Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh bolali onalar uchun ishxonasida qanday imtiyozlar berilishi kerak?

Yosh bolali onalar uchun ishxonasida qanday imtiyozlar berilishi kerak?

Aholi o‘rtasida, ayniqsa biror tashkilotda ishchi yoki xodim bo‘lib ishlaydiganlarda mehnat huquqiga doir savollar ko‘p uchraydi.

Jumladan, kuzatuvchilardan biri 1 yoshli farzandini tarbiya qilayotgan ona ekanligini va unga ishxonada qanday imtiyozlar berilishi kerakligi haqida so‘ramoqda.

Mazkur savolga ekspertimiz TDYuU Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonov javob beradi.

– Mehnat kodeksi 182-moddasiga ko‘ra, xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi 5 kunlik yoki 6 kunlik ish haftasida haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.  MK 185-moddasiga ko‘ra, o‘ziga nisbatan ish vaqtining normal davomiyligi belgilangan xodimlar uchun: 6 kunlik ish haftasida — 7 soatdan (6*7=42 soatku deb hayron bo‘lmanglar, qaysidir bir kun, odatda shanba kuni 5 soat ishlanadi shunda (5*7)+5=40 soat), 5 kunlik ish haftasida — 8 soatdan oshishi mumkin emas.

Ish vaqti soat 09:00 dan 18:00 gacha bo‘lsa, 9 soat bo‘lib ketyaptiki deb ham hayron bo‘lmanglar. MK 204-moddasiga ko‘ra, ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan 2 soat va kamida 30 daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Demak, savol muallifiga 1 soatlik ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilgan ekan. Shuni hisobiga umumiy 9 soat chiqyapti, aslida ish vaqti 8 soat, chunki 1 soatlik tanaffus ish vaqtiga kirmaydi.

MK 397-moddasiga ko‘ra, 3 yoshga to‘lmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) mehnat haqini kamaytirmasdan haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.

Demak, birinchidan, sizlardagi ish vaqti xaftasiga 40 soat va 5 kunlik ish xaftasi bo‘yicha kunlik 8 soat bo‘lsa, yosh bolangiz borligi sababli, 35 soatlik imtiyoz siz uchun kunlik 7 soatga to‘g‘ri keladi. Va agar, kunlik ish vaqti soat 9.00 dan 18.00 ga qadar belgilangan bo‘lsa, demak siz soat 17.00 da ishdan chiqib ketishingiz mumkin.

Ikkinchidan, MK 407-moddasiga ko‘ra, 2 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har 3 soatda, har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan 2 yoki undan ortiq nafar farzandi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida 1 soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi.

2 yoshga to‘lmagan bola otasining yoki onasining (vasiysining) xohishiga ko‘ra bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga qo‘shib berilishi yoxud ish kunining (smenaning) tegishincha qisqartirilgan holda boshiga yoki oxiriga ko‘chirilishi, shu jumladan jamlangan holda ko‘chirilishi mumkin.

Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, 1-variantdagi imtiyoz bilan siz soat 17.00 da ishni yakunlash huquqiga ega bo‘lsangiz, davomli imtiyoz sifatida 2-variantdan foydalanib, 2 ta 30 daqiqalikni jamlagan holda qo‘shimcha 60 daqiqa – 1 soatlik (har 3 soatda kamida 30 daqiqalik, 7 soatga 60 daqiqa – 1 soat to‘g‘ri keladigan) tanaffus vaqtini ish kunining oxiriga ko‘chirgan holda, soat 16.00 da ishdan chiqib ketishingiz mumkin. Agar 2 yoki undan ortiq nafar farzandingiz bo‘lsa soat 15.00 da ishdan chiqib ketishingiz mumkin.  Bolangiz 2 yoshga to‘lsa, u holda bolangiz 3 yoshga to‘lgunga qadar faqat MK 397-moddasidagi imtiyozdan foydalanasiz.

Diqqat! 35 soatlik qisqartirilgan ish vaqtidan va bolani ovqatlantirish uchun beriladigan qo‘shimcha tanaffus vaqtidan foydalanilganda, xodimlarning ish haqida kamayish bo‘lmaydi, qoidaga ko‘ra, bu davrlarda normal ish vaqti doirasida o‘rtacha ish haqi saqlanadi hamda to‘lanadi.

E’tibor bergan bo‘lsangizlar yuqoridagi kafolatlardan nafaqat ona, balki ota yoki bolaning vasiysi ham foydalansa bo‘ladi.  Oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslardan biriga kafolatlar berish sharti MK 410-moddasiga ko‘ra tartibga solinadi.

Budjetdan tashqari, xususiy sektordagi tashkilotdagi xodimlarchi?

MK 397-moddasidagi kafolat budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onadan biriga (vasiysiga) taqdim qilinadi.

3 yoshga to‘lmagan bolaning budjetdan moliyalashtirilmaydigan ish beruvchilarda ishlaydigan ota-onasidan biriga, vasiysiga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanishi mumkin. Agar belgilanmagan bo‘lsa bu kafolat taqdim qilinmaydi.

Diqqat! MK 407-moddadagi bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslarni taqdim qilish esa mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar uchun majburiydir.

Rasmiylashtirish qanday bo‘ladi?

«Menga 1 yoshli farzandim Falonchi Falonchiyevni ovqatlantirish uchun tanaffusni jamlangan holda ish kunining oxiriga ko‘chirib berishingizni so‘rayman. Farzandimning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinmoqda»  degan mazmunda xodim ariza yozadi.

Diqqat! Xodimning xohishiga ko‘ra bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga qo‘shib berilishi yoxud ish kunining (smenaning) tegishincha qisqartirilgan holda boshiga yoki oxiriga ko‘chirilishi, shu jumladan jamlangan holda ko‘chirilishi mumkin.

Xodimning arizasiga muvofiq ish beruvchi buyruq chiqaradi. Buyruqning mazmuni quyidagicha bo‘lishi mumkin:

«Falonchi Falonchiyevaga bolani ovqatlantirish uchun tanaffus o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanib jamlangan holda ish kunining oxiriga ko‘chirib berilsin».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring