Yonib ketgan Qo‘qon bozori o‘rnida minga yaqin zamonaviy do‘konlar quriladi
Joriy yilning 12-iyun kuni Qo‘qon shahar, Baynalminal ko‘chasida joylashgan “Buyuk ipak yo‘li” savdo kompleks hamda unga tutash uylarning ayrimlari butunlay yonib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Ayni kunlarda ushbu bozordagi do‘konlarni qisqa muddatda to‘liq qayta tiklash bo‘yicha ishlar ketyapti. Ushbu ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun hududda Farg‘ona viloyati hokimligi shtabi ham tashkil etilgan.
Viloyatdagi qurilish tashkilotlari ko‘magida 2000 nafardan ziyod hasharchi, kerakli jihoz va texnika vositalari jalb etilgan holda bozor hududida dastlab tozalash ishlari olib borildi. Shuningdek, qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan bozorning yangi loyihasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Hojiqo‘zijon Isaqovga ko‘ra, qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi har kuni monitoring qilinib, tegishli tavsiyalar berib borilyapti.
“Rejaga ko‘ra, bozor hududida 977 ta savdo do‘koni qurib bitkaziladi. Buning uchun 37 ta qurilish-pudrat tashkilotlari jalb etilgan”, – deydi hokimlik mutasaddisi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter