Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ishingni epla, Mironov» – «Yuksalish» raisi rus siyosatchisini tanqid qildi

«Ishingni epla, Mironov» – «Yuksalish» raisi rus siyosatchisini tanqid qildi

31 may kuni «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov Dumadagi chiqishida Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan turib qatnashmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolarining o‘z davlatlarida jinoiy javobgarlikka tortilishini «absurd» deb atadi.

U, jumladan, Twitter sahifasida shunday yozadi:

«Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Agar ushbu mamlakatlar fuqaroligiga ega bo‘lgan rus millatiga mansub kishi o‘z tarixiy vataniga (Rossiyaga demoqchi, -tahr.) yordam berishga va «Ukrainaga qarshi maxsus operatsiya» (urushga demoqchi, tahr.)ga borishga qaror qilsa, u qamoqqa yuboriladi. Bu bema’nilik! Biz bu masalani davlatlararo darajada hal qilishni taklif qilamiz!» 

O‘z navbatida, uning bu chiqishiga «Yuksalish» UMH raisi Bobur Bekmurodov javob qaytarib unga o‘z «ishlari» bilan shug‘ullanishni maslahat berdi.

«Bizningcha, Mironov bu masalaga salbiy munosabat bildirgandan ko‘ra, o‘z qonunchiligi bilan ishlagani ma’qul», – deydi Bekmurodov.

U, shuningdek, yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik Rossiya qonunchiligida ham borligini, O‘zbekistonning tashqi siyosati esa boshqalar bilan birga kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik prinsipiga asoslanishini eslatadi.  

«O‘zbekiston suveren mamlakat va biz geosiyosiy va ayniqsa boshqa davlatlardagi harbiy vaziyatga qarab qonunchiligimizni moslashtiradigan, boshqalar uchun qulay qonunlar qabul qiladigan davlat emasmiz.

O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi», – deydi Bobur Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring