Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oktyabr oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

Oktyabr oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

Kuzning birinchi oyi - sentyabr ham nihoyalab bormoqda. Ko‘pincha kuzatilganidek, ushbu yilning sentyabri juda qulay harorat foni bilan quruq bo‘ldi.

Bu yilning oktyabr oyi ham shunday quruq va biroz iliq ob-havo bilan boshlanadi, deyiladi "O‘zgidromet" xabarida.

Qayd etilishicha, oyning birinchi haftasida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab havo harorati 11-16 daraja atrofida bo‘lgan salqinlik his etiladi. Kunduz kunlari quyosh nurlari havoni 23-28 darajagacha, janubda ba’zi joylarda 30 darajagacha isitadi.

Keyinchalik oyning oxirigacha respublika hududi bo‘yicha harorat kechalari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqgacha, kunduz kunlari 23-28 dan 13-18 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining shimolida oyning ikkinchi yarmida kechasi va ertalab havoda kuzgi sovuq va tuproqda 0-3 daraja sovuqgacha kuzatilishi mumkin. Bunday harorat oktyabr oyining iqlimiy me’yoriga yaqindir.

Oktyabr oyida yomg‘irlar birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘n kunlikning oxirlarida kutilmoqda.
Iqlimiy me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik oktyabr oyida 4 kundan 8 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha kuzatiladi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, ammo havoda keskin sovuq kuzatilganda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi istisno qilinmaydi.

Tungi havo haroratining o‘rtacha ko‘p yillik qiymati 6-11 daraja iliqni tashkil etadi, lekin ko‘pincha oktyabrda, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi.

So‘nggi 30 yil ichida O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha 2015-yilning oktyabr oyi eng yomg‘ir ko‘p yog‘gan yil bo‘ldi. Ushbu yilda Toshkentda oktyabr oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yoridan 3,5 marta ko‘p bo‘ldi, bunda ikki kunda 45 mm yog‘ingarchilik bo‘ldi, bu oktyabr oyining oylik me’yoridan 2 marta ko‘pdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring