DXX qariyb 14 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
O‘zbekistonning bir qator hududlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
Birinchi holat Andijon shahrida qayd etilgan. Oltiariq tumanida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro qirg‘izistonlik narkokurerlardan 9 kg 57 g «gashish» moddasini olib, Farg‘ona shahrida sotishni rejalashtirgan vaqt qo‘lga olingan.
DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Ko‘kdala tumanidagi «Umakay» YPX maskanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro boshqaruvidagi «Cobalt» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilgan.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 2 kg «opiy» va 550 gr. «gashish» moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu ajal og‘usini Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtida Denov tumanida yashovchi, 1994 y.t. shaxs ham ushlangan.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1974 y.t. fuqaroga tegishli dala hovli xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv natijada, Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 1 kg 390 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqaro 12 ming AQSh dollariga sotib olingan narkotikni qayta sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.
DXX Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1986 y.t. mahalliy fuqaro 974 gr. «gashish» moddasini 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ajal og‘usini hamshahari, 1989 y.t. fuqarodan olganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olingan.
Ta’kidlash lozimki, ushbu narkotik modda Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov bo‘limlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter