Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Qishloqda bir kun loyihasi: «Qir ortidagi hayot...»

Qishloqda bir kun loyihasi: «Qir ortidagi hayot...»

Foto: Xabar.uz

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali «Qishloqda bir kun» loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Muxbirimiz Boysundagi qirlar ortida joylashgan Inkabod mahallasiga safar uyushtirdi va u yerdagi aholining, ayollarning oson kechmayotgan turmushi, muammolari bilan tanishdi.

Tog‘li hududlarda qish erta boshlanadi. Noyabr oyidanoq odamlar pechka yoqishni boshlab yuborishadi. Surxondaryoning Boysun tumani purviqor tog‘lari oppoq qor bilan burkanganiga ancha bo‘lgan. Demak, bu yerlarda izg‘irinli kunlar erta boshlangan.

Boysundagi o‘sha hammaga ma’lum va mashhur 2017 yildan beri «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli bo‘lgan «Omonxona» davolash  maskani bu kunlarda juda tinch. Haydovchi yigit  Jo‘rabekning aytishicha, yoz faslida bu yerda odam gavjum bo‘larmish.

«Omonxona»ning har bir zinasigacha marmar toshdan qilingan, ularni sanab adog‘iga yetolmaysiz. Mana shu yerga besh yuz metr yoki  bir kilometr uzoqlikda aholisi tarqoq joylashgan Inkabod mahallasidagilar loyli yo‘llardan yurishini tasavvuringizga sig‘dirolmaysiz, toki qirning ortiga o‘tmaguningizcha...

Qishloq oralab yurarkanmiz, hovlida hamsoyasi bilan gurunglashib non yopayotgan kelinni ko‘rdik. Bu kelinning to‘rt egizi, yana ikki nafar farzandi bor ekan. Biz muddaomizni — qishloq ayollarining hayotiga qiziqayotganimizni aytdik.

— Yo‘q meni yozmang, iltimos. Men yaxshi yashayapman. Hayotimdan roziman. Turmush o‘rtog‘im yaxshi inson, oilaparvar, — deydi 35 yoshli Mavjuda Vohidova.

— Boshqacha hayotni ham orzu qilasizmi?

— Bilishga qiziqmaganman, aytayapmanku, mana uyim-joyim bor. Men noligan ayollarni yomon ko‘raman. Xuddi turmush o‘rtog‘idan noliyotganday bo‘lishadi. Bolalarimning otasi esa juda yaxshi inson, qo‘lidan kelguncha bizga sharoit yaratib berishga harakat qiladi.

— Turmush o‘rtog‘ingiz nima ish qiladi?

— To‘g‘ri kelgan ishni qiladi.

— Sir bo‘lmasa qancha topadi?

— Xo‘jayinim uzoqroq joylarga ishlash uchun oltita bola bilan meni yolg‘iz tashlab ketolmaydi, bir kunda 50-60 ming so‘m topadi, shu qishloqdan ish chiqqan kunlari.

— Siz ishlamaysiz...

— Ish yo‘q-ku.

— Bolalaringiz uchun pul olasizmi?

— Yo‘q. Mahallaga chiqsam, ishlaydigan ering bor deydi. Yolg‘on bo‘lmasin, bir marta oziq-ovqat berishdi. O‘t qopimni oldirganman. Kecha shifoxonaga borsam 450 ming so‘mlik dori yozib berdi. Xo‘jayinim o‘sha dorilarni olib berish uchun ishga chiqib ketgan.

— Men bularga qaynsingilman. Yozing shularni, qarang to‘rtta egizagi bor, — deydi yana bir ayol Dilafruz Rahimova...

— Yo‘q yozmang opa, men hayotimdan roziman deyapman-ku, — deydi Mavjuda tandirga non yopishtirarkan.

— Yuring bizning uyimizga, — deydi Dilafruz... Biz o‘sha xonadonga yo‘l olamiz.

— Bolalaringiz qani?

— Maktabga ketishgan. Mana bu bolalarning dars qiladigan stoli, endi uyga olib kiramiz. Yozda mana shu hovlida yotishadi.

— Qiziqqanim uchun uzr. Sir bo‘lmasa bollaringizga nonushtaga ertalab nima tayyorladingiz?

— Shira choy, keyin murabbo yopganman, o‘shalarni yeydi. Meniyam turmush o‘rtog‘im to‘g‘ri kelgan ishni qiladi. Boshqa joyga ishlashga boray desa kichkina bolamning mazasi yo‘q, tashlab ketolmaydi. Hozir yaxshi, bir yildan beri «sudorgisi» (epilepsiya) tutmay qo‘ygan. Ammo «karbamapezin» degan dorini uch kundan beri ichirolganimiz yo‘q. Shu kunlarda turmush o‘rtog‘im pul ishlab kelsa olib beraman. O‘zi atigi 50 ming so‘m turadi. Bir ikkita mol-holimiz bor, sotganimiz bilan suv tekinga ketadi. Bu yil bog‘imizni sel yuvib ketdi.

— Ichimlik suvi bormi?

— Har zamonda kranga suv  keladi, ammo u suv achchiq va sho‘r. Shuning uchun yomg‘ir va qor suvini mana bu bochkaga yig‘ib ichamiz. Bunday moslama har bir xonadonda bor... Yuring, mana bu qo‘shnimiznikiga. Hay, Marziya xola jurnalist opa kepti. Ayollarning hayotini o‘rganib yurgan ekan, balki bizga yordami tegib qolar.

Biz qo‘shni xonadonga yo‘l olamiz...

 — Uch nafar o‘g‘lim bor. Har joyda ishlashadi. Ish yo‘q. Meni o‘pkamdan har oy suv olishadi. Ungayam pul kerak. Nafasim qisayapti, — deydi oila boshlig‘i Luqmon Voitov. — Oilada yetti nafarmiz. Ana bir o‘g‘lim yantoq chopayapti. Mol-hol qilaylik, desak yemish qimmat.

— Bir oyga necha so‘mlik ko‘mir yoqasizlar?

— Bir million so‘mga yaqin ko‘mir yoqamiz. Toza suvning tonnasini 250 mingga sotib olamiz. Tasavvur qiling. Uch oy qish ko‘mir va suvga to‘rt million pul sarflaymiz. Bu yerda qish uch oy emas, besh oyga cho‘zilishini hisobga olsak, besh-olti million mablag‘ ketadi. Aynan mana shu davrda hech qanday ish bo‘lmaydi bizda. Pensiyamizni nimaga yetkazamiz — un olamizmi, suv olamizmi, ko‘mir olamizmi, kasalimizni davolaymizmi? Mayli, bularni ham qo‘ya turing. Bolalarimiz anavi ko‘rinib turgan maktabga tizzalarigacha loyga botib borib keladi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Asfaltdan-ku umid qilmaymiz, hech bo‘lmaganda tosh to‘kib berishsin yo‘llarimizga.

Biz «Omonxona» sihatgohi atrofida qaysidir yumush bilan yig‘ilib turgan odamlarga yuzlanamiz.

 

— Yoshim 45 da. Cholim vafot etgan. O‘gay o‘g‘illarning qo‘lida qolganman, — deydi giyoh sotuvchi Feruza Erdonova. — Mahalladan «Temir daftar»ga kiritishlarini so‘rasam mana bu biznesing bor-ku, deyishadi. Axir bularni sotib olishga mablag‘ sarflayman, kunda sotsam 50 minglik giyoh sotaman. Axir, men bolalarim uchun boqimanda bo‘lib qolishim kerak emas.

— Mening cholim nogiron, yurolmaydi, insult bo‘lgan, — deb gap boshlaydi keksa onaxon Nasiba Ashirboyeva. — Anavi tog‘ning ortidan, ya’ni bir yarim kilometr yo‘l bosib tushib kelaman.

Shu yerda onaxona ko‘zlariga yosh oladi.

— O‘n minglik dori olishim uchun mana shu yerdan Boysungacha yigirma ming so‘mlik taksiga pul sarflayman.

— Bu atrofda dorixona yo‘qmi?

— Yo‘qda, — deb gapga aralashadi taksi haydovchisi Norboy Jabborov. — Bularning choli kasal bo‘lib, tez yordam chaqirsak bir yarim kilometr pastda qoladi mashina. Kelgan shifokor oyog‘iga etigini kiyib, qir oshib kasal ko‘rgani boradi. Agar kasalni olib ketish kerak bo‘lsa, onaxonning farzandi yo‘q, mana bu yerdan yigitlarni yordamga chaqiradi, otani gilamga o‘rab mashinagacha to‘rt kishi ko‘tarib keladi. Endi tasavvur qiling, bu otaxonning yana to‘rt nafar qo‘shnisi imkoniyati cheklangan, tez-tez tibbiy yordamga muhtoj.

— Men «Omonxona»ga bir kilometr uzoqlikda anavi qirning orasida yashayman. Qizim maktabga qatnayman, deb sovuqda qolib ketdi, kasal bo‘lib qoldi. Davolatish uchun 6-8 mln pulim ketdi, — deydi X.Nuriddinov. —Ertalab chiqib ketgan bolalarimiz qorong‘uda kirib kelishadi uyga...

Aholining aytishicha, dastlab viloyat hokimi tosh to‘kish haqida qaror chiqargan, keyin negadir tuman hokimi bu qarorni bekor qilibdi. Bunday javob xatlari ularda juda ko‘p emish. Har safar bir xil javob: «albatta qilamiz». Yaqinda qotib yotgan yo‘lni surishibdi tosh to‘kamiz, deb. Nimagadir tosh to‘kilmay, battar loy bo‘lib, aholining bor kuniyam ham yo‘q bo‘libdi... Endi tosh to‘kilishi hujjatda ko‘rsatilganidek 2022 yilgi dasturga kiritilishi ko‘zda tutilayapti ekan. (Biz ham shuni mutasaddilardan so‘rab qolamiz).

Ortga qaytgunimizcha tushdan keyin bo‘lib ketdi. Avtoulovlar g‘ir-g‘ir o‘tib qaytayotgan katta yo‘lning chekkasida ketayotgan bolakayni to‘xtatib mashinaga mindirdik, yo‘l-yo‘lakay suhbatlashdik.

— Isming nima?

— Jo‘rabek.

— Nechanchi sinfsan?

— Ikkinchi.

— Kattarsang kim bo‘lasan?

— Do‘xtir.

— Qanday bemorlarni davolaysan?

U jim bo‘lib qoldi, bir pasdan keyin aytdi:

— Hali o‘ylab ko‘rmadim.

— Qayerda to‘xtataylik mashinani?

— Mana shu yerda.

— Uylaring qani?

— Hayla.

Biz mashinadan tushib yon-atrofga qaradik. Uy ko‘rinmadi...

— Bu o‘rtada uy yo‘q-ku.

— Anavi chuqurlik va qirlardan keyin bizning uyimiz keladi.

Ehe, yaqin deganiyam, hayla deganiyam bor bo‘lsin. Biz qancha qidirmaylik  qirlar orasidan  uy topolmadik. Mittigina bolakay o‘sha qirlarni yolg‘iz o‘zi oralab ketdi. Axir, u ertaroq uyga borishi, dars qilishi, yaxshi o‘qishi, kelajakda do‘xtir bo‘lishi kerak...

Ortga qaytish asnosida juda ko‘p savollar og‘ushida qoldik. Nimaga o‘sha yerlik aholi Omonxona bulog‘idan chiqqan suvni sotib olishi kerak, nega sihatgoh mas’ullari (huquqiy jihatdan haqqimiz yo‘q) insoniylik jihatdan yon-atrofidagi aholi uchun yo‘llarga tosh to‘kishga homiylik qilishi mumkin emas, nimaga qishloqda bitta dorixona yo‘q, iloji bo‘lmasa, haftaning ma’lum kunlarida ko‘chma dorixonalar tashkil qilishning imkoni yo‘qmi, «Ayollar daftari», «Temir daftar»lar yo‘qmi, bor bo‘lsa, nega bu mahalladagi aholining hayoti nochor...

Ana shu imkonsizlik haqida o‘ylaganimda Xitoyning Sichuan viloyati tik tog‘larida unutilgan Atuleer qishlog‘ini aytib o‘tish o‘rinli, deb hisoblayman. Bu qishloq dengiz sathidan 1,4 ming metr balandlikda, jarlik tepasida joylashgani bois dunyoga mashhur «bulutlardagi qishloq»ga aylangan. Qishloqqa  borishning yagona yo‘li 800 metrli zinapoya bo‘lib, unga qaragan odamning boshi aylanadi. Tik bo‘lgani bois, keksa odamlar qishloqdan yillar davomida chiqmagandilar. Bolalar maktabga borish uchun esa eski arqon narvondan ikki soat vaqtini yo‘qotishi kerak bo‘lardi.

Atuleerdagi o‘zgarishlar ana shu zinapoyadan boshlangan. Dastlab bu zina metalldan yasaldi. Si Szinpin shaxsan Sichuan rahbariyatiga  aholini ko‘p asrlik qashshoqlikdan «tortib olish» va ularni sivilizatsiya bilan «tanishtirish»ni buyurdi. Mahalliy hokimiyat organlari 2020 yilning iyun oyi oxiriga qadar belgilangan muddatda tog‘ning pastki qismiga arzon va qulay narxlarda zamonaviy uy joylar qurib tepadagi aholini ko‘chirdi. Keksa avlod loydan qurilgan uy-joylari bilan birga boshqa ko‘plab urf-odatlar unutilib ketishidan xavotirda edi. Biroq, mahalliy aholi, bir muncha vaqt o‘tgach barcha qulayliklarga ega bo‘lgan shahar hayotiga ko‘nikishdi.

Hatto o‘rta ma’lumot ham olmagan yoshlar internet orqali pul topishni o‘rganmoqda. Yoshlar o‘z bloglarida tog‘li qishloq, odamlarning yashash tarzi haqida qiziqardi ma’lumotlarni joylashtirib pul ishlaydilar. Bizda esa qishloqda, respublikamizning eng chekka hududlarida hayot yuqorida ta’riflaganimdek davom etadi.

Axir 800 metr tepalikka metalldan ko‘prik yasashning iloji topilganida, yo‘llarga nahotki oddiy tosh to‘kishning imkoni bo‘lmasa?

Maqola yozilishi asnosida suhbatlashganlarimdan bir ayolga qo‘ng‘iroq qildim — bolasining mazasi qochib qolibdi. Yarim kun tez yordam, taksi chaqirish bilan ovora bo‘libdi, keyin qo‘shni qishloqdagi qarindoshining «Jiguli»sida do‘xtirga yetib olibdi. «Opa turmush o‘rtog‘im 200 ming tashlab ketdi, ularga hali dori, hali yana biron narsalar so‘rab turishim uchun telefon qilay desam telefonimning puli tugabdi, 25 ming tashlab turolasizmi» — dedi iymanibgina...

Shunaqa, hurmatli shaharda, tuman markazida yashayotgan hamyurtlar va mas’ul rahbarlar. Siz ertalab bolangizga sarxil ovqatlarni yedirayotgan bir paytingizda ularning bolajonlari shira choyni ichib, maktabga otlanadilar, siz bolangizni taksiga yoki shaxsiy avtomashiningizda jo‘natish ustida tanlov qilayotganingizda, ular poyi piyoda, tizzasigacha loyga botib yo‘lga tushadi, siz betob bo‘lib o‘zingiz uchun qulay shifoxonani tanlayotgan bir paytingizda, ular tuman markazidagi shifoxonaga yetib ololganiga xursand...

Chunki ularda boshqa tanlov yo‘q... Tanlash uchun imkon, chora, mablag‘ va e’tibor yo‘q... Ishonmasangiz, biz yurgan yo‘llardan yurib, o‘zingiz guvohi bo‘ling, bir kuningizni bag‘ishlab ularning uyida mehmon bo‘ling, ogohlantirmay shunchaki yo‘l-yo‘lakay kirib o‘ting... shunda, shunda ozroq qalbingiz yumshasa... shunda yozganlarimiz rost ekanligiga ishonasiz, aytgancha bunday buyog‘i loygarchilik, oyog‘ingizga qo‘shimcha poyabzal — etik olishni unutmang!

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring