har bir mashina tabiatga zarar yetkazadi. Zaharli gazlar shundoq ham shahar atmosferasini ancha buzishdi. Siz mashinani o‘rniga jamoat transportini tanlab, oz bo‘lsada ekologik muammoni jiddiylashmasligiga hissangizni qo‘shsangiz bo‘ladi.

Bu bilan mashina oladiganlarni yomonlash yoki olmaslikka chaqirmoqchi emasman. Shunchaki, odamlarimiz tushunishlarini xohlardimki, mashina shunchaki buyum. Qimmatbaho mashina mingan bilan odam aqlli yoki yaxshi bo‘lib qolmaydi. Bu shunchaki harakatlanish imkoniyatini beradigan transport vositasi. Mashina olish yoki olmaslikni har kimning o‘zi hal qiladi, har kim uchun o‘z qarori to‘g‘ri. Yagona so‘rayotgan narsam odamlarni mashinasiga qarab ajratmaslik.

Doim ko‘zlagan manzilga eson-omon yetib oling.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring