Endi shaxsni sharmanda qiladigan uydirma tarqatganlar besh yilgacha qamaladi
Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.
«Insonning shaxsiy hayoti daxlsizligi bu — konstitutsiyaviy kafolat. Hech kim, hech qanaqasiga uni buzishga haqli emas. Bugun Senatda ma’qullangan qonun normalari bu turdagi huquqbuzarliklarning oldini olishga va ularga qarshi samarali ta’sir choralari qo‘llanilishiga qaratilgan», — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.
Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Bunda Jinoyat kodeksining 165-moddasi birinchi qismiga «mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud» degan so‘zlardan keyin «jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, olib qo‘yish yoki to‘sib qo‘yish yoxud uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib» degan so‘zlar bilan to‘ldirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter