Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tomir va barmoqdan qon tekshiruvining farqi nimada?

Tomir va barmoqdan qon tekshiruvining farqi nimada?

Vena qon - tomirdan, kapillyar qon esa barmoqdan olinadi. Ikkinchisining bir qator kamchiliklari bor. 

Asosiy kamchiligi barmoqdan qon 2 ml gacha olinishi mumkin. Bu faqat umumiy qon testi va glyukoza testi uchun yetarli. Boshqa tadqiqotlar uchun 2,5 dan 10 ml gacha qon kerak bo‘ladi va agar bir vaqtning o‘zida bir nechta testlar bo‘lsa, taxminan 30 ml kerak bo‘lishi mumkin.

Barmoqdan bu miqdorda qon siqib bo‘lmaydi. 

Bundan tashqari, kapillyar qonni olishda qon hujayralari zararlanishi mumkin.

Barmoq teshilishi paytida teri ko‘proq shikastlanganligi sababli biomaterialga to‘qimalar va hujayra ichidagi suyuqliklar, shuningdek qon ivish omillari tushishi mumkin. Ushbu moddalar test natijalariga xalaqit berishi mumkin.

Barmoqdan qon faqat uch yoshgacha bo‘lgan bolalardan klinik qon tekshiruvi, glyukoza, xolesterin, AST, ALT, umumiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bilirubin, oqsil va kreatinin uchun olinadi.

Katta yoshlilarda barmoqdan qon olish tavsiya etilmaydi, chunki kapillyar qonda gemoglobin va gematokrit venoz qonga qaraganda yuqori, kaliy, kalsiy va umumiy protein miqdori past bo‘ladi. Glyukoza ko‘rsatkichlarida ham kichik farqlar mavjud.

Bundan tashqari, venoz qon kisloroddan mahrum bo‘lib, to‘qimalarning gaz almashinuvi natijasida karbonat angidrid bilan boyitiladi. 

Shuning uchun kattalar venoz qon topshirishlari kerak. Ammo ba’zi hollarda tibbiyot xodimlari kapillyar namuna olishlariga to‘g‘ri keladi.

Tomirdan va barmoqdan qon testiga tayyorgarlik ko‘rishda farq bormi?

Qon topshirishdan oldin aniqlashingiz kerak bo‘ladigan yagona narsa - uni och qoringa topshirish kerakmi yoki yo‘qligini bilish. Va bu qon olinadigan joyga emas, balki tekshiriladigan tahlilga bog‘liq. 

Klinik qon testini yengil nonushtadan keyin 2-3 soat o‘tgach olish mumkin. Ammo glyukoza, xolesterin va gormonlar uchun qon testlari qat’iy ravishda och qoringa olinadi. 

Agar sizga bunday tahlillar buyurilgan bo‘lsa, qon topshirishdan 8-12 soat oldin taomlanmasligingiz kerak.

Qon topshirishda esa oldindan 1-2 stakan suv ichish tavsiya qilinadi.

Tanangizda yetarli miqdorda suyuqlik bo‘lsa, tahlil olishni osonlashtiradi. 

Shifokor sizga test o‘tkazish uchun yo‘llanma berganida, qon topshirishdan oldin ovqat yeyishingiz mumkinmi yoki yo‘qligini so‘rang. 

Tibbiy materialga asoslanib Nodira Adilova tayyorladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring