Ortganini nima qilay yoki sumalakni rostdan ham shunchalik yaxshi ko‘ramizmi?
Navro‘z eshik qoqmoqda. Tabiat o‘yg‘ondi. Hammaning ko‘nglida ajoyib hislar...
Ko‘p qavatli uyda yashaymiz. Qo‘shnilar bilan maslahatlashib, an’anaga ko‘ra bu yil ham sumalak qiladigan bo‘ldik (aniqrog‘i, ayollar shu qarorga kelishdi, erkaklar so‘zsiz ma’qullashdi). Pullar yig‘ildi, xizmatlar bo‘lindi.
Bug‘doy yetilgan kuni erkaklar yig‘ilib, yonimizdagi choyxonaning qozonini olib keldik. Qo‘shni opa bosh chayqadi: «kichkina!». Mahallaning doshqozonini keltirdik. Kichik qozonga osh damlandi, kattasida sumalak qaynadi. Bolalar o‘ynab-kulishdi, erkaklar alohida, ayollar alohida bo‘lib dasturxon tuzadik. Qizig‘i, qo‘shni uylarda ham qozon-qozon sumalak qaynar, hamma bir-birlarining sumalagini kovlab ketardi. Bu jarayon albatta juda maroqli edi.
Ertasiga ishga jo‘nadim. Qaytganimda bolalarim katta-kichik idishlarda bir paqir atrofida sumalak olib kirishganini ko‘rdim. Shukrona qilib totindim. Yarim piyolacha yedim ham...
Tanish-bilishlarga tarqatdik. Shunda ham yarim paqirchasi ortib qoldi. Bir haftacha muzlatkichning asosiy qismini egallab yotgan sumalakni deyarli hech kim yemadi. Bu orada biz sumalak berib yuborgan idishlar xuddi shu bahoriy taom bilan qaytib keldi. Xullas, hammayoqda sumalak!
Bu kundalik yeyiladigan taom emaski, o‘rtaga olib tovoqlab tanovul qilsak va tugatib yuborsak yoki ortganini ertasiga isitib yesak...
Bir do‘stim «Uyimizda limon yetishtiriladigan issiqxona bor, xohlaganimcha yeyman» deb maqtanganida boshqa bir o‘rtog‘im so‘ragandi: «Xo‘sh, qancha yeysan? Umuman inson birdaniga necha dona limon yeyishi mumkin?».
Sumalak ham xuddi shunday. Ochig‘i, bu taomni eng yaxshi ko‘radigan odamning ham sarxilini bir kosadan ortiq iste’mol qilganini ko‘rgan emasman. Bir-ikki kun o‘tganini-ku qo‘yavering...
Albatta, bu so‘zlarim bilan qadriyatlarimizga shubha bilan qaramoqchi, bahoriy go‘zal bayramimizning qadrli taomini kamsitmoqchi emasman. Lekin har bir holatda ham me’yor bo‘lishi kerak. Ishxonada sumalak, «dom»ning tagida sumalak, qarindosh-urug‘lar yig‘ilib pishirgan sumalak... Shartmi shu? Bir qozon sumalak butun mahallaga yetadi-ku axir.
Menimcha, ayni paytda sumalak ramziy taomga aylanib ulgurgan. Chunki qadimda ko‘pchilikning qo‘li kalta bo‘lgan, qishdan chiqib bahorga yetish, ko‘plashib bug‘doy undirish va sumalak tayyorlab yeyish to‘qlikka yetishni anglatgan. Bu taom nochorlarga tarqatilgan. Hozir esa, ko‘z tegmasin, qishin-yozin dasturxonimiz to‘kin, kundalik taom g‘amini unutganmiz. Shu bois hech kimda sumalak yeb to‘yish va ochlikdan qutulish niyati yo‘q. An’analarimizga sodiq qolib, ozgina totinsak kifoya. Ya’ni bu taom ramziy xolos, tonnalab tayyorlashga umuman hojat yo‘q.
Ramziy deganimni boshqa bir misolda tushuntirishga harakat qilaman. Ma’lumki, ko‘pchilik masjidlarning oldida baland mezana(ichi zinali minora)lar qurilgan. Qadimda muazzinlar ularga chiqib azon aytganlar va chaqiriq ovozi uzoqlargacha yetib borgan. Ovoz kuchaytirgich karnaylar yaratilishi va masjidlarda ham ulardan foydalanilishi mezanalarning ahamiyatini yo‘qqa chiqardi. Lekin ramziy tarzda hali ham ayrim masjidlar yonida mezanalar quriladi. Misol uchun, poytaxtdagi Hazrati imom majmuasida juda baland ikki minora qad rostlab turibdi. Lekin ularning vazifasi endilikda majmuaga ko‘rk berish, ruh bag‘ishlashdir.
Xuddi shunday, sumalak ham dasturxonimizga bayramona ruh berish vositasi, yangi kun nishonasi xolos, qorin to‘yg‘azuvchi mahsulot emas. Shunday ekan, ramziy ma’noda oz miqdorda tayyorlash kifoya. Isrofga aslo o‘rin yo‘q!
Eng qizig‘i, sho‘rvaning ortganini kuchukka, oshning qoldig‘ini tovuqqa berish mumkin. Sumalakning ortganini nima qilish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aminmanki, hozir hammaning uyida mumga aylanayozgan qoldiqlar bor. Ayniqsa ko‘p qavatli uyda yashovchilar uni chiqindiga tashlashlari juda g‘alati, lekin boshqa na iloj?
P.S. Haligi idishdagi sumalak hanuz saqlanmoqda. Nima qilishga hayronman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter