Toshkentdagi mahallada yuz bergan suv toshqini sababi aniqlandi
Kecha, 4 iyun kuni Sergeli tumani, «Jo‘nariq» mahallasidagi 9 ta xonadon va 3 ta ishlab chiqarish korxonasi hududiga suv toshishi kuzatildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat Toshkent shahar Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tomonidan zudlik bilan o‘rganilgan va bartaraf etishga kirishilgan. Tegishli xizmatlar tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida suv toshqini to‘liq bartaraf etilgan. Buning uchun Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 9 ta maxsus texnika, 7 ta suv tortish moslamasi, «Toshkent shahar suv ta’minoti» korxonasi 2 ta vodovoz hamda Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasidan 2 ta vodovoz jalb etilgan.
Aniqlanishicha, mazkur holat Toshkent viloyati Bo‘zsuv irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan Toshkent shahar Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarini ham ogohlantirmasdan Sergeli tumani, «Jo‘nariq» MFYdan oqib o‘tuvchi Jun kanalining hamda Chilonzor tumani, Seul ko‘chasidagi Bo‘rijar kanalining suv olish inshootlari noma’lum sabablarga ko‘ra yopilganligi hamda Salar kanaliga to‘liq suv ochilganligi oqibatida yuzaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha voqea joyiga FVV rahbariyati boshchiligida qutqaruvchilar yetib borib, hodisa oqibatlarini bartaraf etishayotgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter