Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yurtimizga turistlar oqimini ko‘paytiradi, degan yaxshi umid bor...» – Andijonda «Dunyo sadolari» festivali boshlandi

«Yurtimizga turistlar oqimini ko‘paytiradi, degan yaxshi umid bor...» – Andijonda «Dunyo sadolari» festivali boshlandi

Andijon viloyatining turizm manzillaridan biriga aylanayotgan Xonobod shahrida bugun – 29-iyuldan «Dunyo sadolari» II xalqaro milliy estrada san’ati festivali boshlandi.

Ayni paytda festivalga tayyorgarlik doirasidagi boshlangan ishlar yakunlangan.

Mazkur festivalga tayyorgarlik jarayonlarida bevosita ishtirok etib kelayotgan Andijon viloyati Jalaquduq tumani Maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi ma’naviyat targ‘ibotchisi Zulfiqor Mo‘minovning bildirishicha, festival bo‘lib o‘tadigan asosiy sanalar – 29-31 iyul kunlariga qadar ham mahalliy musiqiy dastalar, teatr guruhlari hamda folklor ansambllari mahalliy aholi uchun konsert dasturlari tashkil qilib kelgan.

– Bir necha kundan buyon shu yerdamiz. Xalqimizning quvonchli kunlarida birga bo‘lish hamda maroqli hordiq chiqarish uchun kelganmiz, – deydi asli kasbi o‘qituvchilik bo‘lgan Zulfiqor Mo‘minov. – Xonobod shahri nafaqat Andijn yoki respublika bo‘yicha, balki mintaqada ham yashillikka burkangan go‘zal shaharlardan biri hisoblanadi. Festivalga tayyorgarlik doirasida esa shaharning turistik salohiyatini oshirish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi-yangi binolar, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoq inshootlari ishga tushirildi.

Suhbatdoshning ta’kidlashicha, bundan ko‘zlangan maqsad nafaqat mahalliy yoki qo‘shni davlatlar aholisini, balki boshqa xorijiy davlatlardan ham turistlarni jalb qilishdir.

– Shu ma’noda, bugungi kunda ko‘plab muxlislarga ega bo‘lgan Inna, Joni, Megan, Daniyella va Jah Halib kabi jahon estrada yulduzlari taklif qilingan. Bu esa, ularning auditoriyasi ham O‘zbekiston, xususan, Xonabod shahri haqida xabardor bo‘ladi, ma’lumotlarga ega bo‘ladi, deganidir. O‘z navbatida, bu kelgusida yurtimizga turistlar oqimini ko‘paytiradi, degan yaxshi umid bor, – deydi Zulfiqor aka.

Shuningdek, suhbatdoshimiz Andijon viloyatida ziyorat turizmi uchun ham yetarli salohiyat borligini ta’kidlaydi. Uning bildirishicha, hududda 370 dan ziyod madaniy meros ob’yektlari mavjud. Ularning har biri bamisoli o‘tmishning o‘qilmagan sahifasi. «Jom’ye» va «Ahmadbek hoji mehmonxonasi» majmualari, «Qutayiba ibn Muslim», «Shirmonbuloq», «Imom ota» ziyoratgohlari Andijon tarixidan so‘zlovchi maskanlar sifatida ko‘pchilikning e’tiborini tortayotgan bo‘lsa, «Mingtepa» yodgorligi, «Xontoq» va «Fozilmon ota» dam olish maskanlari dong‘i dunyoga ketgan. Bu yerga hatto Fransiya, Yaponiya, Xitoy kabi ko‘plab xorijiy davlatlardan mutaxassislar tashrif buyurib, izlanishlar olib borishmoqda.

Ma’lumot uchun, festival dasturlarida jahon yulduzlari bilan birgalikda o‘zbekistonliklarning bir qator sevimli  xonandalari ham ishtirok etadilar.

Qo‘shimcha izoh: xalqaro festivalda jahon va mahalliy estrada yulduzlari Xonobod shahri mehmonlari hamda mahalliy aholi uchun ochiq osmon ostida tiklangan sahnalarda konsert beradilar va bu dasturlar tashrif buyuruvchilar uchun bepul.

Elbek

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring