Tekshiruvlarda jami 200 mingdan ortiq bolada ichak gelmintozi aniqlandi – Sanepidqo‘mita
Respublikada 2024-yilda qariyb 7 million bolalar tekshirilib, 200 mingdan ortiq ichak gelmintozi bilan kasallanganlar aniqlandi. Ular davo kurslari bilan qamrab olingan.
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, gelmintozlar bilan zararlanganlarning 90 foizini maktabgacha va maktab o‘quvchilari (1 dan 4 gacha bo‘lgan boshlang‘ich sinflar)tashkil etdi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar davlat va xalqaro tashkilotlar homiyligi asosida turlar bo‘yicha ichak gelmintlariga qarshi davolanadi.
Ma’lumot uchun, gelmintozlar - gijja qurtlari keltirib chiqaradigan parazitar kasalliklar guruhi bo‘lib, asosan muloqot, oziq-ovqat va suv orqali yuqadi. Inson organizmida yashab, uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazadi. Jumladan organizmning immun tizimini tushiradi, kamqonlikni keltirib chiqaradi, terida turli allergik toshmalar paydo bo‘ladi, markaziy asab tizimiga ta’sir qiladi, aqliy jihatdan orqada qolish kabi holatlar kuzatiladi.
Gijjalar yuqmasligi uchun bolalarga shaxsiy va jamoaviy gigiyena qoidalarini o‘rganish lozim:
- ovqatlanishdan oldin, hojatxonaga borgandan keyin, tashqaridan kelganda, hayvonlarni parvarishlash va tuproq bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirgandan keyin qo‘lni sovun bilan yuvish;
- faqat yaxshi yuvilgan ko‘katlar, meva va sabzavotlarni iste’mol qilish;
- faqat yaxshi pishirilgan va qovurilgan hayvon mahsulotlarni (go‘sht, baliq va ulardan tayyorlangan mahsulotlar) iste’mol qilish;
- xom suvni, ayniqsa ochiq suv havzalaridan ichmaslik;
- yaylovlar va hayvonlarni sug‘orish joylari yaqinida joylashgan ifloslangan chuchuk suv havzalarida cho‘milishdan bosh tortish;
- xonalarda yuvish va dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda namli tozalash ishlarini muntazam amalga oshirish;
- choyshab va ichki kiyimlar ozodaligiga rioya qilish, ularni issiq dazmol bilan dazmollash, o‘zingizning alohida to‘shagida uxlash, boshqa odamlarning shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanmaslik;
- suv jo‘mraklari, eshik tutqichlari, hojatxonalar, gorshoklarni dezinfeksiyalovchi eritma bilan tozalash yoki ustiga qaynoq suv quyish;
- uy hayvonlarini to‘g‘ri saqlash qoidalariga rioya qilish, parvarishlash, ularni gelmentlarga qarshi o‘z vaqtida davolash.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter