Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Issiqlik energiyasi yetkazib beruvchi qozonxonalar uchun gaz narxlari pasaytirildi

Issiqlik energiyasi yetkazib beruvchi qozonxonalar uchun gaz narxlari pasaytirildi

2024-yil 16-apreldagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumatning 204-son qaroriga muvofiq, joriy yilning 1-may kunidan tabiiy gaz uchun bazaviy me’yor va tariflar belgilangan edi.

Shuningdek, 2024-yil 31-maydagi Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga asosan, maishiy iste’molchini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga hamda aholi ehtiyojlari uchun lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar va hisob-kitoblar kommunal-maishiy iste’molchilar uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan. 

Mazkur talab asosida aholi ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasi yetkazib berishda lokal qozonxonalar tabiiyki, me’yordan ortiq tabiiy gaz iste’mol qilingan bo‘lib, to‘lovlar va hisob-kitoblar 4 barobargacha qimmat tariflarda hisoblanib kelingan. Buning oqibatida aholi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasidan foydalanishda qimmat narxlarda to‘lash lozim bo‘lgan.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda takliflar ishlab chiqilib, Hukumatga kiritilgan va ushbu takliflarni inobatga olib Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga tegishli o‘zgartirish kiritildi.

Natijada maishiy iste’molchilarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondidagi, yuridik shaxslar yotoqxonalaridagi, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlaridagi lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar va hisob-kitoblar maishiy iste’molchilar uchun bazaviy me’yor bo‘yicha belgilangan tarif asosida (ya’ni amalda 650 so‘m) amalga oshirilishi qayd etildi.

«Endilikda, bu aholi ehtiyojlari uchun yuqoridagi sub’yektlardagi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi yetkazib berish xizmatlari tariflari mutanosib ravishda kamayishiga xizmat qiladi», – deyiladi Qo‘mita xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring