«Ayolning o‘zi aybdor» emas
Rejissyor Ravi Udyavar tomonidan suratga olingan «Ona» trilleri menda juda katta taassurot qoldirgandi. Bosh ona rolini hindistonlik taniqli aktrisa Shri Devi ijro etgan. 4 nafar erkak qizining nomusiga tegib, chala o‘lik holda suvga tashlab ketishadi. Qiz og‘ir ahvolda shifoxonada bir necha kunda o‘ziga keladi. Tabiiyki, bu vaqtda uning ko‘rsatmalari o‘z kuchini yo‘qotadi. Sud ekspertiza ham hech narsani aniqlay olmaydi.
Kinoda nomusi toptalgan, sha’ni oyoq osti bo‘lgan qizning iztiroblari, ichki kechinmalari yaxshi ochib berilgan. Nohaqlik qurboni bo‘lgan va yana nomusi toptalgan qizning iztiroblari onani befarq qoldirmaydi. Har xil yo‘llar bilan jinoyatchilarni jazolaydi. Ayol hattoki bular qamalishini emas, o‘lishini istaydi, aytadi: «bular o‘limga mahkum, qamoqdan chiqib yana shu jinoyatni takrorlamasligi uchun ham o‘lishi kerak».
Albatta, samosudni barcha birdek qoralaydi. Lekin nima uchun bunday kinolar olinadi. Ehtiyoj borligi bois. Aksariyat hollarda nomusi toptalgan ayol-qizlar o‘zlarini oqlay olmaydilar. Hattoki odil sudlov ham qizni unutadi. Kinoning muvaffaqiyati shundaki, bu yerda hech qanday o‘ch olish, hech qanday jinoyatni ochishga urg‘u berilmagan. Bular ikkinchi planda. Asosiy maqsad nomusi toptalgan ayolning iztiroblari, o‘y-kechinmalari, ayolning keyingi qo‘rqinchi taqdiri ochib berilgan.
Nima uchun bu mavzuga oid kinoni misol qilib keltirdim. Boisi, bizda xuddi shunday voqealar tiqilib yotibdi. Nomusidan ajralgan ayollar, haqiqat topolmay o‘z joniga qasd qilgan yosh qizlar, ana shu adolatsizliklardan fohishaga aylanayotganlar... Kuni kecha Andijonda 5 erkakning yosh kelinchakni zo‘rlagani haqidagi xabar hamon bahs-munazarlarni keltirib chiqarmoqda. Achinarlisi, bunday zo‘rovonliklar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Sababi zo‘rovonlik qilayotganlar ko‘pincha jazosiz qolmoqda.
«Xorazmda o‘z qiziga ruhiy zo‘ravonlik o‘tkazgan ota besh sutkaga qamaldi»,«Termizda o‘quvchi qiz zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi», «Bishkekda olib qochilgan qizning jasadi topildi», «Kaltaklangan kelin o‘z joniga qasd qildi», «Saharlik tayyorlashga turgan qizning jasadi ko‘zi bog‘liqlik holda anhordan topildi». Kunda kunora mana shunday xabarlarning keti uzilmayapti.
Qizbolani zo‘rlash, olib qochish, haqorat qilish, kelinni kaltaklash, qiz tug‘ding deb kamsitish... Bunday mavzularni muhokama qilayotganlar orasida «bir o‘ziga dalada nima bor?», «qiz bola kechasi ko‘chaga chiqmasligi kerak edi», «kelin bekordan bekorga kaltak yemagan», deganlarning ko‘pchiligi ham ayollar ekanligi achinarli. Aytging keladi, nima uchun erkaklarni birovga zo‘rovonlik qilmaydigan qilib tarbiyalash haqida emas, qizlarni o‘shalardan qo‘rqib ko‘chaga chiqarmaslik yo‘llarini qidirishimiz kerak?
Aynan mana shunday «o‘zi aybdor», degan qarashlar ayollarimiz orasida uchrashi yigitlar tarbiyasida nuqsonni keltirib chiqarmayaptimi?
Jazosizlik — sukut natijasi
O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva so‘nggi vaqtlarda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik oshib borayotgani va bunda aybdorlarning qilmishlarini yashirish holatlari kuzatilayotganiga bundan oldingi besh ming so‘m uchun kaltaklangan va o‘z joniga qasd qilingan xorazmlik kelinchak fojiasidan so‘ng to‘xtalgandi.
«Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusidagi yangiliklar keyingi kunlarda umidsizlik zanjiriga bog‘lanib ketyapti. Biri o‘g‘il farzand ko‘rolmagani uchun qizlari bilan o‘zini poyezd tagiga tashladi. Boshqasi kaltaklarga chidolmay, o‘zini osdi. Qo‘shnilaridan yo‘lkiraga besh ming olganiga do‘pposlashibdi. Norasida qizning nomusiga tekkan kimsa jazosiz qoldi, oilaning zo‘ravonga kuchi yetmadi. Bunday xabarlarni eshitib, odamning ko‘ngli buzilib ketyapti. Bu hali daragi bizgacha yetib kelganlari. Yana qanchasi bosti-bosti bo‘lib ketyapti ekan? Jazosizlik — sukut natijasi. Ayol kishi uyidagi gapni tashqariga chiqarishi, dardi, musibati haqida birovlarga gapirishi qanchalik qiyinligini tushunaman. Ko‘pchilik xotin-qizlar buni o‘zi uchun sharmandalik deb biladi. Ana shu o‘rinsiz uyatni yengib, zo‘ravonlik haqida ochiq so‘zlay olayotganlar tahsinga loyiq. Siz faqatgina o‘zingizga emas, balki kun sayin, yillab zulmga chidab kelayotgan, jabrdiyda bo‘la turib, ta’nalar tagida qolishdan qo‘rqqan, hatto eng yaqinlariga ham dardini ayta olmayotgan ayollarga yordam beryapsiz.
Birovga zulm qiluvchilar, mansabidan foydalanib, jinoyatchilarni qo‘llayotganlar, telefon orqali ish bitiradiganlar, odam tanlab, ayrimlarni boshqalardan ustun qo‘yadiganlar sharmanda bo‘lsin! Shular ta’naga qolsin!
Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi. Bitta qo‘ng‘iroq navnihol qizning nomusiga tenglashtirilibdi. Bir og‘iz malomat ona va uning qizaloqlari hayot-mamotini hal qilibdi.
Jamiyatimiz razolat va sukut uchun, «ayolning o‘zi aybdor» degan qarash uchun juda og‘ir badal to‘layapti. Hamma qonun oldida birdek javob berishi kerak. Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni haqqoniy tergov qilish masalasi birlamchi vazifalar qatorida bo‘lishi shart.
Jinoyatchilar jazo muqarrar ekanini bilsin!» — deb yozgandi Saida Mirziyoyeva.
Jazo muqarrar, ammo...
Bunday zo‘rovonliklar orasida biz bilmaganimiz qancha va dahshatli qiynoqlar, yovuzliklarning qanchadan qanchasi ayollar, qizlar bilan yerga ko‘milib ketayapti, zo‘rovonlikka uchrab hamon yashashda davom etayotganlarning qalbida ko‘milib yotgan yuk, xotiralarning og‘irligidan qanchadan qancha ayol qizlar azobda yashamoqda.
Eng achinarlisi, aynan ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka hattoki mas’ul idoralar, ichki ishlar, mahalla yengil qaraydi, hattoki ko‘p hollarda bunday voqealarni bosti-bosti qilishga urinishadi. Masalan, Saida Mirziyoyeva fikr bermaguncha Surxondaryodagi 14 yoshli qizaloqning nomusiga tajovuz ishi bir yildan ortiq bosti-bosti qilingan ekan. Bundan zo‘rovonliklarga shunday yengil qarashadiki, qachonki prezident oilasi, senat raisi aralashsagina chora ko‘riladi. Bu esa qonun ustuvorligi ta’minlanmaganidan davlolat, qonunlarimiz ishlamasligidan dalolat emasmi?
Yoki bundan bir oylar oldin yuz bergan Qirg‘izistondagi olib qochib ketilgan qiz fojiasi, videoda ko‘rinib turibdi hatto atrofdagi o‘tib ketayotgan odamlarning befarqligi. Garchi qiz olib qochib ketilgan mashinaning davlat raqami ma’lum bo‘lsa-da, ichki ishlar organlari zudlik bilan uni topish, jinoyatning oldini olish payida bo‘lmagan. Qolaversa, hodisa guvohi bo‘lgan qizning odam o‘g‘irlangani haqidagi xabari ham mas’ullarni harakatga keltira olmagan.
«Ishonch telefon»lari faoliyati
Har bir mamlakat ayollarga qarshi zo‘rovonlikka qarshi kurashmoqda. Bizning mamlakatda ham reabilitatsiya va maslashtirish markazlari ishlab turibdi. Ana shu markazlarning filiallariga 2021 yil aprel oyida respublika bo‘yicha markazlarning filiallariga fuqarolardan jami 1768 ta murojaat kelib tushganini ko‘rish mumkin. Ularning 991 tasi bevosita «Ishonch telefonlari» orqali qabul qilingan.
Jami murojaatlarning 90 foizdan ortig‘i, ya’ni 1589 tasi – xotin-qizlardan, 121 tasi – erkaklardan va 58 tasi – bolalardan (18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar) bo‘lgan.
Murojaatlarning turlari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p – 509 tasi ruhiy zo‘ravonlik, 304 tasi jismoniy zo‘ravonlik, 144 tasi iqtisodiy zo‘ravonlik, 2 tasi jinsiy zo‘ravonlik, 809 murojaat esa boshqa masalalar (ishsizlik, bandlik masalalari, uy-joyning yo‘qligi, moddiy yordam, davolanish, nafaqa tayinlash) bo‘yicha qabul qilingan.
Xo‘sh, mana shunday markazlar bor ekan, nima uchun ayniqsa chekka qishloqlardagi ayollar bunday markazlar faoliyati haqida hatto eshitishmagan ham.Bundan olti oy oldin«Hillton» mehmonxonasi «Congress hall» zalida gender tenglikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tgandi. O‘sha tadbirdajurnalistlar oiladagi zo‘rovonlikni kamaytirish uchun 194 ga yaqin shelterlar markazi faoliyat yuritayotgani, demak bunday markazlar har bir viloyatga kamida 10 tadan to‘g‘ri kelishi haqidagi savollarga javob olgandi.
Javoblar orqali shuni bilgandikki, bunday ayollarga ijtimoiy ko‘mak reabilitatsiyalarining, ya’ni bunday NTTlarning faqatgina 14 nafari moliyalashtirilgan, qolgani ham moliyalashtirilishi rejalanayotgan ekan. Demak targ‘ibot tashqivot qilishdan oldin moliyaviy ahvolni o‘nglash kerak. Targ‘ibot tashqivot ishlari yaxshi qo‘yilmagani uchun ham eng chekka qishloqdagi ayollar bunday markazlar borligidan xabardor bo‘lmayapti.
Psixologlarning ta’kidlashicha xotiradan eng qiyin o‘chadigan yoki yillar davomida azob beradigan holat bu inson hayotidagi zo‘rovonlik ekan. Oramizda ana shunday ayanchli xotiradan azoblanayotganlar, hayoti barbod bo‘lganlar, bir umr o‘zligini topolmay yashayotganlar qanchadan qancha. Yuqorida misol keltirganlarimiz bilganlarimiz, bilmaganlarimiz qancha? Jazolanmay qolganlar, bosti-bosti qilib yuborilgan umr kushandalari qancha? Aynan jazolamaslik, chora ko‘rmaslik, ayolning o‘zini aybdor sanash yana qancha qurbonlik talab qiladi? Buning oxiri, chegarasi bormi? Yigitlarni tarbiyalash, ayolni qadrlashga o‘rgatish kimning zimmasida? Ayolning o‘zi aybdor deb ayolni qoralayotgan onalardami yoki bunday ishlarni erkaklikka yo‘yadigan, «erkakchilikda bo‘lib turadi», deb xaspo‘shlaydigan otalardami? Qurbonlar axir bizning opa-singillarimiz, qizlarimiz emasmi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter