Intizomiy jazosi bor xodimga bayram uchun mukofot berilmaydimi?
Bayram kunlari yaqinlashgani sayin davlat va nodavlat tashkilotlarida xodimlarning mehnat huquqiga doir, jumladan, mukofot pullari haqida savollari ko‘payadi.
Quyida intizomiy jazo qo‘llangan xodimlarga mukofot pullari hisoblanadimi mazmunidagi savolga Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Karimjonov Muhammadamin javob beradi.
Savol: Mehnat kodeksining 299-moddasida intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.
Agar mukofot mehnatga haq to‘lash tizimiga kirsachi, intizomiy jazosi bor xodimga bayram mukofotini bersak bo‘ladimi? Shunga ikkilanib qoldik, iltimos, Mehnat kodeksining 299-moddasi 5-qismini tushuntirib bersangiz.
Mehnat kodeksining 249-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tizimi xodimlar ish haqi miqdorining mehnatning miqdori va sifatiga, ularning shaxsiy va jamoaviy natijalariga bog‘liqligini belgilash usulidir.
Bundan tashqari, MK 252-moddasi 2-qismiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofot xodimni oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishishga undash maqsadida ish haqining tarkibiga kiritilgan hamda xodimga asosiy maoshidan (tarif stavkasidan) tashqari to‘lanadigan pul mukofotidir.
Shuningdek, MK 252-moddasi 3-qismiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirig‘ini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofotidir.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, bayram sanalari bilan beriladigan mukofotlar mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydi va mehnat natijalariga asoslanmaydi. Shuning uchun ham, intizomiy jazo amal qilayotgan xodimga bayram mukofoti berilmaydi.
Agar xodimga bayram mukofoti bermoqchi bo‘lsangiz, u holda intizomiy jazoni olib tashlang. MK 315-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ish beruvchi intizomiy jazoni istalgan vaqtda olib tashlashga haqli. Intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter