Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

«O‘zbekkonsert» badiiy kengashidan o‘tmagan kliplar «Zo‘rTV»da «aylanib» yotibdi

«O‘zbekkonsert» badiiy kengashidan o‘tmagan kliplar «Zo‘rTV»da «aylanib» yotibdi

Kadr: «Zo‘r TV»

Bir zarurat tufayli bir hafta uyda dam olishimga to‘g‘ri keldi. Dam olish ham qanday bo‘lishini qisman sezib turibsiz: bekorchilik. Asosan uxlayman va har zamonda televizor ko‘raman. Eng qizig‘i, ko‘pincha «Zo‘rTV»ni tomosha qilaman negadir.

Xullas, 24-maydan hozirgi kunga qadar soat 13:00-14:00 va 18:00-19:00 oralig‘ida estradamizning «yorqin yulduzlari» ishtirokidagi kliplar namoyish etilarkan. Anchadan beri qo‘shiq eshitmay qo‘ygandim, ko‘rdim. Jahongir Poziljonov va Umidaxon Ashxobod sayilgohiga bag‘ishlab ashula aytishibdi. Endi uni klipda ko‘rsangiz juda chiroyli bo‘lib ketarkan, ayniqsa, kechasi. Lekin narxlari sal «arzonroq» ekan-da, kirish atigi 3 ming so‘m. Bu mavzuga hali alohida to‘xtalamiz.

«Ashxobod»dan keyin «Via Marokand» guruhi «Turist» degan qo‘shig‘ini boshladi. Klip avvali yoqdi, lekin naqoratini eshitib, hushyor tortdim: tara-pam, tara-rama-rama-pammi-yey. Shoshma dedim o‘zimga. Axir bu klip «O‘zbekkonsert» badiiy kengashidan o‘tmagandi-ku! Alohida yig‘ilish qilib, qo‘shiq matnida ma’ni yo‘qligi uchun rad etilgani haqida xabar ham berilgandi.

Kadr: «Zo‘r TV»

Undan keyingi namoyish etilgan klip ham xuddi shunday: Jasur Mavlonov ijrosida. Uning taronasi ham badiiy kengashdan o‘tmagandi, lekin «O‘zbekkonsert» qo‘shiq nomini keltirmagan.

Demak, qo‘shig‘i xuddi shu kengashdan o‘tmagan Farhod Saidov bekorga kuyunmagan ekan. Badiiy kengash yig‘ilishida Farhod Saidovning «Jimir-jimir» nomli qo‘shig‘i matni saviyasi past bo‘lgani bois rad etilgan edi.

Lekin Farhod Saidov alohida intervyu berib, bu so‘zlar xalq og‘zaki ijodidan olingani hamda xalq og‘zaki ijodini saviyasiz deyishga hech kimning haqqi yo‘qligi haqida gapirib bergan edi.

Qiziq, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi qoshidagi badiiy kengashning obro‘si bormi o‘zi? Badiiy kengash a’zolari kim? Yoki «Zo‘rTV» ularni nazariga ilmaydi, yoki «Zo‘rTV» televideniye sirasiga kirmaydi. Yana boshqa variant ham bor: badiiy kengash tasdig‘idan o‘tmagan kliplar qayerlarda namoyish etilmasligi kerak? Umuman, bu badiiy kengash nima uchun tuzilgan? Badiiy kengashdan o‘tmasayu, lekin efirlarda ketaversa. Qiziqmi?

Bu savollarga Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkonsert» DM mutasaddilari javob va izoh beradi degan umiddaman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring