Qashqadaryodagi 18 ta tarixiy ob’yekt o‘zboshimchalik bilan ta’mirlangani aniqlandi
Qashqadaryoda 18 ta madaniy meros ob’yektida o‘zboshimchalik bilan ta’mirlash ishlari o‘tkazilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Bosh prokuratura tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi madaniy meros va turizm sohasidagi qonunchilik ijrosini o‘rganmoqda. O‘rganishlar davomida 18 ta madaniy meros ob’yektida noqonuniy qurilmalar qurilgan va o‘zboshimchalik bilan ta’mirlash ishlari o‘tkazilgani aniqlangan.
Masalan, Yakkabog‘ tumanidagi XII asrga oid Gumbaz masjidining ichki devorlari restavratsiya qoidalariga zid ravishda ta’mirlangan bo‘lsa, Kasbi tumanidagi XIV asrda bunyod qilingan Katlas masjidi devorlariga taqab devor qurilib, zarar yetkazilgan.
Shuningdek, madaniy meros ob’yektlarining 382 tasi yoki 26 foizida muhofaza belgilari o‘rnatilmagan. Yakkabog‘ tumanidagi XII-XIV asrlarga oid Yodgor Vallamin madrasasi yoki Kasbi tumanidagi XIV asrda qurilgan Katta Sardoba yodgorliklari shular jumlasidan.
Viloyatdagi 35 ta tarixiy ob’yekt ta’mir talab, avariya holatiga kelib qolganligi, 10 ta madaniy meros ob’yektidan noqonuniy foydalanib kelinganligi, 5 ta madaniy meros ob’yektiga noqonuniy ravishda reklama bannerlari o‘rnatilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, turistlar tashrif buyuradigan 58 ta madaniy meros ob’yektida yong‘in xavfsizligi, 49 tasida sanitariya qoidalari talablari buzilgani aniqlangan.
Qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida 1 468 ta tarixiy ob’yekt joylashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter