Stipendiyaning tushirilishi: adolatli qarormi yoki «shum kashfiyot»?
Har doim odamlarga yengillik berilgan shart sharoitning ortida bir «lekin»i bo‘ladi. Talabalar uchun stipendiyalarni oyma oy to‘lash, kontraktlarni stipendiyali, stipendiyasiz to‘lash bu xayrli ish. Lekin uning ortidagi 5 bahoga o‘qiydigan talabaning ham stipendiyasi 3 likka tenglashtirilishi yig‘layotgan bolani xo‘rozqand bilan ovutishga o‘xshaydi.
Qarashsaki, 700 ming so‘mdan oshiq stipendiya oladigan, a’loga o‘qiydigan talabaga haqlari ketib qolyapti. Qarashsaki, talaba yonidan «atigi» 3 mln. so‘mgina kontrakt to‘layapti... Chiday olishmaganidanmi, 400 minglik stipendiyani o‘ylab topishdi. Bunday «shum kashfiyot»lar faqat bizda o‘ylab topilsa kerak. Ya’ni, mas’ul rahbarlar uchun doimo «fortochka» bor.
Kecha tahririyatimizga 3-kurs talaba qizlar kelishdi. Ularning biri beshlik stipendiya olarkan — 758 ming. Aytishicha faqat beshga o‘qiyotgan talaba dugonasi avval biron marta dars qoldirmagan ekan. O‘sha kursdoshi bu yilning hisobidan hali faqat bir marta darsga kelibdi. Ko‘pchilik talabalar qattiq norozi emish. Rozilari ham aniq — shundoq ham «3» bahoga o‘qiydiganlar. 400 ming so‘mdan ziyod pul oladigan biror talaba bu kelishuvga sira rozi bo‘lmaydi. Demak faqatgina «3»ga o‘qiydigan talabalarning roziligi dastak ularga. Bu nimadan darak?
Endi xohlaysizmi yo‘qmi talabada sovuqqonlik boshlanadi, raqobat o‘ladi. Yurtimizda azaldan shu — yaxshi ishlagan ham shu oylikni oladi, ishlamagan ham shu oylikni oladi. Shuning uchun ham har bir sohada o‘sish juda kam. Talabaning «5» baho olish uchun qilgan harakatini mehnat deb hisoblaydigan bo‘lsak, bu mehnatning moddiy rag‘bati yo‘q hisobi. Xohlaysizmi yo‘qmi, rag‘bat bo‘lmas ekan, raqobat ham bo‘lmaydi.
O‘qituvchilarni maosh bilan ta’minlash uchun kontraktni oshirish, talabani stipendiyadan qisish, «3» bahosi 30 foizdan oshgan talabani umuman stipendiyasiz qoldirish bu bir bolaning o‘yinchog‘ini ikkinchi bolaga tortib berilgan holatni eslatib yuboradi. Yoshlarimiz nega chet elga ketayapti, deb bong uramiz. Bunday adolatsizliklar yoshlarning hafsalasini pir qilishi mumkinligi hozircha hech kimni o‘ylantirayotgani yo‘q. Har bir sohada yaxshi kadrlar topish masalasi qiynab turganida, endi institutlarda yaxshi talabalarni topish ham amrimahol. Hafsalasiz, mas’uliyatsiz, o‘z kasbini sevmaydigan talabalar soni oshgandan oshaveradi.
Yana bir qiziq tomoni talabaning «3» baholari 30 foizdan oshsa stipendiya berilmasmush. Xo‘p talabaning «3» bahosi 30 foizdan oshsa stipendiya berilmas ekan, «5» bahosi 90, 100 foiz bo‘lgan talabaga boshqalardan ko‘proq stipendiya berilsin unda. Nega chiqarayotgan qarorlar faqat foydangizga ishlashi kerak? Qani mantiq?
Talabaning uch bahosi ko‘p bo‘lsa stipendiyadan mahrum qilinarkanu, 5 bahosi ko‘p bo‘lishiga qaramay stipendiyasiga hech vaqo qo‘shilmaskan. Albatta, «4» va «5» bahoga o‘qigan davlat budjeti asosidagi talabalar uchun 50 foizgacha rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratiladi», degan band borligini unutganimiz yo‘q. Lekin bu ishonchsiz rag‘bat. Maqsadlaringiz pulni tejash bo‘lib turgan bir paytda a’lochi talabalarning ko‘payishi yoki bo‘lishi sizlar uchun manfaatsizku. Avvalgi tajribalaringizdan xabarimiz bor. Talabaning hamma bahosi besh bo‘lmasligi, baho daftarchasiga bittagina to‘rt yoki uch baho tushirish uchun nimalar qilinganin juda yaxshi bilamiz. «Hamma fandan besh olib kelayotgandim baribir bitta to‘rt yoki uch tushirishdi» degan talabalarni ko‘p eshitganmiz.
Bu o‘ylab topgan topilma, albatta, uch bahosi 30 foizdan oshadigan talabalarning ko‘payishiga olib kelsa ajabmas. OTMning maqsadi pulni tejashmi, maqsad talabani stipendiyadan mahrum qilishmi, bu borada adolat kutishning o‘zi amrimahol. Stipendiyani «qisish»dan manfaat bormi, demak «3» bahoni ayamay qo‘yadigan o‘qituvchilar ham topiladi. Bu qoidani kirgizish zamirida shu maqsad yotmayaptimikin? Stipendiyasizlarni ko‘paytirish, pulni tejash...
Bu bilan talabani o‘qishdan sovutish, hafsalasini pir qilish holati vujudga keladi. Talaba stipendiyasiz qolmaslik uchun yaxshi o‘qishining foydasi yo‘qligini ham endi yaxshi biladi. «3» bahosi ko‘paymasligi uchun yana pora berishlar boshlanadi. Ko‘ryapsizmi bu qarorlaringiz nimalarga yo‘l ochishini?
Xullas, ta’lim sohasida bolalarga bilim berish, intellekti yuqori bo‘lgan yoshlarni yetishtirib chiqarish o‘rniga, qanday bo‘lsa-da, ta’magirlikka keng yo‘l ochish uchun xizmat qiladigan tesha tegmagan usullar o‘rtaga tashlanayotganday. Bunday «shum kashfiyot»larning ko‘pincha aynan ta’lim sohasiga taqalishi juda og‘riqli holat. Yana bir gap, negadir ish izlayotgan talabalarning soni o‘tgan yilga qaraganda juda ko‘payib ketdi. Endi sizlarga savol: talaba asosiy vaqtini pul topish dardida o‘tkazib, darsga bormasa, ilm olishga qiziqmasa, hafsalasiz bo‘lsa, davomat yaxshi bo‘lmasa, unda kimlarga chin ma’noda dars bermoqchisizlar? Balki talabalarga umuman baho qo‘ymasdan, stipendiya ajratmasdan o‘qitish kerakdir!..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter