Yil boshidan buyon 700 tupdan ortiq qimmatbaho navli daraxtlar kesilgan – Bosh prokuratura
Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklar rejasiz va nazoratsiz yig‘ib olinishi natijasida tabiiy zaxiralar va populyasiyalarining o‘sish maydonlari qisqarishi kuzatilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, jumladan, Surxondaryo viloyati «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joriy yil iyul-sentyabr oylarida 11 550 tup tabiiy holda o‘suvchi «tojik kavragi» dorivor o‘simligi noqonuniy kesilib, tabiatga 5,7 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmon bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy e’lon qilingan bo‘lishiga qaramay joylarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq holatlar ko‘plab uchrayotgani aytildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 427 ta huquqbuzarlik qayd etilib, shundan 714 tup qimmatbaho navli daraxtlar noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘yilgan.
«Umuman nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida mutasaddi idoralarga 107 ta taqdimnoma kiritildi, 206 ta noqonuniy hujjatlarga protest keltirildi, sudlarga 4 ta da’vo arizasi kiritildi, 304 nafar shaxslar ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 228 nafar fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi», – deyiladi idora xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter