Koronavirusning yana bir qo‘rqinchli asorati aniqlandi
Singapurlik shifokorlar koronavirus keltirib chiqaradigan yana bir asoratni isbotlashdi. Bu aortada tromblar paydo bo‘lganda rivojlanadigan oyoq gangrenasidir, deb yozadi «The Straits Times».
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, 39 yoshli erkak kutilmaganda o‘ng oyoqdagi kuchli og‘riqdan shikoyat qilib qolgan. Uning uchta barmog‘ida esa gangrena rivojlana boshlagan. Tibbiyot xodimlari bu aortada qon quyuqlashishi tufayli kelib chiqqanligini aytishmoqda. Bungacha u o‘pkani sun’iy ventilyasiya qiluvchi apparatga ulab qo‘yilib, bir necha kun hushsiz holatda yotgan. Erkakni tezda operatsiya qilishib, unga doimiy stent o‘rnatishdi. Uch oydan so‘ng uning gangrenasi yo‘qolib, bemor yana bemalol yura boshladi.
«Katta qon aylanish doirasining eng yirik qon tomiri hisoblangan aortada kamdan-kam hollarda tromb yuzaga keladi», — dedi Tan Tok Sen shifoxonasining yetakchi maslahatchisi, umumiy jarrohlik bo‘limi boshlig‘i, professor Glenn Tan. Uning tasdiqlashicha, bemor isitma va nafas siqishi bilan shifoxonaga yotqizilgan, unda boshqa kasalliklar qayd etilmagan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, COVID-19 bilan kasallangan og‘ir bemorlarda tromb hosil bo‘lish xavfi yuqori bo‘lib, bu insult, yurak xuruji va boshqa xavfli asoratlarga olib kelishi hech gap emas.
Professorning ta’kidlashiga qaraganda, tromb paydo bo‘lgan koronavirus bemorlari ko‘p emas. Chunki ularning aksariyati nisbatan yosh va sog‘lom insonlardir.
«Oyoq gangrenasi diabet kabi kasalligi bo‘lmagan yoshlar uchun noodatiy hol», — deya izohladi Tan.
«Worldometers» hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha 38 392 207 kishi koronavirusga chalingan, shundan 1 091 313 nafari hayotdan ko‘z yumdi. 28 865 766 nafar bemor yangi virusdan forig‘ bo‘ldi. Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh, Hindiston va Braziliya jahonda oldingi o‘rinlarda bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter