Toshkentdagi yerusti metrosi ostida savdo do‘konlari quriladi
Toshkent shahridagi yerusti transport liniyalariga tutash hududlarda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun binolar yaratishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqildi.
Poytaxt hokimligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yerusti metro liniyalari ostidagi foydalanilmayotgan yerlarning umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Uning kamida 50 foizi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha daromad nuqtasiga aylanishi mumkin.
Bundan tashqari, ushbu binolarni sotib olish yoki ijarasi narxi turar-joy majmualarining birinchi qavatlaridagi noturarjoy obyektlariga nisbatan ancha arzon bo‘ladi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning o‘rtalarida sinov tariqasida 2-metro bekati yaqinida tijorat binolari ochilgan. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, uni 3 va 4-bekatlar oralig‘ida – aholi zich joylashgan hududlarda amalga oshirishga qaror qilingan.
Keyinchalik esa birinchi bosqichda «Rohat» aylanma yo‘ligacha, ikkinchi bosqichda «Rohat» aylanma yo‘lidan «Qo‘yliq» bozorigacha bo‘lgan obyektlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Hokimlik, ushbu ob’yektlar xaridi va ijarasi bilan qiziqqan tadbirkorlardan hokimlikning Investitsiya boshqarmasiga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter