Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Toshlar orasida o‘sayotgan gul, toshlar orasida qad rostlagan uy... (reportaj)

Toshlar orasida o‘sayotgan gul, toshlar orasida qad rostlagan uy... (reportaj)

Foto: «Xabar.uz»

Jizzaxning G‘allaorol tumanidan 40 chaqirim uzoqlikda joylashgan Qo‘ytosh qishlog‘ining to‘rt tomoni baland-baland tog‘lar bilan o‘ralgan. Xarsang toshlar hovligacha kirib kelgan. Mana filga o‘xshaydigan tosh, bunisi uyga, mana bunisi tandirga, uning yonidagisi esa non yopayotgan ayolga... Anavi tosh xuddi belanchakka o‘xshaydi, mana bu yerda yostiq o‘rnida kichkina bosh sig‘adigan chuqurcha bor, mana bu tosh esa tayyor o‘rindiq.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Qo‘ytosh haqida rivoyatda aytilishicha bir malika bo‘lgan ekan. Uning sehru jodudan xabari bo‘lib, suvni daraxtlarga, daraxtlarni esa boshqa narsalaraga aylantirib qo‘yarkan. U shunchalik toshbag‘ir ekanki, ba’zida o‘t-o‘lanlarni suvsizlikdan qovjiratsa, gohida atrofni suv toshqiniga g‘arq qilarkan. Kunlardan bir kun jodugar malika cho‘ponga duch kelibdi, uni yaxshi ko‘rib qolibdi va «menga uylanasan» debdi. Ammo cho‘pon:

– Mening o‘z sevgan qizim bor, oddiy, mehribon va oqila. Men faqat o‘sha qizga uylanaman, debdi.

Bu gapni eshitgan malika g‘azablanib, yigitning qo‘ylarini ham, uning har doim tandirda non yopib uzatadigan sevgan qizini ham – hamma-hammasini toshga aylantirib qo‘ygan ekan. Rostdan toshlar uzoqdan o‘tlab yurgan suruv-suruv qo‘ylarni eslatadi.

Foto: «Xabar.uz»

Toshlar orasidagi uylar

Bu yerda uyning fundamenti ham, hovlilarni bo‘lib turuvchi devorlari ham  maydalangan, sariyog‘dek kesilgan toshlaridan quriladi. Aholisi chorvachilik, dehqonchilik, ustachilik bilan shug‘ullanadi. Tog‘lar orasidan toshlarni qazib buloqlar chiqarishgan, bog‘u rog‘lar yaratishgan, toshlar orasidan uylar qurishgan.

Foto: «Xabar.uz»

Foto: «Xabar.uz»

Uy qurishdan tortib ichidagi pardozlarigacha, deraza yasashdan tortib, pol potolokkacha yasaydigan ustalarning bari shu qishloqda. Kamdan-kam odamlar chetdan ish izlaydi, ustalar asosan butun respublika bo‘ylab rizqini topishadi. Aynan shu qishloqda «Bo‘zchi belboqqa yolchimabdi», degan maqol qiymatini yo‘qotganini ustalar xonadonlarini o‘z qo‘llari bilan qurib, sa’natini ko‘z-ko‘z qilayotganidan ham bilish mumkin.

Foto: «Xabar.uz»

— Qo‘ytosh qazilma boyliklarga boy. Sobiq ittifoq davrida kon ishlab turardi. Volfram, molibden, vismut kabi qazilma boyliklari qazib olinar, ularni qayta ishlaydigan zavod, uskunalarni tuzatadigan sexlar bo‘lgani uchun aholi ish bilan ta’minlangan edi, — deydi Navoiy mahallasida yashaydigan usta Dilshod Tugalov. — Dastlab kon yopilganida odamlar sarosimaga tushib qolishdi. To‘g‘rida tayyor oylik, hamma davlatni ishida ishlagani uchun sanoqli qo‘yi, oshib borsa ikki sog‘in sigiri bo‘lardi. U paytlari odamlar hashamatga, chiroyli pardoz qilingan uy-joylarga qiziqmasdi. Pastqam, oddiy ohaklangan uylar.... Oylik olib kuni o‘tsa bo‘ldiydi, oylik bilan shunaqa uylar ham qurib bo‘lmasdi-da. Biroz o‘tib odamlar ishsiz qolgach chorvachilik, tog‘lardan o‘zlari bog‘ qilib bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishni boshlab yuborishdi, bizga o‘xshaganlar ustalarga shogird tushishdi. Katta-katta shaharlarda uylarni, xonadonlarni ta’mirdan chiqardik. Boshqalarning yashash sharoitini, urf-odatini kuzatdik. Bizda ham chiroyli yashashga, chiroyli hayotga havas uyg‘ondi.

Foto: «Xabar.uz»

—Shunday chiroyli uyni qurish uchun mablag‘ kerak, vaqt kerak...

—Yozi bilan qayerga ishga chaqirsa toki mavsum tugaguncha ishlayman, yiqqan-terganimni qishda uyni ta’mirlash uchun sarflayman, qo‘y-qo‘zilarimni sotaman, o‘zim usta bo‘lganim uchun ta’mirlash tekinga tushadi. Sal nariroqda qo‘shnilarim Safar Eshmatov, Sherali Qo‘shboqovlar ham o‘xshagan usta, ularning uyini ko‘ring, tomosha qilasiz. Aslida bizning bu kasbimizga oddiy qarashadi, ammo turgan bitgani san’at, beqiyos hunar...

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

— Yordamchisiz qiynalmaysizmi?

— O‘g‘lim hali kichkina, yonimda turib ul-bul narsalarni uzatib turadi, keyin turmush o‘rtog‘im qarashadi... Hozir u ham o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi, hovliga gul ekish, gullarining piyozini ajratish bilan mashg‘ul.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Lolalar haqida ertak

—Qishlog‘imizda lola ekilmagan hovli deyarli yo‘q. Bizda har qanday gul ko‘chatlari tekin, ya’ni kim qaysi xonadonga borsa ko‘p yillik gullaridan ko‘chat olib ketaveradi, shu uchun qaysi xonadonga kirmang xrizantema, narsiss va lola gulini ko‘rishingiz mumkin, — deydi xonadon bekasi, hamshira Sojida Tugalova. — Bizda asosan dilband lola o‘sadi. Hatto ajoyib rivoyat ham bor bu haqda. U toshga aylangan cho‘pon yigit va uning sevgilisining ko‘z yoshlaridan paydo bo‘lgan deyishadi. Katta avlodning aytishicha nafaqat lolalar, balki kaklik, bulbul, bedana kabi qushlar, tulki, jayra, quyon, tog‘ echkilari kabi hayvonlar hovlilarimiz yaqinida juda serob bo‘lgan ekan. Bir paytlar odamlar to‘da-to‘da bo‘lib lola sayliga kelishi oqibatida ularning bir necha turlari yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Hozir tog‘larning eng baland cho‘qqilaridagina qolgan. Biz esa ana shu go‘zallikni hovlimizda davom ettirmoqdamiz. Qo‘shnilar bilan xuddi bahs boylashgandek gul o‘stiramiz.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Garchi davlat ishida ishlasa-da oddiy qishloq ayolidek Sojidaxon ham sigir sog‘adi, qish uchun tappi qiladi, non yopadi — bularning barchasini hovlisida go‘zallik yaratishdek yumushlar bilan birgalikda olib boradi.

Foto: «Xabar.uz»

Qo‘ytoshning bolalari

Bolajonlar bu yerda internet yaxshi ishlamagani bois kompyuterga mixlanib qolmagan. Erta bahorda ota-onalariga bog‘ yumushlarida yordam beradi. Ertalab buzoqchalarni ko‘m-ko‘k adirlarda boqishadi, futbol o‘ynashadi, ipda sakrashadi, hatto velosiped ham haydashadiki, bu yerning ulovlari toshli va past-balandliklardan iborat yo‘llarga allaqachon moslashib olgan.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

—Sigirlarni ertalab tongi oltigacha uylarimizdan uzoqroq toqqa haydab qo‘yib kelamiz, ularni cho‘pon boqmaydi, o‘zlarini o‘zlari boqishadi, — deydi Zaynab opa.  — Ular uzoqlashgach bolalarini qirda boqamiz. Kechqurun onalari qaytishidan bir soat oldin buzoqchalarini haydab kelamiz.

Foto: «Xabar.uz»

—Sigirlarning o‘zi aniq vaqtda uyga qaytadi...

—Ha o‘zlarini yo‘lakchalari bor. O‘sha yo‘llardan har bir sigir ma’lum bir vaqtda o‘zi uyini topib keladi. Shahardan qarindoshlarimiz kelsa sigirlarning uyni topib kelishini ko‘rib hayratlanishadi.

Foto: «Xabar.uz»

Qo‘ytoshda «darveshona»

Biz borgan kunimiz Navoiy mahallasidan 50 dan oshiq xonadon yig‘ilib darveshona qilayotgan ekan.

—Har yili mart oyida «jilgo‘ja» tadbirini qilamiz. Ya’ni qishdan eson-omon chiqqanimiz uchun barcha xonadon topgan tutganini olib chiqadi, o‘rtada baham ko‘radi, — deydi mahalla oqsoqoli Oqmirza Mamarasulov. — Lekin barcha taomlar oqliq — sut oshi, kesgan oshi, g‘ilmindi... shunga o‘xshash taom bo‘lishi kerak. Keyin bolalar kurash tushadi, ayollar lapar aytishadi. Bu yerda birorta tovug‘i, moli bo‘lmagan xonadonning o‘zi yo‘q, shu uchun karantinda unchalik ham qiynalmadik, har holda uyimizdan oqlik va go‘sht, tuxum arimaydi. Tog‘u toshlar orasida bo‘lsa ham yaylov bor. To‘g‘ri ish yo‘q, lekin eng bo‘lmaganda qo‘y-qo‘zi boqsa, mol ko‘paytirsa bo‘ladi. Qishlog‘imizda yashash sharoitini chiroyli qilib olayotganlar ham, ammo xuddi shunday imkoniyat va ishchi kuchi bilan uyi choldevorga aylanib orzu-havassiz yashayotganlar ham bor. Zora, chiroyli yashashga intilayotgan odamlarni ko‘rib bularda ham mehnat qilishga, yaratuvchanlikka ishtiyoq uyg‘onsa.

Foto: «Xabar.uz»

«Jilgo‘jadan keyin» «darveshona» qilamiz, — so‘zida davom etadi oqsaqol. — O‘sha «jilgo‘ja»da  qo‘y olish uchun pul yig‘iladi. Qo‘yni so‘yib taom tayyorlanadi. Yana hamma chiqib chordona qurib o‘tirishadi, bolalar kurash tushadi, ayollar tosh dumalatish urfini qilishadi, barcha og‘irliklar tosh bilan dumalab ketsin degan ma’noda. Chiqolmagan, imkoniyati cheklanganlarga, keksalarga taom tarqatiladi... Buni shukronalik tadbiri desak ham bo‘ladi. Ko‘klamga eson-omon yetganimiz, qishlog‘imizga obodlik, farovonlik tilab keksalar duo qilishadi...

Foto: «Xabar.uz»

Qo‘ytosh G‘allaorol tumanining eng chekka qishlog‘i. Bu yerda tog‘lar orasida ko‘l mavjud, turizmni rivojlantirish uchun boshlangan, lekin oxiriga yetkazilmagan loyiha bor, dorivor o‘t-o‘lanlari afsuski himoya qilinmaydi. Qishloqning qoq markazidagi madaniyat uyi, bolalar bog‘chasi, maktab chiroyli ta’mirdan chiqqan. Ammo hali o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar, chala tashlab ketilgan qurilishlar mavjud. Qishloq aholisi ikki yil oldin «obod qishloq» loyihasi doirasida boshlangan bu ishlar  tugallanishiga katta umid bildirayapti.

Foto: «Xabar.uz»

Biz Qo‘ytoshga yana boramiz, hali yozilishi kerak bo‘lgan, o‘rganishga arziydigan mavzular bu qishloqning sirli, sinoatli go‘shalaridek cheksiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring