Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq hokim To‘ra Bobolovga o‘z vaqtida nega tegishli jazo berilmagan? – Adliya izoh berdi

Sobiq hokim To‘ra Bobolovga o‘z vaqtida nega tegishli jazo berilmagan? – Adliya izoh berdi

Adliya Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi To‘ra Bobolovga o‘z vaqtida nega tegishli jazo berilmaganiga izoh berdi.

Vazirlikka ko‘ra, bunga O‘zbekiston qonunchiligida hokimlarning bir vaqtning o‘zida qonun chiqaruvchi, mahalliy vakillik va ijro organlarida bir nechta lavozimlarni egallashi huquqi bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Ya’ni, ular hokimlik lavozimidan tashqari, Oliy Majlis Senati a’zosi, xalq deputatlari Kengashi deputati ham hisoblanadi.

«Mazkur holatlar hokimga daxlsizlik huquqidan foydalanish imkoniyatini beradi», – deyiladi Adliya izohida.

Ta’kidlanishicha, shuningdek «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, Senat a’zosi daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Senatning roziligisiz, Senat majlislari oralig‘idagi davrda esa, Senat Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi Qonunning 11-moddasiga asosan esa tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Vazirlikning ta’kidlashicha, hokimning 2 turdagi daxlsizliklar bilan himoyalanganligi va daxlsizlikni olib tashlash uchun bir qator murakkab jarayonlardan o‘tishning talab etilishi uning faoliyatida sodir etadigan huquqbuzarliklari uchun javobgarlikka tortilmasligiga olib kelmoqda.

«Misol uchun, – deb yozadi vazirlik, – OAVlarda Surxondaryo viloyat hokimi Angor tuman prokurori tomonidan olib borilayotgan tergov ishiga arashganlik hamda prokurorni haqorat qilganlik holati bo‘yicha hokimga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmadi. Amalda unga nisbatan faqat intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi bilan cheklanildi».

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati sobiq hokimi To‘ra Bobolovning Angor tumani prokurori bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti, deya aytilayotgan audiosuhbat tarqalgan va holat davlat rahbari ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishida ham eslab o‘tilib, Bobolovga «prokuror bilan gaplashishdan oldin maktab qurilishini joyiga qo‘yib qo‘yish kerak»ligi uqtirilgan edi. 

Joriy yil 26 dekabr kuni esa To‘ra Bobolov viloyat hokimi vazifasidan olib tashlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring