Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimlarga tuxum yeyish mumkin emas?

Kimlarga tuxum yeyish mumkin emas?

Foto: «Tony.ru»

Tovuq tuxumi foydali moddalarga boy. Biroq uni yeyish hammaga ham tavsiya etilmaydi. «AIF»ning yozishicha, tuxum qulupnay, yog‘i olinmagan sut, yeryong‘oq, sitruslar bilan birga yuqori allergen mahsulotlar sirasiga kiradi. Boz ustiga, xom tuxum qaynatilgan va qovurilganiga qaraganda kuchliroq allergen sanaladi. Shu bois tuxum oqiga allergiyasi og‘ir ko‘rinishda kechadigan (anafilaktik shok, Kvinke shishi, teri reaksiyalari) odamlarga tuxum qat’iyan man etiladi.

— Ko‘pincha odamlarning tuxumga allergiyasi bo‘ladi. Bundan tashqari, xolesterini ko‘payib ketgan kishilarga ham tuxum yeyish mumkin emas. Bir tomondan, tuxum tarkibida letsitin bilan kompensatsiyalangan xolesterin bor. Sog‘lom kishiga tuxum salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, negaki letsitin xolesterinning tomir devorlariga o‘rnashib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shunga qaramay, xasta kishi tuxum sarig‘ini o‘ta ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilishi lozim, — deydi diyetolog Yelena Solomatina.

Tuxum tanovul qilishda diabetiklardan ham e’tiborli bo‘lish talab etiladi.

— Odatda qand ularning qon tomirlariga zarar yetkazadi, shu bois bunday odamlarda ateroskleroz xavfi yuqori bo‘ladi. Ateroskleroz esa insult va infarkt sababchisi ekanligi barchaga ma’lum, — deya izohlaydi Solomatina.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, oshqozonida muammosi bo‘lgan kishilarga ham tuxum yeyish tavsiya etilmaydi.

— Tuxumni pankreatit zo‘raygan davrda iste’mol qilmagan ma’qul. Shuningdek, jigar va o‘t qopi kasalliklarida ehtiyotkorlik zarur. Chunki tuxum sarig‘i safro haydab, o‘t-tosh xastaliklarini keltirib chiqarishi hech gap emas, — deydi diyetolog.

Tuxum reflyuksni ham qo‘zg‘ashi mumkin — bunda oshqozondagi nordon modda qizilo‘ngachga ko‘tarilib, jig‘ildon qaynashi va og‘izda taxir ta’mga sabab bo‘ladi. Agar odam ovqatlangandan so‘ng yotsa, reflyuks ehtimoli ortadi.

— Bu gastrit va oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari bilan bog‘liq. Sog‘lik bilan bog‘liq bunday muammolarda uxlashdan oldin tuxum yeyish tavsiya etilmaydi, — deya maslahat beradi ekspert.

1 yoshga to‘lmagan go‘daklarga butun bir tuxumni berish mumkin emas. Yosh bolaga tuxum sarig‘ining to‘rtdan bir qismi kifoya. Tuxum oqini esa bir yoshga to‘lmagan go‘dakka yedirish qat’iyan man etiladi.

Sog‘likka zarar yetkazmagan holda nechta tuxum yeyish mumkin?

Tuxum oqi va sarig‘ida turli-tuman moddalar mavjud. Shu bois ularni iste’mol qilish bo‘yicha tavsiyalar farq qiladi. Sog‘lom odamga diyetolog bir o‘tirishda ko‘pi bilan bitta tuxum sarig‘i va uchta tuxum oqini yeyishni maslahat beradi.

— Bunda shunday yo‘l tutgan ma’qul: bitta tuxumni yeb, ikkinchisining sarig‘ini olib qo‘ying: birorta taom tayyorlashda ishlatarsiz, — deya tavsiya beradi Solomatina.

Har kuni tuxum iste’mol qilmasangiz, kuniga bir nechta tuxum yeyishingiz mumkin (faqat kunlik me’yordan oshirib yubormang). «JAMA» tibbiyot  jurnalida chop etilgan amerikalik olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, haftasiga ikki-uchta tuxum — inson sog‘ligi uchun ayni muddao.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring