Komil Allamjonov noshirlik kollejiga kitob sovg‘a qildi
Butun O‘zbekiston bo‘ylab #kitobulash hesh-tegi bilan kitob sovg‘a qilish aksiyasi boshlandi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilning 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga alohida to‘xtalib, “Har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta’lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deb ta’kidladi.
Prezidentimizning ushbu tashabbusi davlat organlari, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Agentlik rahbar-xodimlari, kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda ta’lim maskani kutubxonasi 300 dan ortiq kitobga boyidi.
“Davlatimiz rahbari tomonidan o‘rtaga tashlangan bu tashabbus bevosita kelajak avlod taqdiri bilan bog‘liq, – dedi Komil Allamjonov. – Inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, ma’naviyati shuncha yuksaladi, dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Agar kitoblarimiz sifatli, mazmunli chiqishini xohlasak, bo‘lajak noshirlarga ko‘proq kitob sovg‘a qilishimiz, ularni kitobga do‘st qilishimiz kerak”.
Shundan so‘ng Komil Allamjonov Agentlikning Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji bilan tanishdi.
Aytish kerakki, ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 fevraldagi Farmoniga muvofiq Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan.
Hozir mamlakatimizda 1700 dan ziyod matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Kollej mazkur korxonalarga o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlarni tayyorlab beradi. Ta’lim maskanida 800 dan ortiq yigit-qiz “Matbaa ishlab chiqarish texnik-texnologi”, “Dasturiy injiniring texnigi”, “Axborot-resurs markazi kutubxonachisi”, “Hisobchi” kabi 6 yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olmoqda.
“Ixtisosliklar va o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish zamon talabi, deb hisoblayman, – dedi Agentlik rahbari. – Chunki bizga matbaa sohasida innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan zamonaviy mutaxassislar kerak”.
O‘quvchilarga har tomonlama sharoit yaratish maqsadida kollej binosi, sinfxonalar, majlislar zali, tashqi sport majmuasi to‘liq ta’mirdan chiqariladi. Kollej hovlisida foydalanilmay yotgan omborxona buzilib, o‘rnida ikki qavatli trenajyor zali quriladi. Natijada nafaqat o‘quvchilar, balki yon-atrofdagi mahalla yoshlari ham shug‘ullanishi uchun imkon yaratiladi.
Qayd etilganidek, matbaa sohasidagi texnologiyalar yildan-yilga yangilanmoqda. Lekin kollejda mavjud aksariyat o‘quv qo‘llanmalar ma’nan eskirgan. Javonlarda o‘tgan asr texnikalari haqidagi kitoblar ham yo‘q emas. Shu bois ta’lim resurslarini yangilash, yangi avlod darsliklarini yaratish ustida ish boshlash lozimligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter