Toshkentning «nomsiz» metro bekatlarini nomlash bo‘yicha takliflar qabul qilinyapti
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan poytaxtdagi «nomsiz» metro bekatlarini nomlash bo‘yicha takliflar qabul qiluvchi sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.
Unda 18 yoshga to‘lgan fuqarolar avval ro‘yxatdan o‘tib, so‘ng poytaxtdagi yangi geografik ob’yektlarni nomlash va mavjudlarini qayta nomlashda ishtirok etishlari mumkin.
Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi, jumladan, poytaxt aholisini metropoliten yer usti liniyasining Do‘stlik – Qo‘yliq va Olmazor – Sergeli yo‘nalishlaridagi 19 ta bekatga nom berish jarayonida faol ishtirok etishga taklif qilmoqda.
Buning uchun ushbu havolaga o‘tib, takliflarni kiritish mumkin.
Shuningdek, taklif etilayotgan nom:
- geografik ob’yektga eng xos bo‘lgan belgilarni aks ettirishi;
- joylashgan yerdagi geografik ob’yektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi;
- mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini hisobga olishi;
- universal va qisqa – ko‘pi bilan uchta so‘zdan iborat bo‘lishi kerak.
Qayd etilishicha, saytda aholining takliflari yig‘iladi. Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, tarixchilar, filologlar, o‘lkashunos, toponimist, blogerlar hamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan ekspertlardan iborat Ishchi guruh esa kelib tushgan takliflardan har bir bekat uchun 3 tadan nomni tanlab oladi va bu nomlar onlayn ovoz berishga qo‘yiladi.
Takliflar 2022-yilning 5-dekabrdan 11-dekabrgacha qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Transport vazirligida yangi metro bekatlarini nomlash bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani aytilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter