Daniya qirolichasi Margrete II taxtdan voz kechishini e’lon qildi
Daniya qirolichasi Margrete II yangi yil tabriknomasida 2024-yil 14-yanvarda taxtdan voz kechishini ma’lum qildi. 83 yoshli qirolicha taxtni o‘z o‘g‘li valiahd shahzoda Frederikga o‘tkazadi.
«Men hozir buning ayni vaqti degan qarorga keldim. 2024-yilning 14-yanvarida, otamning o‘rnini egallaganimdan 52 yil o‘tib, Daniya qirolichasi lavozimini tark etaman», – dedi qirolicha Margrete II.
Qirolicha avvalroq o‘limigacha bu lavozimda qolishini aytgan edi.
Mamlakatning TV2 televideniyesi qirolichaning taxtdan voz kechishini «Daniya qirollik oilasi amal qilib kelgan uzoq yillik an’ananing buzilishi» deb atadi.
Qirolicha Margrete II 1972-yil 14-yanvarda otasi qirol Frederik IX vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgan edi. Toj kiyish paytida u 31 yoshda edi. Margrete II ayni paytda hayot bo‘lgan yevropalik monarxlar ichida eng uzoq – 50 yildan ortiq hukmronlik qilgan qirolicha hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter