Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doktor Mohammad Monirul Islom: mamlakatimizda «Bangladesh-2041» dasturi amalga oshirilmoqda

Doktor Mohammad Monirul Islom: mamlakatimizda «Bangladesh-2041» dasturi amalga oshirilmoqda

Bangladeshning O‘zbekistondagi elchixonasida Bangladesh Mustaqilligi va Milliy kunini nishonlanishi munosabati bilan «Bangladesh xalqaro platformada» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda akademik professorlar, biznes soha vakillari, madaniyat va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir oldidan Bangladeshning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Doktor Mohammad Monirul Islom mehmonlar bilan birgalikda Bangladesh xalq otasi Bangabandhu Shayx Mujibur Rahmon portreti poyiga gulchambar qo‘ydi. Bangladesh Prezidenti, Bosh vazir va Tashqi ishlar vaziri tomonidan e’lon qilingan maxsus maktublar o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng tadbir uchun maxsus tayyorlangan hujjatli film namoyish etildi.

Bangladesh elchisi mamlakatning mustaqillikka erishish tarixi, bunda Bangladesh millat otasi Bangabandhu Shayx Mujibur Rahmonning o‘rni va 1971-yilda mustaqillik uchun jonini fido qilgan jasur ozodlik kurashchilari xususida so‘zlab berdi. Tarixning og‘ir damlarida Bangladesh tutgan yo‘lni qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlarga o‘zining chuqur minnatdorligini bildirdi.

Bangladesh elchisi Doktor Islom Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina boshchiligida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga alohida to‘xtaldi. Bangladeshning muvaffaqiyati va yutuqlari, ayniqsa, qashshoqlikni kamaytirish, tabiiy ofatlarning kelib chiqish sabablarini hal etish, iqlim o‘zgarishi, shuningdek, butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash kabi sohalarda xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda. Elchi shuningdek, «Bangladesh-2041» rivojlanish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.  

– Bangladesh va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtalar alohida ahamiyatga ega, – dedi elchi Doktor Islom. – O‘zbekistonni ishonchli do‘st va hamkor sifatida «Bangladesh-2041» taraqqiyot rejasiga qo‘shilishga taklif qilamiz. O‘zbekiston biznes vakillarini mamlakatimizdagi biznes va sarmoyaviy imkoniyatlarni o‘rganishga va hamkorlikdagi salohiyatni ro‘yobga chiqarishga chorlayman.    

Davra suhbati ishtirokchilari Bangladesh xalqining Mustaqillik va Milliy kuni shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sohada erishgan yutuqlari bilan tabriklashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring