Samarqandda bankomatdan 720 million so‘mni o‘g‘irlagan bir guruh shaxslar ushlandi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘rnatilgan bankomat shoxobchasidan 720 million so‘m miqdordagi pullarni o‘g‘irlab ketgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yil 25-yanvar kuni E.T. «102» qisqa raqamga qo‘ng‘iroq qilib, Kattaqo‘rg‘on tumani «A.Navoiy» MFY «A.Navoiy» ko‘chasida o‘rnatilgan bankomat shoxobchasidan noma’lum shaxslar tomonidan bir dona bankomat qurilmasi ichida bo‘lgan 720.000.000 so‘m miqdordagi pullari bilan o‘g‘irlab ketilganligini bildirgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida Kattaqo‘rg‘on tuman «Tavaron» mahallasi hududidagi tashlandiq joydan o‘g‘irlangan bankomat apparati bo‘laklarga bo‘lingan holda topilgan.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni qidirib topish bo‘yicha olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur jinoyatni 1995-y.t. B.A., 1998-y.t. O.Z., 1994-y.t. B.N. va 1994-y.t. X.O.lar sodir etganligi aniqlangan.
Hozirda ushbu shaxslar qo‘lga olinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter