Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tuya go‘shtini yegan» qonun loyihasi qachon e’lon qilinishi aytildi

«Tuya go‘shtini yegan» qonun loyihasi qachon e’lon qilinishi aytildi

Kecha, 10-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori «Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri»ga doir qonun loyihasi qachon deputatlar e’tiboriga havola qilinishini aytdi.

Akmal Burhonovga bu borada savol bergan deputat Umida Rahmonova savolini asoslantirish uchun, jumladan, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlarni sodir etgan 566 nafar shaxs davlat xizmatiga qayta qabul qilingani va yana korrupsiyaga qo‘l urgani haqidagi faktlarni keltirgan.

Yig‘ilish davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov reyestr qachon ishga tushishi bo‘yicha hisobot berdi.

«Dastlabki qonun loyihasi 2022-yil boshida ishlab chiqilib, o‘tgan vaqt davomida vazirlik-idoralar bilan kelishildi va joriy yil boshida Prezident administratsiyasiga kiritildi.

Lekin administratsiya tomonidan bir qator e’tirozlar bo‘ldi, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifa yuklatilgan edi. Biz vazifalardan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirdik. Shu kunlarda yana bir marta oxirgi versiyasini Prezident administratsiyasi orqali Qonunchilik palatasiga kiritishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning e’tiboringizga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz», – deydi Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, Prezident 2021-yilning 6-iyuldagi farmoni bilan Agentlikka mazkur Reyestrni va u bilan bog‘liq cheklovlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini 3 oy muddatda ishlab chiqish va Prezident Administratsiyasiga kiritish vazifasini yuklagan edi.

Bundan tashqari Agentlik tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, aynan mazkur farmonga ko‘ra, 2 oy muddatda davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etishga doir «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring