Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Aslida kim aybdor?

Aslida kim aybdor?

Foto: «Sputnik»

U chorrahalarni yomon ko‘rardi yoki qo‘rqardi. Umuman, yo‘lni kesib o‘tishni yoqtirmasdi. Svetoforning ko‘rsatmalariga doim amal qilardi. Lekin bir kuni o‘zi qo‘rqqan voqea sodir bo‘ldi. Yo‘ldan o‘tayotganda mashina urib yubordi...

Yo‘q, avval yo‘lchiroqqa qaradi: piyodalar uchun yashil rang porlab turardi. Undan so‘ng qadam bosdi, katta yo‘lning yarmiga yetganda chap tarafdan uvvos solib kelayotgan avtoulovning uzundan-uzoq bi-biplagan tovushi eshitildi. Biroq u to‘xtashni ham, qarashni ham istamadi, aniq bilardi, yo‘l uniki. Qarasa bo‘larkan...

Mashina zarbidan bir-ikki metr nariroqqa borib tushdi. Boshqa avtomobillar ham to‘xtadi, olomon yig‘ila boshladi. U esa asfaltda qonga belanib yotardi. Olomon ichra g‘ala-g‘ovur avj oldi. Odamlar aybdorni qidirishga tushib ketishdi.

Kimdir aybni unga to‘nkadi. Yo‘lga qaramasdan o‘tganmish, signalni eshitib ham to‘xtamaganmish.

Boshqa birov uchar haydovchini aybladi: qizil chiroqdan o‘tgani yetmagandek, shahar markazida bunday tezlikda haydashni ahmoqgarchilikka yo‘ydi.

Kostyum-shimli bir yigit aybni umuman boshqa odamdan qidirdi: panalarga yashirinib turadigan melisalar berkinmasdan, yo‘llarni nazorat qilganda bu kabi ko‘rgiliklar yuz bermasdi.

Qorin qo‘ygan qirq yoshlardagi erkak esa kuzatuv kameralari hamma joyda ham yo‘qligidan nolidi. Agar videokameralar o‘rnatilganda haydovchilar qoida buzmasdi, natijada halokatlar kuzatilmasdi. «Chet elda shunaqa-da», — deb qo‘ydi bilarmonligini ko‘z-ko‘z qilgandek.

Yoshi yetmishlarga borib qolgan bir rus kampir esa avtomobillarning haddan ziyod ko‘pligidan astoydil norozi bo‘ldi. Uning aytishicha, ko‘chalarda yurish ancha xavfli, yo‘lni kesib o‘tish umuman imkonsiz ekan.

Qorachadan kelgan ozg‘in bir ayol negadir «tez yordam» mashinalarining vaqtida yetib kelmasligidan yozg‘irdi. Shu bahonada o‘zining tashvishini ham aytib oldi: bir kun oldin uyiga «tez yordam» chaqirganida u naqd qirq daqiqada kelibdi. Vaqtni erinmasdan hisoblaganini ham ta’kidladi...

Galstuk taqqan o‘rta yoshlardagi erkak esa organ xodimlarini aybladi: ular uchar haydovchiga jazo qo‘llashni kechiktirishi yoki u umuman jazosiz qolib ketishi mumkinligiga ham ishora qildi.

Xullas, azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘ladi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring