Passiv o‘lim. Sigareta tutuni chekmaydigan odamga qanday ta’sir qiladi?
Passiv chekish quloqqa tez-tez chalinib turadi. Negaki ko‘pgina kishilar kashandalar chiqarayotgan tamaki tutuni qurboniga aylanishdan xavotir olishadi. Bu bejizga emas. Negaki passiv chekish nihoyatda xatarli bo‘lib, hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin, deb yozadi «AIF».
Qanday ta’sir qiladi?
Bir qarashda, sigareta tutuni faqat kashandaning o‘ziga zarar yetkazadigandek tuyuladi. Chunki u sigaretadagi xavfli kimyoviy birikmalarni o‘ziga tortib oladi. Biroq atrofdagilarga ular chiqarayotgan tutunning xavfi ham kam emas.
— Passiv chekkanda odamlar yon tomonlama dozani olishadi. Passiv va aktiv chekkanda organizmga deyarli bir xil moddalar tushadi. Ayniqsa, chekayotgan odamning yonida uzoq vaqt qolib ketganda bir xil noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yon tomonlama tutun tarkibida taxminan 4000 ta kimyoviy modda bo‘lib, ular orasida 69 tasi tajovuzkor kanserogen hisoblanadi. Eng xavflilari: N-nitrozamin, xushbo‘y poliefir, politsiklik xushbo‘y uglevodorodlar, — deydi rossiyalik oliy toifali shifokor-terapevt Olga Saakyan. — Lekin baribir yon tomonlama tutundagi xavfli moddalar konsentratsiyasi chekuvchining o‘zi oladiganga qaraganda kamroq bo‘ladi.
Oqibati
Tabiiyki, tamaki tutunidan nafas olganda chekmaydigan odam ham istaydimi-yo‘qmi sog‘ligi bilan bog‘liq muammolarga duch keladi.
— Passiv chekish allergiyaning zo‘rayishi, turli LOR-patologiyalar, yurak-qon tomir kasalliklari, surunkali o‘pka obstruktiv xastaliklari va onkologik kasalliklar xavfi oshishiga olib keladi. Ko‘pincha xavfli o‘smalar o‘pka, buyrak va sut bezlarida kelib chiqadi. Bu kabi ayanchli oqibatlarning oldini olish uchun chekuvchilar davrasidan qochishga harakat qilish lozim, — deydi Olga Saakyan.
Agar passiv chekish oqibatida sog‘lik bilan bog‘liq muammolar kelib chiqsa, zudlik bilan shifokorga murojaat etish zarur. Albatta, chekuvchi yaqinlar bilan gaplashib olishi hamda iloji boricha zararni kamaytirishga harakat qilishi kerak.
Chorasi
— Kashanda bilan bir uyda yashasangiz, undan uyda chekmaslikni, tashqariga chiqishini iltimos qiling. Xonalarni tez-tez shamollatib turing. Chekuvchining kiyim-kechaklarini vaqtida yuvib-tozalashni unutmang.
Chekuvchilar diqqatiga: passiv chekish, ayniqsa, bolalar va homilador ayollarga xavfli. Ularni passiv kashanadalikka mahkum etmang, — deb maslahat beradi terapevt.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter