«Dasturxoni bilan dunyoni zabt etayotgan o‘zbegim» – Batumida oshxona ochgan poplik yigitlar
«Halol mahsulotlar topguncha ancha qiynaldik. Oxir-oqibat yetkazib beruvchilarga qat’iy talablar qo‘yib, maqsadimizga erishdik. Shukr, hozir mijozlarimizning oxiri ko‘rinmaydi. Nafaqat O‘zbekistondan kelgan o‘zimiznikilar, balki boshqa millat vakillari ham ko‘p kirishadi» – deydi Dostonbek.
Gruziyaning ikkinchi yirik shahrida avji turizm mavsumi. Odam gavjum, o‘zbekistonlik ham juda ko‘p. Aksariyat yurtdoshlarimizni bir masala – qayerda taomlanish, yeguliklarning pokizaligi, mazasi va narxi o‘ylantiradi. Do‘stlarimiz bilan kezib yurganimizda «Chayxana» degan yozuvga ko‘zimiz tushib, xazina topib olgandek bo‘ldik.
Darrov kirdik. Boshiga marg‘ilon do‘ppi, yelkasiga durra tashlab olgan yigit «Assalomu alaykum, kelinglar akalar» deya tavoze bilan kutib oldi.
– Ismim Tal’atbek. O‘zimiz poplikmiz. Ikki yildan beri Batumida o‘zbek milliy taomlari oshxonasini yurityapmiz. Dastlab qo‘rqqandik, o‘zbek taomlarini qanday qabul qilishlarini bilmasdik. Ko‘z tegmasin, xo‘randalarni tez jalb qila oldik.
– Asosan qanday taomlarni so‘rashadi?
– Hammasini. E’tibor bergan bo‘lsangiz maskanimiz peshtoqiga «o‘zbek va gruzin taomlari» deb yozib qo‘yilgan. Biz turli millat vakillariga xizmat qilamiz. O‘zbek oshini, somsalarini, sho‘rva va lag‘monlarni ko‘p taqdim qilamiz. Gruzin xinkalisini (mantiga o‘xshash taom) gruzinlarning o‘zidan ham ko‘ra yaxshiroq tayyorlayapmiz shekilli, keyingi paytlar so‘raganlar ko‘payib ketdi. Chunki biz go‘sht halolligi va saqlanishiga jiddiy e’tibor beramiz, o‘ziga xos ziravorlar qo‘shamiz.
Suhbatimizga Tal’atbekning akasi Dostonbek qo‘shildi.
– O‘zi bu yerga onamni aylantirish uchun kelgandik. Ketar chog‘imiz onamning toblari qochib, ma’lum muddat qolishga to‘g‘ri keldi. O‘sha kunlari zerikish ortidan oshxona ochish fikri tug‘ildi. Dastlab boshqa joyda ishlaganmiz. Keyin gavjumroq deya dengiz bo‘yiga ko‘chdik. Hozir ishlarimiz yaxshi.
– Mahsulotlarni qayerdan olasizlar, O‘zbekistondan keladiganlari ham bormi?
– Qanday mahsulotligiga qarab. Ayrim narsalar borki, Gruziyaniki ham juda sifatli va mazali. Guruchni asosan O‘zbekistondan olamiz. Portlarga kelgan yurtimiz yuk mashinalari keltirib berishadi. Zira, murch kabi mahsulotlarni tanishlar olib kelishadi.
Alohida mavzu – go‘sht masalasi. Dastlab halol va sifatli mol go‘shti topishga qiynalganmiz. Yetkazib beruvchilar e’tiborsizlik qilsak cho‘chqa go‘shti aralashtirib olib kelishga harakat qilishar, nega rad qilishimizni tushunishmasdi. Oxiri mol so‘yilishidan tortib olib kelinishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘rganib, ishonchli qo‘llardan oladigan bo‘ldik. Bu yerlarda qo‘y go‘shti yeyilmaydi.
– Gruziyada biznes yuritish qiyin emasmi?
– Juda oson. Tekshirishlar mutlaqo yo‘q. Barcha hujjat ishlari, soliqlar, hisobotlar va to‘lovlar onlayn amalga oshiriladi. Davlat tashkilotlari kirishsa ham jazolovchi sifatida emas, biznesga yordam beruvchi sifatida o‘z tavsiyalarini berishadi. Bu yerda ish o‘rni yaratish juda katta jasorat. Chunki turizmi rivojlangani bilan Gruziyada ishlab chiqarish korxonalari, sanoat deyarli yo‘q, tadbirkorlik bizchalik rivojlanmagan.
O‘zbekistonda ham hozir biznes yuritish oson bo‘lib qoldi. Oldin juda murakkab bo‘lgan.
– Nimadan qiynalasiz?
– Sog‘inchdan. Dengiz, tabiat, go‘zallik qishlog‘ingning tuproq ko‘chalari zavqini bermaydi. Yana issiq va namlikdan. Ukam Tal’atbekka e’tibor berdingizmi, doim durra bilan peshonasini artib, yelpinib yuradi. Mijozlarga yugurib xizmat qilish, issiq oshxonadan taomlar tashish qiyinda...
Dostonbek va Tal’atbeklarning vaqtini ko‘p olmadik. Chunki mijozlar chindan ham navbat hosil qilgandi. Hisob-kitob chog‘ida Dostonbek “Akalar, sizlar o‘zimizniki ekansizlar, qog‘ozdagi narxga qaramanglar. Berganingizcha beraveringlar, bermasangiz ham mayli”, dedi. O‘zimiznikilar o‘sha yurtlarda o‘rnini topib, shuncha odamning hojatini chiqarayotganidan xursand bo‘lib chiqdik.
Abror Zohidov, Gruziya, Batumi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter