Elektr energiyasi islohotida gaz yetib bormagan joylar inobatga olinishi kerak – «Yuksalish» UMH raisi
«Yuksalish» UMH raisi Bobur Bekmurodov joriy yilning 16-aprelida qabul qilingan yoqilg‘i-energetika sohasida islohotlarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori borasida o‘z munosabatini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, tizimda islohotlar bilan birga, mas’ul vazirlik va idoralar ayrim istisnolarni inobatga olishi kerak.
«Albatta, O‘zbekistonning energetika tarmog‘i tub islohotlarga muhtoj, shu munosabat bilan tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarur.
Islohotlar bilan birga, biz mas’ul vazirlik va idoralarni ayrim holatlarni inobatga olishga chaqiramiz», – deydi «Yuksalish» UMH raisi.
U, jumladan, qaror ijrosi doirasida markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yo‘q hududlardagi sharoitlarni hamda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanligini hisobga olish zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, energetika vazirligi yuqori kuchlanish bo‘lganda maishiy texnikalariga zarar yetgan iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarurligi hamda Hukumat davlat budjetidan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerakligini tavsiya qilgan.
«Xorijiy tajribani o‘rganish ham muhim. Masalan, differensiyalangan tariflar qo‘llaniladigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi», – deb yozadi Bobur Bekmurodov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter