Nega banklar uy sotib olish uchun ipoteka krediti bermaydi?
Hozirgi kunda banklar turli-tuman xizmatlarni taklif qilmoqda. Ular orasida kreditlar alohida o‘rin tutadi. Albatta, hali banklarimiz yetakchi davlatlardagi moliya muassasalari singari turli-tuman xizmatlarni yo‘lga qo‘ymaganlari bor gap. Ammo kun sayin ularning takliflari ortib bormoqda. Buning yaqqol misoli yaqin-yaqingacha ham biz unutib qo‘ygan avtokreditlar berilayotgani bo‘ldi. Ammo ko‘pchilikni bir savol o‘ylantiradi: nega banklar uy sotib olish uchun kredit bermaydi?
Bu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, gap birlamchi bozor (yangi uylar) haqida emas, ikkilamchi bozor (foydalanishda bo‘lgan, jismoniy shaxs tasarrufidagi) ko‘chmas mulk haqida ketmoqda. Xo‘sh, nima uchun fuqarolarimiz o‘zlari tanlagan ko‘chmas mulk(uy)ni xarid qilishda bank kreditlaridan foydalana olmaydi?
Avvalo poytaxt misolida ikkilamchi bozorni o‘rganamiz. Narxlar har doimgidek ko‘kka sapchigan. Garchi bu tushuncha nisbiy bo‘lsa-da, xarid qiluvchi uchun narxlar hamisha baland tuyulaveradi. Toshkentning aholi ko‘p yashaydigan Chilonzor, Uchtepa, Sergeli kabi tumanlaridagi narxlar bilan tanishamiz. Xaridor sifatida biz yosh oilamiz, qo‘limizda taxminan 30 million so‘m pulimiz bor, er-xotinning oylik daromadi 2,5 million so‘m atrofida deb olamiz.
Birinchi muammo: ikkilamchi bozordagi hech bir sotuvchi uyini so‘mga sotmaydi! Agar uni shunga ko‘ndirsangiz ham bozordan AQSh dollariga almashtirib olish narxida qabul qilishini shart qilib qo‘yadi.
Ikkinchi muammo: narxlar! Poytaxtning ko‘p qavatli uylaridagi eng arzon bir xonali uylarning bahosi 18-20 ming AQSh dollari atrofida. Demak, bugungi kunda bu uylarni sotib olish uchun kamida 160 million so‘m jamg‘arish lozim. 30 million so‘m (salkam 4 ming AQSh dollari) bilan uy qidirishning o‘zi mantiqsizlik. Yagona ilinj kreditdan. Hali kredit beradigan bankni topish alohida masala. Biz niyatni yaxshi qilamiz va uy qidirishda davom etamiz.
Uchinchi muammo: ko‘nglingizga yoqqan uyni topganingizdan so‘ng sotuvchiga sekin ipoteka krediti haqida so‘z ochasiz. Odatda u shu ondayoq to‘nini teskari kiyadi va kelishuvni to‘xtatadi. Chunki buning o‘ziga yarasha sabablari bor — eng asosiysi plastik/naqd masalasi. Yurtdoshlarimiz ongida bu muammo juda qattiq o‘rnashib qolgan. Undan tashqari, uy sotilgandan keyin pul olingunga qadar bir oy atrofida muddat o‘tib ketadi, bu vaqtda ko‘chmas mulk bozorida ko‘plab o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Mayli, ming tavallo bilan uy egasini ipoteka kreditiga ko‘ndirdik ham deylik.
To‘rtinchi va asosiy muammo: aytarli hech bir bank bunday mijozni quchoq ochib kutib turmaydi, aslo kutmaydi desak yanada to‘g‘riroq bo‘lar.
Nega holat bunday ekanligi bilan qiziqib, kreditlar taqdim etishda faol bo‘lgan tijorat banklariga murojaat qildik.
«Aloqabank» aksiyadorlik tijorat bankining jismoniy shaxslarni kreditlash boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek O‘roqov bu masala yuzasidan quyidagicha javob berdi:
— Bankimiz tomonidan yurtimizning Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Namangan viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida birlamchi ko‘p xonadonli uylar qurilishi moliyalashtirilgan. Ya’ni quruvchi korxonalar ko‘chmas mulkni foydalanishga topshirishi uchun biz kredit berganmiz va ayni shu uylardagi xonadonlarga bankimiz tomonidan ipoteka krediti ajratiladi. Har bir bank birinchi navbatda o‘ziga tegishli mahsulotni sotishi tabiiy, shu bois biz ham avvalo aynan mana shu xonadonlarga kredit taqdim etamiz. Bundan tashqari, bank kredit portfelini diversifikatsiya qilish maqsadida bitta sohaga ajratilgan kreditlar miqdori oshib ketmasligi kerak. Bizning ko‘chmas mulk uchun ajratilgan mablag‘imiz miqdori aynan o‘zimiz moliyalashtirgan uylar uchun mo‘ljallangan.
— O‘sha birlamchi bozorga taqdim etayotgan uylaringizga talab qay darajada?
— Talab mo‘ljaldagidek, ayrim viloyatlarda uchta, beshtagacha shunday ko‘p kvartirali uylar qurilayotgani buning isboti bo‘la oladi.
«Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat bankiga ham shu masalada murojaat qildik. Savolimizga jismoniy shaxslarga kreditlar taqdim etish bo‘limi bosh mutaxassisi Bahodir Ismoilov javob berdi:
— «Hamkorbank» ipoteka krediti taqdim etgan paytda birlamchi yoki ikkilamchi bozor ekanligigiga qaramay kredit bergan. Hozir bankimiz tomonidan nafaqat ikkilamchi, balki birlamchi bozordagi ko‘chmas mulk uchun ham kredit berish to‘xtatildi. Uzoq muddatga jalb qilingan mablag‘larga nisbatan joylashtirilgan uzoq muddatli aktivlar salmog‘i ortib ketgani munosabati bilan, bu holat kelajakda bankning likvidligiga salbiy ta’sir qilishining oldini olish maqsadida ipoteka kreditlari vaqtincha to‘xtatilgan. Hozir katta miqdorda depozit jalb qilishga harakat qilayapmiz. Kelajakda ipoteka kreditlari yana tiklanadi.
— Savol tug‘iladi, nega banklar ikkilamchi bozorni uncha xushlamaydi?
— Banklar tavakkalchilikka qo‘l urarkan, o‘z mablag‘ining saqlanib qolishi va foyda keltirishiga e’tibor qaratadi. Qarz evaziga garovga olingan mulk kelajakda o‘z qiymatini yo‘qotmasligi muhim masala. Bu o‘rinda oddiy til bilan aytganda eski uyga nisbatan yangi uyning bahosi tushib ketmasligining ehtimoli yuqori. Albatta, bank garov mulkini tortib olishni maqsad qilmaydi yoki mijoz ko‘chmas mulk bahosi tushib ketishini istamaydi, lekin biznes ehtiyotkorlikni talab qiladi.
«Trastbank» xususiy aksionerlik banki kredit bo‘limi boshlig‘i Rustam Mirkarimovning bildirishicha, bu bank mijoz zarur hujjatlarni tayyorlasa va taqdim etsa, ikkilamchi bozor uchun ham ipoteka krediti beriladi. Ta’kidlash joizki, bu biz uchun kutilmagan javob bo‘ldi.
— Rostdan ikkilamchi bozor uchun ipoteka krediti taqdim etasizlarmi?
— Albatta.
— Shartlari qanaqa?
— Bunday kreditlar 10 yilgacha muddatga beriladi. Uy-joy (hovli) olish uchun eng kam oylik ish haqining 3000 barobarigacha, kvartira uchun 2500 barobarigacha, yillik 25 foizlik stavkada ipoteka krediti beramiz.
— Boshlang‘ich badal miqdori qancha?
— Boshlang‘ich badal kamida 25 foiz. Bu yerda mijoz va kafillarning maoshlari kreditni to‘lash uchun yetarli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Demak, mijozlar uchun bunday imkoniyatni taqdim etayotgan bank ham bor ekan-da!
Kreditlarning turli variantlarini taklif etayotgan yana bir bank — «Asia Alliance Bank»ning mijozlar bilan aloqalar bo‘limining Aziza ismli xodimi yuqoridagi savolga shunday javob berdi:
— Bankimiz ko‘chmas mulk xarid qilish uchun ipoteka kreditlari taqdim etadi. Faqat buning uchun ko‘chmas mulk qurilishini bizning bankimiz moliyalashtirgan bo‘lishi lozim. Hozir bankimiz Qarshi shahrida 5 ta uy qurilishini moliyalashtirayapti. Yaqinda Buxoro viloyati Kogon shahrida ham yangi uylar qurilishini moliyalashtiramiz. Ipoteka kreditini biz faqat shu uylar uchun taqdim qila olamiz.
— Bu tushunarli, lekin gap ikkilamchi bozor haqida ketmoqda.
— Ikkilamchi bozor bo‘yicha ipoteka krediti ko‘zda tutilmagan. Chunki bu turdagi kreditlar muddati juda uzoq bo‘ladi. Kredit portfelidagi resurslar ko‘p hollarda yetarli bo‘lmaydi.
«O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat bankining rasmiy saytida aynan shu turdagi kreditlar taqdim etilishi e’lon qilingan.
Ammo bankning Markaziy amaliyot mintaqaviy filiali chakana kredit boshqarmasi xodimi Sherzod Rahimbekov ikkilamchi bozor uchun kredit berilishi vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi:
— Saytlaringizda birlamchi va ikkilamchi bozor uchun kredit taqdim etilishi e’lon qilingan, mijoz hozir murojaat qilsa, qarz berasizlarmi?
— Ma’lumot eskirgan. Ikkilamchi bozor uchun bu yil kredit bermadik. O‘tgan yili dekabr oyigacha ham bunday kreditlar taqdim etib kelindi. Ammo yil boshida resurslar tanqisligi va yakuniy foiz stavkalari tasdiqlanmagani uchun bunday kreditlar vaqtincha to‘xtatildi. Kelajakda tiklansa, ommaga ma’lum qilamiz.
Mijozlarning shikoyatlari o‘z isbotini topmoqda. Banklar ikkilamchi bozor uchun ipoteka kreditini deyarli taqdim etmaydilar. O‘zaro suhbatlarda ayrim mutaxassislar bunday kreditlar norentabelligini, ya’ni bank uchun foyda keltirmasligini bildirishdi. Ammo ko‘chmas mulk bo‘yicha oldi-sotdilarning mutlaq ko‘pchilik qismi aynan ikkilamchi bozorda kecharkan, bu jarayonlarni kreditlash haqida o‘ylab ko‘rish vaqti kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter