Toshkent metrosi TTZ dahasigacha yetkaziladi

Bugun, 19-may kuni davlat rahbariga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi.
Yig‘ilishda yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent metropolitenining yangi yo‘nalishlari qurilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan Toshkentda yerusti metrosi ham paydo bo‘ldi – Do‘stlik bekatidan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqasi barpo etildi. Bu yangi yo‘nalishlar poytaxtimizning Yunusobod, Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bog‘lab, aholining kundalik qatnoviga katta qulaylik yaratdi.
Endi metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda Prezident loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.
Hozirgi kunda shu tomondan poytaxt markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.
Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter